Islamov G‘ulom Payzullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertasiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Samarqand viloyati hududlarida qoramol piroplazmidozlarining tarqalishi va ularga qarshi kurashish chora-tadbirlari”, 03.00.06 - Zoologiya (veterinariya fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/V15
Ilmiy rahbar: Davlatov Ravshan Berdievich, veterinariya fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.06/30.12.2019 V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Oripov Anvar Oripovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Avezimbetov Shavkat Dosumbetovich, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand viloyatining turli hududlarida qoramol piroplazmidozlarining tarqalish darajasini o‘rganish, teylerioz, piroplazmozni davolash va profilaktika qilishning samarali usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Samarqand viloyatining turli bioekologik hududlarida qoramol piroplazmidozlar qo‘zg‘atuvchilarining patogenlik xususiyatlari va kasallik tarqatuvchi kanalar faunasi aniqlangan;
piroplazmozni davolashda «Imisan» preparatini qoramolning har 100 kg tirik vazniga 3,0 ml miqdorida qo‘llanilganda samaradorligi yuqori ekanligi isbotlangan;
teyleriozni davolashda «Buparvalek» preparatini qoramolning100 kg tirik vazniga 5,0 ml miqdorida qo‘llanilganda yuqori samara berishi aniqlangan;
qoramollar piroplazmidozlarini kimyoprofilaktika qilish maqsadida har 15 kunda qoramol 100 kg tirik vazniga 3,0 ml miqdorida «Imisan» va 5,0 ml miqdorida «Buparvalek»ni takroriy qo‘llash hisobiga kasallikning oldini olish usuli takomillashtirilgan;
«Alpha-shakti» preparatini qoramollar piroplazmidozlarini tarqatuvchi kanalarga nisbatan insektoakaritsid xususiyatlari yuqori ekanligi aniqlangan va qo‘llash usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Samarqand viloyati hududlarida qoramol piroplazmidozlarining tarqalishi va ularga qarshi kurashish chora-tadbirlari bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalari asosida:
«Qoramollarning qon-parazitar kasalliklariga qarshi kurashish to‘g‘risida qo‘llanma» tasdiqlangan va veterinariya amaliyotiga joriy qilingan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2022 yil 22 dekabrdagi 02/23-549-son ma’lumotnomasi). Natijada qoramollarni piroplazmidozlar bilan kasallanishining oldini olish imkoniyati yaratilgan;
«Alpha-shakti» preparatining chorvachilikda ektoparazitlarga qarshi qo‘llanilishi bo‘yicha tavsiyanoma» tasdiqlangan va amaliyotga joriy qilingan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2022 yil 22 dekabrdagi 02/23-549-son ma’lumotnomasi). Natijada fermer xo‘jaliklari hamda aholi qaramog‘idagi qoramollar orasida piroplazmidozlarning tarqalishining oldini olishda yuqori samaradorlikka erishilgan;
Samarqand viloyati hududlarida qoramollar piroplazmidozlarini profilaktika qilishda mahalliy «Imisan» preparatini har 15 kunda bir marta qoramolning 100 kg tirik vazniga 3,0 ml miqdorda muskul orasiga qo‘llash joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2022 yil 22 dekabrdagi 02/23-549-son ma’lumotnomasi). Natijada qoramollarning piroplazmidozlariga qarshi «Imisan» preparatini joriy etishning iqtisodiy samaradorligi yuqori ekanligi aniqlanib, xarajatlar qoplami 5,4 so‘mni tashkil etgan.