Yuldashev Eldor Ilxomjonovichning
iqtisod fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
dissertatsiyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdoning rivojlanish jarayonlarining iqtisodiy-statistik tahlili”
08.00.06 - Ekonometrika va statistika
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Iqt1423
Ilmiy rahbar: Ergasheva Shaxlo Turgunovna, iqtisod fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti, DSc 29/30.12.2019.I.92.01.
Rasmiy opponentlar: G‘ayibnazarov Baxodir Karimovich, iqtisod fanlari doktori, professor; Raxmanqulova Barna Oktamxanovna, iqtisod fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdoning rivojlanish jarayonlarini iqtisodiy-statistik tahlil qilishni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ko‘p omilli statistik tahlil usullari yordamida respublika va hududlarning tashqi savdo hajmiga ta’sir qiluvchi omillarning integrallashgan ko‘rsatkichlar tizimini (jamlama, integral, xususiy) statistik baholash takomillashtirilgan;
“hududlarning eksport va import bilan shug‘ullanish imkoniyatlari dinamikasini o‘lchash”, “iqtisodiy rivojlanishning asosiy tendensiyalarini aniqlash va statistik baholash” orqali ulardagi kuzatilayotgan davriy tebranishlarni o‘rganish tashqi savdo jarayonlarining samaradorligi va rivojlanishini baholashning statistik ko‘rsatkichlar tizimi taklif etilgan;
O‘zbekiston Respublikasida eksport hajmi dinamikasi avtoregressiv taqsimlangan lag modeli (ARDL) yordamida qisqa muddatli (2022-2026 yy.) prognoz ssenariylari ishlab chiqilgan;
“korxonalarga xorijiy investisiyalarni jalb qilish”, “mahsulotlarni xalqaro sertifikatlash”, “korxona vebsaytini ishlab chiqish” va “tadbirkorlik uyushmalarida a’zo bo‘lish” kabi omillar yordamida korxonalarning eksport qilishdagi muhim xususiyatlari asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdoning rivojlanish jarayonlarini iqtisodiy-statistik tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ko‘p omilli statistik tahlil usullari (korrelyasion-regression tahlil, iqtisodiy indekslar)dan keng foydalanish asosida tashqi savdoga ta’sir qiluvchi omillarning integrallashgan ko‘rsatkichlari (jamlama, integral, xususiy) statistik baholangan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistika qo‘mitasining ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinganligi to‘g‘risidagi 31.10.2022 yildagi 01/1-09-15/3-280-sonli ma’lumotnomasi). Bu esa mamlakatimizning kompleks rivojlanish dasturlarining amalga oshirilishida xalqaro talablar va standartlarga mos keluvchi zamonaviy tahlil usullarini, ko‘rsatkichlarini, baholash mezonlarini qo‘llash bo‘yicha statistik uslubni takomillashtirish imkonini beradi;
tashqi savdo jarayonlarining rivojlanish samaradorligini baholashning statistik ko‘rsatkichlar tizimi (hududlarning eksport va import bilan shug‘ullanish imkoniyatlari dinamikasini o‘lchash, iqtisodiy rivojlanishning asosiy tendensiyalarini aniqlash va statistik baholash, ulardagi kuzatilayotgan davriy tebranishlarni o‘rganish) taklif etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistika qo‘mitasining ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinganligi to‘g‘risidagi 31.10.2022 yildagi 01/1-09-15/3-280-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy yangilik mamlakatimiz miqiyosida eksport salohiyatidan kompleks foydalanish va ajratilayotgan investisiyalar va boshqa moliyaviy imtiyozlarning tashqi savdo rivojlanishiga samarali ta’sirini statistik baholash imkonini kengaytirgan;
O‘zbekiston Respublikasida 1997-2021 yillarda eksport hajmi dinamikasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar, import hajmi hamda qishloq xo‘jaligi va sanoatda yaratilgan qo‘shilgan qiymatlar dinamikasining ta’sirini avtoregressiv taqsimlangan lag modeli (ARDL) yordamida omillarning eksport dinamikasiga ijobiy va statistik ahamiyatli darajada ta’siri aniqlanib, qisqa muddatli prognoz ssenariylari ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi faoliyatida foydalanish uchun qabul qilinganligi to‘g‘risidagi 21.11.2022 yildagi 02/21-4/10-5729-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur prognozlardan olingan natijalari hududlarda tashqi savdo hajmini oshirish bo‘yicha ishlab chiqiladigan strategiya va yo‘nalishlarni belgilash imkonini oshirgan;
korxonalarning eksport qilishdagi muhim xususiyatlari regression tahlil qilinib, korxona eksport salohiyatini oshirish yo‘nalishlari sifatida korxonalarga xorijiy investisiyalarni jalb qilish, mahsulotlarni xalqaro sertifikatlash, korxona vebsaytini ishlab chiqish va tadbirkorlik uyushmalarida a’zo bo‘lish ekanligi asoslab berilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi faoliyatida foydalanish uchun qabul qilinganligi to‘g‘risidagi 21.11.2022 yildagi 02/21-4/10-5729-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur prognoz natijalari yordamida hududlarda tashqi savdo korxonalari faoliyatini samaradorligini yanada oshirish hamda ajratilayotgan moliyaviy imtiyozlarning ta’sirini statistik baholash orqali ular faoliyatini kelgusi davrlar uchun istiqbolli rejalashtirish ko‘rsatkichlarini belgilash imkonini oshirgan.