Sayt test rejimida ishlamoqda

Chorshanbiev Nurali Esonpo‘latovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G. barbadense L. turi mahalliy g‘o‘za navlarining F1-F2 o‘simliklarida morfo-xo‘jalik belgilarining irsiylanishi va o‘zgaruvchanligi», 03.00.09–Umumiy genetika (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/B37.

Ilmiy rahbar: Nabiev Saydig‘ani Muxtorovich, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.53.01.

Rasmiy opponentlar: Ibragimov Paridun Shukurovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori; Ernazarova Ziroatxan Abdazamovna, biologiya fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: G.barbadense L. turiga mansub mahalliy g‘o‘za navlarining F1-F2 duragaylarida morfo-xo‘jalik belgilarining irsiylanish va o‘zgaruvchanlik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

G.barbadense L. turiga mansub mahalliy g‘o‘za navlarining birinchi avlod duragaylarida bitta ko‘sakdagi paxta og‘irligi, o‘simlikdagi ko‘saklar soni, xo‘jalik mahsuldorligi va umumiy mahsuldorlik kabi qimmatli-xo‘jalik belgilarining irsiylanishi asosan ijobiy o‘ta ustunlik holatida kechishi aniqlangan;

g‘o‘za navlarining F1 kombinatsiyalarida o‘simlik bo‘yi, bosh poyadagi bo‘g‘imlar soni, o‘suv davri va 1000 dona chigit og‘irligi kabi morfo-xo‘jalik belgilari asosan past ko‘rsatkichli navning to‘liqsiz ustunligi hamda salbiy o‘ta ustunlik holatlarida irsiylanishi aniqlangan;

ota-ona navlarining resiprok F1 kombinatsiyalarida morfo-xo‘jalik belgilarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha statistik farqlanish mavjudligi asosida bu belgilarning genetik nazoratida yadroviy genlar bilan bir qatorda sitoplazmatik genlar ham ishtirok etishi ochib berilgan;

o‘simlik bo‘yi, o‘suv davri, tola chiqimi va 1000 dona chigit og‘irligi kabi belgilarning irsiy nazoratida genlarning additiv samarasi, bosh poyadagi bo‘g‘imlar soni, o‘simlikdagi ko‘saklar soni, xo‘jalik mahsuldorligi, umumiy mahsuldorlik va tola uzunligi bo‘yicha esa genlarning noadditiv samarasi kuchliroq ekanligi aniqlangan;

g‘o‘za navlarining F2 avlodlarida xo‘jalik belgilari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega qimmatli rekombinantlarning ajralib chiqish darajasi chatishtirishda qatnashayotgan ota-ona navlarga va ularning kombinatsion qobiliyatiga bog‘liqligi ochib berilgan;

duragaylarning F2 kombinatsiyalarida qimmatli-xo‘jalik belgilarining nasldan-naslga berilish koeffisienti (h2) ota-ona shakllariga bog‘liq ravishda turli darajada bo‘lishi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

G.barbadense L. turi mahalliy g‘o‘za navlarining F1-F2 o‘simliklarida morfo-xo‘jalik belgilarining irsiylanishi va o‘zgaruvchanlik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:

G.barbadense L. turi mahalliy g‘o‘za navlarining F1-F2 o‘simliklarida morfo-xo‘jalik belgilarining irsiylanishi va o‘zgaruvchanlik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ma’lumotlardan 31800290 raqamli «Xitoy kolleksiyasidagi G.barbadense L. turiga mansub g‘o‘za namunalarini qimmatli-xo‘jalik belgilarini o‘rganish asosida boshlang‘ich ashyo ajratish» mavzusida bajarilgan ilmiy loyihada g‘o‘za namunalarining morfo-xo‘jalik belgilarini baholashda foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasining 2018 yil 2 martdagi ma’lumotnomasi). Natijada qimmatli-xo‘jalik belgilarining yuqori ko‘rsatkichlariga ega namunalarni ajratib olish imkonini bergan;

G.barbadense L. turiga mansub mahalliy g‘o‘za navlarining F1-F2 duragaylarida morfo-xo‘jalik belgilarining irsiylanish va o‘zgaruvchanlik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar FA-A8-T026 raqamli «Dunyo g‘o‘za genofondi tetraploid turlari navlarining xilma-xilligini o‘rganish, xo‘jalik va biologik xususiyatlariga hamda seleksiyaviy potensialiga baho berish» mavzusidagi amaliy loyihada tetraploid G.barbadense L. turiga mansub g‘o‘za navlarining morfobiologik va qimmatli-xo‘jalik belgilarini baholashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 12 martdagi 2/1255-627-son ma’lumotnomasi). Natijada navlarning qimmatli-xo‘jalik belgilari bo‘yicha kombinatsion qobiliyatini aniqlash va genetika-seleksiya ishlari uchun tezpishar, yuqori hosilli donorlar ajratib olish imkonini bergan;

yaratilgan tezpishar va hosildor ingichka tolali «Marvarid» g‘o‘za navi hamda qimmatli rekombinant shakllari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika instituti «G‘o‘za genofondi» noyob ob’ekti kolleksiyasiga taqdim etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 12 martdagi 2/1255-627-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur nav va rekombinant shakllar ingichka tolali g‘o‘za kolleksiyasi fondini yanada boyitish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish