Matupayeva Shohsanam Zaripboy qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtissoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ta’lim klasteri sharoitida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini inklyuziv ta’limga tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish” mavzusidagi 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Ped973.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Ilmiy rahbar: Qodirova Feruza Usmanovna, pedagogika fanlari doktori (DSc), dosent.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti, DSc.03/30.04.2021.Ped.82.01
Rasmiy opponentlar: Xurvaliyeva Tarmiza Latipovna, pedagogika fanlari doktori; Boymurodova Gulzoda Toshtemirovna, pedagogika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ta’lim klasteri sharoitida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini inklyuziv ta’limga tayyorlashning samarali omillarini aniqlash va texnologiyalarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ta’lim klasteri sharoitida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini inklyuziv ta’limga tayyorlashning motivatsion, kognitiv, amaliy, refleksiv komponentlari o‘qituvchi faoliyatini psixologik-androgogik diagnostika qilishning empatik kasbiy harakat kabi ichki va jamoatchilik nazorati kabi tashqi omillariga ustuvorlik berish asosida aniqlashtirilgan;
boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini inklyuziv ta’limga tayyorlashning pedagogik mexanizmlari maktab, oila, mahalla kabi ta’lim klasteri tizimi sub’ektlari faoliyatini o‘quvchilarda mavjud alohida ta’lim ehtiyojlarini sinergetik ta’sir orqali qoplashni barqaror ta’minlash asosida takomillashtirilgan;
boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini inklyuziv ta’limga tayyorlash modeli o‘quvchilarni “ta’lim-jamiyat-davlat” munosabatidagi ijtimoiylashuv ustuvorligi ta’minlangan korreksion-rivojlantiruvchi didaktik bloklarni hamda insonparvarlik, tan olish va olinish tamoyillarini akademik qulay muhitga bola imkoniyatiga moslashtirib kiritish asosida takomillashtirilgan;
boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini inklyuziv ta’limga tayyorlash jarayonining didaktik ta’minoti ta’limning yaxlitlik, diagnostiklik, moslashuvchanlik talablariga javob beradigan kasbiy tayyorgarlikni faoliyatli, dialogli shakllantirishni ta’minlovchi modulli texnologiyalarni uzluksiz joriy qilish orqali takomillashtirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ta’lim klasteri sharoitida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini inklyuziv ta’limga tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
ta’lim klasteri sharoitida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini inklyuziv ta’limga tayyorlashning motivatsion, kognitiv, amaliy, refleksiv komponentlarini amaliyotga joriy etishga oid takliflari “Matematika o‘qitish metodikasi (inklyuziv ta’limda)” nomli darslik mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligining 2022 yil 25 noyabrdagi 388-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘qituvchilar uchun inklyuziv ta’lim sharoitida matematika fanini o‘qitish bo‘yicha metodik ko‘rsatmalarning keng joriy etilishiga erishilgan;
boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini inklyuziv ta’limga tayyorlash modeli o‘quvchilarni “ta’lim-jamiyat-davlat” munosabatidagi ijtimoiylashuv ustuvorligi ta’minlangan korreksion-rivojlantiruvchi didaktik bloklarni hamda insonparvarlik, tan olish va olinish tamoyillarini akademik qulay muhitda bola imkoniyatiga moslashtirib kiritishga oid tavsiyalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalida efirga uzatilgan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Bolalar va biz” nomli dasturlar ssenariyasini tayyorlashda foydalanilgan (“O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2022 yil 26 avgustdagi O‘zIR-04-36-1392-son ma’lumotnomasi). Natijada, klaster sub’ektlari hamkorligida inklyuziv ta’lim samaradorligini yo‘llarini ta’minlash targ‘ib etish sharoiti yaratilgan;
boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini inklyuziv ta’limga tayyorlashning pedagogik mexanizmlari maktab, oila, mahalla kabi ta’lim klasteri tizimi sub’ektlari faoliyatini o‘quvchilarda mavjud alohida ta’lim ehtiyojlarini sinergetik ta’sir orqali qoplashga doir tavsiyalari respublika miqyosida inklyuziv ta’lim tashkil etilgan maktablar amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 19 dekabrdagi 01/10-01-430-son ma’lumotnomasi). Natijada, inklyuziv ta’lim ishtirokchilarining sinergetik faoliyatini tashkil etishning didaktik ta’minoti takomillashtirilgan.