Botirov Murodjon Turg‘unboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Biologik suyuqliklarning kristallanish jarayonida strukturaviy o‘z-o‘zini tashkil qilishi va ularning organizm kasalliklari haqida axborot berishi», 03.00.02–Biofizika va radiobiologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tib4.
Ilmiy rahbar: Karabaev Muxammadjon, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Kulmanova Munojat Usmanovna, tibbiyot fanlari doktori; Axmedjanov Iskandar Gulyamovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: klinik-biokimyoviy va morfologik ko‘rsatkichlarga bog‘liq holda tahlil qilish asosida patologik jarayonlar markerlarini joriy qilish tizimini takomillashtirishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tekshirilgan shaxslarning pasport, klinik va biokimyoviy ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan to‘liq shakllangan ma’lumotlar bazasi, jigar kasalliklarida qondagi bilirubin miqdorining oshganligini ko‘rsatuvchi «Mox» figurasi isbotlangan;
biologik suyuqliklar fatsiyalarining raqamli elektron ma’lumotlar bazasi, biologik suyuqliklar kristallarining tizimli va tizim osti morfotekstur ko‘rsatkichlari shakllantirilgan;
turli kasalliklarda biologik suyuqliklari fatsiyalaridagi patologik markerlar tizimlashtirilib, ularning katalogi, fatsiyalarda patologik markerlarni farqlash mezonlari va markerning turi va tuzilishini ko‘rsatuvchi, patologik jarayon, joylashgan joyi, kimyoviy tarkibi, muallifi va manbaini o‘zida aks ettirgan jadval ishlab chiqilgan;
biologik suyuqliklar fatsiyalarini avtomatik ravishda tahlil qilish uchun fatsiyalar sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlarining avtomatlashtirilgan kompyuter morfometriya texnologiyasi, biologik suyuqliklar fatsiyasini teksturali tahlil qilish uchun figuralarning tasviri, yorqinligi, tekisligini o‘zgartirish xususiyatiga ega bo‘lgan kompyuter dasturi ishlab chiqilgan;
surunkali jigar kasalliklarini erta aniqlashning yangi usullarini ishlab chiqishga imkon beruvchi «kasallik kristallografik belgilar»ning bog‘liqligini ifodalovchi eksperimental hamda nazariy baza ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Biologik suyuqliklarning kristallanish jarayonida tuzilmaviy o‘z-o‘zidan hosil bo‘lishi va ularning organizm kasalliklari haqida axborot berishligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Biologik suyuqliklar qattiq fazasi teksturalari belgilarining vizual morfometriyasi» bo‘yicha uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan va sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 22 noyabrdagi 8n-r/174-son ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiy qo‘llanma davolash profilaktika muassasalari vrach-laborantlari hamda ilmiy izlanuvchilar uchun biologik suyuqliklarning kristallografik namunalarini tahlil qilish, Chayld P`yu bo‘yicha xalqaro tan olingan Fibro-testni aniqlash formulasi asosida ishlab chiqilgan kompyuter dasturi bo‘yicha jigar fibrozi darajasini aniqlashga imkon yaratgan.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan «Tibbiy rasmlarni analiz qilish – Analyses of medical images» (DGU №02808) uchun patent olingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 22 noyabrdagi 8n-d/57-son ma’lumotnomasi). Ushbu dastur yordamida biologik suyuqliklarning kristallografik tasvirlari oson va tez avtomatik usulda tahlil qilish imkonini bergan.
biologik suyuqliklarning kristallanish jarayonida tuzilmaviy o‘z-o‘zidan hosil bo‘lishi va ularning organizm kasalliklari haqida axborot berishi bo‘yicha olingan natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Farg‘ona viloyat va Marg‘ilon shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi, shuningdek, “Farg‘ona Primus” MChJ innovatsion tibbiyot tashxis markazi amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 19 fevraldagi 8n-z/17-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi jigar kasalliklarini bashorat qilish va davolash taktikasini to‘g‘ri tashkil qilishga imkon yaratgan.