Mansurov Mansur Alisherovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Davlat byudjetining g‘azna ijrosi va uni rivojlantirish istiqbollari», 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/Iqt334
Ilmiy rahbar: Eshnazarov To’lqin Sheraliyevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami:O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi DSc.09/31.08.2022.I.151.01.
Rasmiy opponentlar: Qo’ziyeva Nargiza Ramazanovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xaydarov Nizomiddin Xamrayevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi davlat moliyasi tizimida g‘aznachilik va davlat byudjetining g‘azna ijrosini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-nazariy, amaliy va uslubiy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
byudjet xarajatlarini qisqartirishda byudjet tashkilotlarining va byudjet mablag‘lari oluvchilarning byudjet mablag‘larini o’zlashtirishi, shuningdek, qabul qilingan yuridik va moliyaviy majburiyatlari hisobga olinishi asoslangan;
byudjet tizimi byudjetlariga to’lovlar tushumi bo’yicha operatsiyalar hisobini yuritish va keyinchalik ularni byudjet tizimi byudjetlari o’rtasida taqsimlash uchun daromadlar bo’yicha shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari takomillashtirildi;
vazirlik va idoralar byudjet mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatish maqsadida quyi tashkilotlariga ajratiladigangan byudjet mablag‘larining cheklangan miqdorini joriy qilish taklif etilgan;
byudjet tizimi byudjetlari daromadlarining kassa ijrosi takomillashtirilib, ortiqcha to’langan soliq summasini qaytarish bo’yicha belgilangan muddat buzilgan taqdirda, buzilgan har bir kalendar kun uchun foizlar hisoblash taklif etilgan;
vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmati tegishli byudjet dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qilinishi byudjet mablag‘larining maqsadli va samarali ishlatilishi salmog‘ini oshirishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O’zbekiston Respublikasi byudjetni g‘azna ijrosi asoslarini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar asosida:
“Byudjetlar xarajatlarini qisqartirishda byudjet tashkilotlarining va byudjet mablag‘larini oluvchilarning byudjet mablag‘larini o’zlashtirishi, shuningdek qabul qilingan yuridik va moliyaviy majburiyatlari hisobga olinadi” normasini kiritish taklifi O’zbekiston Respublikasining 2020 yil 25 dekabrdagi O’RQ-657-son “2021 yil uchun O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to’g‘risida”gi Qonunida o’z aksini topgan (O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2022 yil 31 avgustdagi 03/03-32/2093-son ma’lumotnomasi). Ushbu normani kiritilishi natijasida, amalga oshirilayotgan operatsiyalarini tizimli yo’lga qo’yish, byudjet mablag‘laridan foydalanishda shaffoflikni ta’minlash imkoniyati yaratildi.
Byudjet tizimi byudjetlari daromadlarining kassa ijrosi to’g‘risidagi yo’riqnomaning 4-bandida keltirilgan “........bo’yicha soliq va boshqa majburiy to’lovlarni......” so’zlarini “..........bojxona boji, soliqlar va yig‘imlarni........” so’zlari bilan almashtirish taklifi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi, O’zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo’mitasining 2021 yil 26 iyundagi 2771-3-son “Byudjet tizimi byudjetlari daromadlarining kassa ijrosi to’g‘risidagi yo’riqnomaga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi qarorida o’z aksini topgan (O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2022 yil 31 avgustdagi 03/03-32/2093-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni joriy etilishi asosida byudjet tizimi byudjetlariga to’lovlar tushumi detallashtirilgan holda talqin etildi. Natijada nazoratning kuchayishi, byudjet mablag‘larining shakllanishi va ulardan foydalanishning shaffofligi hususiyatlarini belgilab berdi.
Byudjet tizimi byudjetlari daromadlarining kassa ijrosi to’g‘risidagi yo’riqnomaning 29-bandida keltirilgan “........soliq va boshqa majburiy to’lovlarni......” so’zlarini “..........bojxona boji, soliqlar va yig‘imlarni........” so’zlari bilan almashtirish taklifi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi, O’zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo’mitasining 2021 yil 26 iyundagi 2771-3-son “Byudjet tizimi byudjetlari daromadlarining kassa ijrosi to’g‘risidagi yo’riqnomaga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi qarorida o’z aksini topgan (O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2022 yil 31 avgustdagi 03/03-32/2093-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifga asosan, vakolatlarni to’g‘ri taqsimlash orqali soliqlardan tashqari ortiqcha yoki noto’g‘ri to’langan to’lovlar summalarini qatarish yoki hisobga olish samaradorligi oshdi.
“Vazirlik va idoralar byudjet mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatish maqsadida quyi tashkilotlariga ajratilgan byudjet mablag‘larining ma’lum bir maqsadga yo’naltirishi maqsadga mufoviqdir” taklifi O’zbekiston Respublikasining 2021 yil 30 dekabrdagi O’RQ-742-son “2022 yil uchun O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to’g‘risida”gi Qonunida o’z aksini topgan (O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar Qo’mitasining 2022 yil 6 dekabrdagi 04/1-11-1767-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning inobatga olishinishi natijasida, Birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan moliyalashtiriladigan quyi tashkilotlariga o’zlariga respublika byudjetidan ajratilgan byudjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini 10 foizigacha Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yo’naltirishga haqli bo’ladilar.
Byudjet tizimi byudjetlari daromadlarining kassa ijrosi to’g‘risidagi yo’riqnomaning 42-bandiga qo’shimcha kiritish bo’yicha “Ortiqcha to’langan soliq summasini soliq to’lovchiga qaytarish O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan muddat buzilgan holda amalga oshirilsa, belgilangan muddatda qaytarilmagan summa uchun soliq to’lovchiga qaytarish muddati buzilgan har bir kalendar kun uchun foizlar hisoblanadi.” taklifi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi, O’zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo’mitasining 2021 yil 26 iyundagi 2771-3-son “Byudjet tizimi byudjetlari daromadlarining kassa ijrosi to’g‘risidagi yo’riqnomaga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi qarorida o’z aksini topgan (O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2022 yil 31 avgustdagi 03/03-32/2093-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi natijasida soliq va boshqa majburiy to’lovlarni undirish bo’yicha vakolatli organlar mas’uliyatini oshirdi. Soliq to’lovchilarni rag‘batlantirdi. Ma’lum vaqt mobaynida turli ko’rsatkichlar ko’rinishida beriladigan iqtisodiy jarayonlar yoki obyektlar haqidagi hisobot yoki statistik ma’lumotlar olish imkonini berdi.
“Vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmati tegishli byudjet dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qilishi byudjet mablag‘larining maqsadli va samarali ishlatilishi salmog‘ini oshiradi” taklifi O’zbekiston Respublikasining 2021 yil 30 dekabrdagi O’RQ-742-son “2022 yil uchun O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to’g‘risida”gi Qonunida o’z aksini topgan (O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar Qo’mitasining 2022 yil 6 dekabrdagi 04/1-11-1767-son dalolatnomasi). Ushbu normani kiritilishi asosida, Vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmati tegishli rivojlantirish dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qiladi hamda tahlil natijalari to’g‘risidagi hisobotlarni hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi.
“Davlat byudjetiga pul mablag‘larining oqimini prognoz qilish usullaridan keng foydalanish va uni takomillashtirish byudjetni oqilona va samarali ijro etishga keng imkoniyat yaratadi” taklifi O’zbekiston Respublikasining 2021 yil 30 dekabrdagi O’RQ-742-son “2022 yil uchun O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to’g‘risida”gi Qonunida o’z aksini topgan (O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar Qo’mitasining 2022 yil 6 dekabrdagi 04/1-11-1767-son dalolatnomasi). Ushbu taklifni joriy qilinishi davlat byudjeti ijrosining daromadlarini kassaviy rejalashtirishni nazariy-uslubiy jihatlarini takomillashtirishga hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilgan.
“Davlat byudjeti daromadlar va xarajatlar qismini nazorat qilish jarayonida ularni kamida besh yil bashorat qilinishi davlat byudjetini o’rta va yaqin muddatga shakllantirish, byudjet mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlarni to’g‘ri va aniq rejalashtirish, shuningdek, byudjet mablag‘larini ishlatilishi yuzasidan nazoratni samarali amalga oshirilishiga erishiladi” taklifi O’zbekiston Respublikasining 2021 yil 30 dekabrdagi O’RQ-742-son “2022 yil uchun O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to’g‘risida”gi Qonunida o’z aksini topgan (O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar Qo’mitasining 2022 yil 6 dekabrdagi 04/1-11-1767-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga qo’llanishi natijasida, O’zbekiston Respublikasi byudjet tizimi byudjetlarining olti oylik ijrosi yakunlari bo’yicha daromad prognozlari bajarilmagan va joriy moliya yilining oxirigacha ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud bo’lmagan hollarda: respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 foizi va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan; respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 foizidan kam miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining taklifiga ko’ra Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi.