Fedorko Viktor Nikolaevichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda tabiatdan foydalanishining hududiy tarkibini takomillashtirishning iqtisodiy-geografik asoslari», 11.00.02–Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (geografiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/G22.

Ilmiy rahbar: Drujinin Aleksandr Georgievich, geografiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.G.01.06.

Rasmiy opponentlar: Qayumov Abduxakim Abduxamidovich, geografiya fanlari doktori, professor; Nizamiev Abdurashit Gumarovich, geografiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda tabiatdan foydalanishning hududiy tarkibini takomillashtirish bo‘yicha iqtisodiy geografik yondashuvlar va ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

tabiatdan foydalanish geografiyasiga oid “geografik muhit”, “texnogen muhit”, “atrof-muhit”, “madaniy landshaft”, “hududiy tabiiy-xo‘jalik tizim” singari ilmiy terminlarning mazmuni aniqlashtirilgan va shu asosda atrof-muhit va hududiy tabiiy-xo‘jalik tizimining strukturaviy modellari takomillashtirilgan;

tabiatdan foydalanishning hududiy strukturasining ko‘p o‘lchovli geografik mohiyati va uni tadqiq etishdagi ilmiy yondashuvlarning ko‘p variantliligi (tabiiy-xo‘jalik rayonlashtirish, landshaft, ma’muriy-hududiy, tarmoq, geokompleks, havzali, funksional zonallashtirish) asoslangan;

ilk bor O‘zbekistonni tabiiy-xo‘jalik rayonlashtirishning prinsiplari (6 ta umumiy va 10ta xususiy), taksonomik birliklar tizimi (provinsiya-okrug-rayonlar guruhi-rayon-kichik rayon) va ko‘p pog‘onali sxemasi ishlab chiqilgan;

arid mintaqalardagi hududiy tabiiy-xo‘jalik tizimlarining alohida morfogenetik ko‘rinishi sifatida daryolarning quyilish vohalari ajratilishi asoslangan;

tabiatdan foydalanishning ixtisoslashuvi va hududiy tarkibiga ko‘ra O‘zbekiston qishloq tumanlarining tipologiyasi ishlab chiqilgan hamda qishloq tumanlarining aniqlangan 14 ta tipi uchun ularning tabiiy-resurs salohiyati va ekologik vaziyatini hisobga olgan holda tabiatdan foydalanishning tarmoq va hududiy tashkil etilishini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar taklif qilingan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekistonda tabiatdan foydalanishning hududiy tarkibini kompleks tahlil qilish hamda uni takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflar asosida:

tabiatdan foydalanish geografiyasiga oid ilmiy tushuncha va terminlarning aniqlashtirilgan mazmuni umumiy o‘rta hamda o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limining “Tabiiyot va geografiya (Amaliy geografiya)” fani bo‘yicha Davlat ta’lim standartini ishlab chiqishda hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Geografiya (Amaliy geografiya)” o‘rta ta’lim muassasalarining 10-sinfi va o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari uchun darslikda (Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2017) foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligi Respublika ta’lim markazining 2017 yil 14 noyabrdagi 01/1-02/6-1605-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijadan foydalanish o‘quvchilarda tabiatni muhofaza qilish va ekologik madaniyat kompetensiyasini takomillashtirishga xizmat qilgan;

O‘zbekistonni tabiiy-xo‘jalik rayonlashtirish prinsiplari, taksonomik birliklari tizimi va ko‘p pog‘onali sxemasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan respublikada atrof-muhitning geoekologik monitoringini amalga oshirish jarayonida foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2017 yil 18 dekabrdagi  TX-01/01-2-2245-son ma’lumotnomasi). Taklif qilingan tabiiy-xo‘jalik rayonlashtirish sxemasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining turli tabiatdan foydalanish zonalarida atrof-muhit geoekologik holatining hududiy tahlilini detallashtirishga imkoniyat bergan;

tabiatdan foydalanish geografiyasining aniqlashtirilgan terminologik apparati, atrof-muhit va hududiy tabiiy-xo‘jalik tizimining yangi tarkibiy modellari, “quyilish vohalari” tushunchasi ilmiy muomalaga kiritilganligi va asoslanganligi Rossiya Fanlar akademiyasi Tinch okean geografiya instituti tomonidan e’tirof etilgan (Rossiya Fanlar akademiyasi Tinch okean geografiya institutining 2017 yil 13 sentyabrdagi 16164-492-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar tabiatdan foydalanishni iqtisodiy geografik tadqiq qilishning turli tabiiy-xo‘jalik sharoitga, ayniqsa arid iqlimli mintaqalarga mos nazariy-metodologik asoslarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;

Respublika qishloq tumanlarida tabiatdan foydalanishni optimallashtirish choralari bo‘yicha taklif qilingan ilmiy-amaliy tavsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi amaliyotiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2017 yil 18 dekabrdagi TX-01/01-2-2245-son ma’lumotnomasi). Natijada aholi yashashining landshaft-ekologik va ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilashga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish