Turdiboyev Obidjon Abdumalik o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston florasida Salvia L. turkumi turlari», 03.00.05–Botanika (biologiya fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/B726.
Ilmiy rahbar: Xasanov Furqat Orunbayevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasalar nomi: Botanika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Botanika instituti, DSc.02/30.12.2019.B.39.01.
Rasmiy opponentlar: Raximova Tashxanim, biologiya fanlari doktori, professor; Esanov Husniddin Qurbonovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston florasida Salvia L. turkumi turlarining taksonomik tarkibi, morfologiyasi va geografik tarqalishini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, O‘zbekiston florasida Salvia turkumi 9 seksiya va 4 ostturkumga kiruvchi 25 turni o‘z ichiga olganligi aniqlandi, turlarni aniqlash uchun ikkita kalit yaratilgan: birinchisi umumiy, vegetativ va generativ belgilarga, ikkinchisi turlarning barglari morfologiyasiga asoslangan;
2 ta yangi seksiya Salvia sect. Holochilus (Pobed.) Sennikov va sect. Odonthochilus (Pobed.) Sennikov kombinatsiyasi yaratildi;
Salvia deserta Schangin ex Ledeb., S. abrotanoides (Kar.) Sysma, S. baldshuanica Lipsky, S. bucharica Popov, S. trautvetterii Regel neotipifikatsiyasi va lektotipifikatsiyasi amalga oshirildi;
vegetativ va generativ organlarini o‘rganish natijasida turkumning O‘rta Osiyo endem Sogdosphace Kamelin & Makhm. seksiyasi turlarida 4-tip changchi tuzilishi va olti burchakli poya aniqlandi va tavsiflandi;
O‘zbekistonda tarqalgan turlar arealini tahlili natijasida, Tojikiston florasi uchun S. ariana Hedge va S. tianschanica Makhm., Qozog‘iston florasi uchun S. spinosa L. va S. verticillata L. kiritildi, shuningdek, ilk bor O‘zbekistonda 25 turning florada tarqalishini ko‘rsatuvchi GAT xaritalari yaratildi;
O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan S. insignis Kudr. (2 ta), S. tianschanica Makhm.
(1 ta), S. korolkowii Regel & Schmalh. (1 ta) turlarining yangi o‘sish joylari aniqlandi, shuningdek O‘zbekiston Qizil kitobining keyingi nashri uchun Tabiatni Muhofaza Qilish Xalqaro Ittifoqi (IUCN) toifalari bo‘yicha 6 tur baholandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston florasida tarqalgan Salvia turlarini taksonomik, morfologik va geografik o‘rganish natijasida olingan ilmiy natijalar asosida:
Qizil kitobga kiritilgan S. korolkowii Regel & Schmalh. turining 125 ta gerbariy namunalari asosidagi ma’lumotlar bazasi Bioxilma-xillik to‘g‘risidagi global ma’lumotlar tizimiga (www.gbif.org, GBIF) kiritilgan (Global bioxilma-xillik ma’lumotlar bazasi sertifikati, www.gbif.org, 2023-yil 12-yanvardagi guvohnomasi). Natijada O‘zbekiston hududidagi
S. korolkowii joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni xalqaro miqiyosida foydalanish imkonini bergan.
Tadqiqotlar natijasida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan G‘arbiy Tiyonshonning kamyob endemigi S. korolkowii VU (Vulnerable C1+2a(i)) maqomi bilan IUCN Qizil ro‘yxatiga kiritilgan (https://www.iucnredlist.org/species/217557065/217845322); Natijada S. korolkowii populyasiyalarini baholash va saqlab qolish chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini bergan.
O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekiston florasidagi Salvia turkumining 2 ostturkumi – Macrosphace Pobed., Sanglakia Pobed., 6 seksiyasi – Holochilus (Pobed.) Sennikov, Odonthochilus (Pobed.) Sennikov, Macrocalyx Pobed., Euperovskia Kudr., Holophyllum Kudr., Sanglakia (Pobed.) Makhm. to‘g‘risidagi ma’lumotlar Xalqaro o‘simlik nomlari indeksi ma’lumotlar bazasiga joriy etilgan (International Plant Names Index, www.ipni.org, 2023-yil 12-yanvardagi guvohnomasi). Natijada 1936-, 1954-,1980-, 2022-yillarda chop etilgan O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekistonda tarqalgan turkum taksonlari haqidagi ma’lumotlar xalqaro taksonomik ma’lumotlar bazalariga kiritilgan, bilim va izlanishlarimizni yanada chuqurlashtirish imkonini bergan;
O‘zbekiston florasidagi Salvia turkumiga mansub 18 turining 450 ga yaqin gerbariy namunalari O‘zbekiston Milliy gerbariy fondiga taqdim etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023-yil 9-yanvardagi 4/1255-46-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob va endemik turlarning yangi gerbariy namunalari TASHning O‘rta Osiyo bo‘limi kolleksiyasini sezilarli darajada kengaytirgan. O‘zbekiston florasining axborot-tahliliy tizimiga taksonomiya, turlar nomenklaturasi, ekogeografiya va GAT asosidagi nuqta xaritalari bo‘yicha yangi ma’lumotlar kiritilgan.