Boboqulova Oygul Soatovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Karaumbet va Barsakel`mas ko‘llari xomashyolarini qayta ishlab, magniy oksid, gidroksid va natriy sul`fat olish texno­logiyasini ishlab chiqish», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/T167.

Ilmiy rahbar: Mirzakulov Xoltura Chorievich, texnika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.

Rasmiy opponentlar: Seytnazarov Atanazar Reypnazarovich, texnika fanlari doktori; Kaipbergenov Atabek Tulepberganovich, texnika fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Karaumbet va Borsakelmas ko‘llari rapalari va Karaumbet quruq aralash tuzlarini magniy oksid va gidroksidga, Tumruk koni mirabilitini oliy navli natriy sul`fatga, soda ishlab chiqarish chiqindisi – distiller suyuqligini utilizatsiya qilib, kompleks qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bora bir paytning o‘zida soda ishlab chiqarish chiqindisi – distiller suyuqligini utilizatsiyalash yo‘li bilan Karaumbet ko‘li quruq aralash tuzlarini magniy oksid va gidroksid hamda natriy sul`fatga kompleks qayta ishlash usuli ishlab chiqilgan;

Karaumbet va Borsakelmas ko‘llari rapalari, Karaumbet quruq aralash tuzlarini magniy oksid va gidroksidga, Tumruk koni mirabilitini natriy sul`fatga, nomakob olish bilan kalsinatsiyalangan soda sanoatiga yaroqli distiller suyuqligini tozalashning kompleks qayta ishlash usullari yaratilgan;

Karaumbet quruq aralash tuzlaridan toza eritmalar olish, tozalangan rapa va quruq aralash tuz eritmalaridan natriy va kal`siy gidroksiddan foydalanib magniy gidroksid va oksid olishning optimal texnologik parametrlari aniqlangan;

tayyor mahsulot natriy sul`fatni Tumruk koni mirabilitidan yuqori unumda olinishi aniqlangan;

Karaumbet va Borsakelmas ko‘llari rapalari va Karaumbet quruq aralash tuzlaridan magniy oksid va gidroksid, Tumruk koni mirabiliti va ajratilgan quruq aralash tuzlarini yuqori tozalikdagi natriy sul`fatga qayta ishlash, natriy xlorid eritmasi olish bilan distiller suyuqligini tozalashning texnologiyalari ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Karaumbet va Borsakelmas ko‘llari rapalarini va Karaumbet quruq aralash tuzlarni magniy oksid va gidroksid hamda Tumruk koni mirabilitini yuqori kvalifikatsiyadagi natriy sul`fatga kompleks qayta ishlash texnologiyasini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

tarkibida natriy va magniyning xlorid va sul`fatlari bo‘lgan tabiiy nomakobni qayta ishlash usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№ IAP 04526). Natijada rapalar hamda quruq aralash tuzlar sul`fat-xloridli eritmalaridan natriy va kal`siy gidroksidlari bilan cho‘ktirish orqali magniy gidroksid olish imkonini bergan;

Karaumbet va Borsakelmas ko‘llalari tozalangan rapalari, quruq aralash tuzlardan magniy oksid va gidroksid olish texnologiyasi «Fargʻonaazot» AJda amaliyotga joriy etilgan (“O‘zkimyosanoat” aksionerlik jamiyatining 2018 yil 6 apreldagi 03-351/A-son ma’lumotnomasi). Natijada sul`fat-xlorid eritmasidan magniy gidroksidning hosil bo‘lish darajasi natriy gidroksid ishtirokida 98,2% dan kam bo‘lmagan hamda kal`siy gidroksid ishtirokida 95% dan kam bo‘lmagan magniy gidroksid hosil bo‘lish imkonini bergan;

Tumruk koni tabiiy mirabilitidan va quruq aralash tuzlardan ajratib olingan mirabilitdan yuqori unum bilan chiqadigan mahsulot oliy navli natriy sul`fat olish texnologiyasi «Sul`fat natriy» MChJ QKda amaliyotga joriy etilgan (“O‘zkimyosanoat” aksionerlik jamiyatining 2018 yil 6 apreldagi 03-351/A-son ma’lumotnomasi). Natijada import o‘rnini bosuvchi va eksportbop kimyoviy mahsulot olish, sanoatni qimmatbaho kimyoviy xomashyo bilan ta’minlash, valyuta zahirasini tejash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish