Nazirov Sardorbek Ulugbek o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tana soxasida kuyish asoratlari bo‘lgan bemorlarni xirurgik davolash usullarini optimallashtirish», 14.00.27 – Xirurgiya (tibbiyot fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tib1282.
Ilmiy rahbar: Madazimov Madamin Muminovich tibbiyot fanlari doktori, dotsent. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Andijon davlat tibbiyot instituti DSc.04/30.12.2019.Tib.95.01
Rasmiy opponentlar: Fayazov Abdulaziz Djalilovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xodjimatov Gulomiddin Minxodjievich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat tibbiyot instituti
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: plastikaning mavjud tashrix usullarini takomillashtirish va yangi usullarini ishlab chiqish orqali tananing kuyishdan keyingi chandiqli deformatsiyalarini xirurgik davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tananing kuyishdan keyingi o‘rta va katta o‘lchamdagi chandiqli deformatsiyalarini bartaraf etish uchun lahtakning zich yopishishini ta’minlash va transplantatning burishish xavfini kamaytirish orqali lahtakdagi bitish jarayonlarini yaxshilashga qaratilgan erkin to‘liq qalinlikdagi autodermoplastika usuli ishlab chiqilgan;
mahalliy to‘qimalarni cho‘zish sohasida tayanch karkas sifatida titan plastinkasidan foydalanish orqali samaradorlikka erishiladigan tezkor balon dermotenziyasi bilan tavsiflanuvchi qorin old devorining chandiqli deformatsiyalarini bartaraf etish usuli takomillashtirilgan;
mahalliy to‘qimalarni tashrix vaqtida balonli cho‘zish qorin old devorining chandiqli deformatsiyasini bartaraf etish uchun plastik material maydonini kengaytirishga, qoplamaning rangi va tuzilishi bo‘yicha qoplanuvchi to‘qimalarning ideal mosligini ta’minlashga, shuningdek ko‘chirib o‘tkazilgan laxtaklarda sezgini saqlab qolishga imkon berishi isbotlangan;
nuqsonlarning o‘lchamlari, rekonstruktiv aralashuvlarning turi va bosqichlariga bog‘liq xolda laxtaklar bitish xususiyatlarining patognomonik tavsiflari hamda tananing kuyishdan keyingi chandiqli shikastlanishlari plastikasi qoniqarsiz natijalarining xavf omillari aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Tananing kuyishdan keyingi oqibatlari bo‘lgan bemorlarda yangi xirurgik davolash usulini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
«Sut bezlarini erkin to‘liq qavatli autodermoplastika qilish usuli» ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2022 yil 20 fevraldagi IAP 06815-sonli ixtiro uchun patenti). Taklif etilgan usul qorin old devorining chandiqli deformatsiyalarini bartaraf etish uchun plastik materialning maydonini kengaytirishga, qoplamaning rangi va tuzilishi bo‘yicha almashtiriladigan to‘qimalarning ideal mosligini ta’minlashga, shuningdek, ko‘chirib o‘tkazilayotgan laxtaklarning sezgirligini saqlab qolishga imkon bergan;
tananing kuyishdan keyingi oqibatlari bo‘lgan bemorlarda mavjud xirurgik davolash usulini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan «Tananing kuyishdan keyingi chandiqli deformatsiyalarini autodermoplastika qilishning takomillashtirilgan usuli» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 16 dekabrdagi 08-40019-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan tavsiyalar tananing o‘rta va katta o‘lchamdagi kuyishlarida rekonstruktiv tashrixlarga yondashuvlarni optimallashtirish, laxtaklarni bitish jarayonlarini yaxshilash va tashrixlar bosqichlari sonini kamaytirish imkonini bergan;
tananing kuyishdan keyingi oqibatlari bo‘lgan bemorlarni xirurgik davolashni optimallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlashning amaliy faoliyatiga, jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan va Farg‘ona filiallari 1-xirurgiya bo‘limlariga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 16 dekabrdagi 08-40019-son ma’lumotnomasi). Tananing turli o‘lchamdagi chandiqli deformatsiyalarida mahalliy va erkin to‘liq qavatli plastika qilishning taklif etilgan usullaridan foydalanish yaxshi natijalarning chastotasini 62,4% dan 81,9% gacha oshirish, 16,8% va 18,1% xollarda qoniqarli natijalarga erishish va qoniqarsiz natijalar ulushini 20,8% dan asosiy guruhda bartaraf etish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish