Shaydullaev Alisher Shapulatovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar:

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Sopolli madaniyatining gliptikasi va sfragistikasi”, 07.00.06–Arxeologiya (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: V.2017.1.PhD/Tar56.

Ilmiy rahbar: Sagdullaev Anatoliy Sagdullaevich, tarix fanlari doktori, professor, akademik.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti, DSc.27.06.2017.Tar.45.01.

Rasmiy opponentlar: Asqarov Ahmadali Asqarovich, tarix fanlari doktori, professor, akademik; Xasanov Mutalib Xasanovich, tarix fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Sopolli madaniyati sfragistikasi va gliptikasining tipologiyasini yaratish, “muhr” deb atalib kelinayotgan arxeologik artefaktning funksiyasini aniqlash, bronza davri ma’naviy madaniyatini ochib berish, gliptikaga oid manbalar asosida Baqtriyaning Qadimgi Sharq madaniyatida tutgan o‘rnini ko‘rsatishdan iborat.

IIITadqiqotning ilmiy yangiligi:

Sopolli madaniyati gliptikasining boy va xilma-xil yangi namunalarining ilmiy muomalaga kiritilishi asosida, ularning davri, turkumlari, vazifasi, tarqalishi va madaniy o‘zaro ta’siri aniqlangan;

Baqtriya gliptikasi va sfragistikasi mahalliy an’analar asosida shakllangan, uning rivojlanishida Qadimgi Sharq sivilizatsiyalarining ta’siri isbotlangan;

Sopolli madaniyatining yangi topilgan manzilgohlari Xo‘jaikon tuz koni atrofida joylashganligi va bu erda yashagan aholi tuz savdosi bilan shug‘ullanganligi isbotlangan;

Sopolli madaniyati jamoasining diniy qarashlari, xususan, bosh iloh quyosh xudosiga, hosildorlikka va suvga e’tiqod, olovga ibodat, xaomani e’zozlash, g‘ayritabiiy maxluqlar – devlarga sig‘ingani aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Sopolli madaniyati­ning gliptikasi va sfragistikasiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:

O‘zbekiston janubida bronza davrida yashagan o‘troq aholi dini va e’tiqodlari, Sopolli madaniyatining ilk davrlarida Qadimgi Sharq markazlari bilan aloqalari hamda tuz savdosi mazkur madaniyat aholisining mashg‘ulotlaridan biri bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Arxeologik tadqiqotlar institutida davlat granti doirasida 2012–2016 yillarda bajarilgan A1-FA-0-19793 raqamli «O‘zbekistonning qadimgi dehqonchilik madaniyatlari va ko‘chmanchi-chorvadorlar dunyosi: mil. avv. III-milodning I mingyilliklari boshlarida o‘zaro aloqalar va ta’sirlar muammosi» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 23 martdagi 3/1255-721-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar va xulosalarning qo‘llanilishi Janubiy O‘zbekistonning bronza davri tarixidagi ayrim muhim nazariy muammolarning echimi sifatida xizmat qilgan;

Sopolli madaniyatining har bir bosqichlariga oid muhr va tumorlar hamda ularning vazifalari, diniy e’tiqodlari bilan bog‘liq ashyoviy dalillar haqidagi xulosalar Termiz arxeologiya muzeyining «Qadimgi Surxondaryo tarixi» ekspozisiyasini boyitishda foydalanilgan (Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2018 yil 15 martdagi 01-11-08-1796-son ma’lumotnomasi). Bunda natijalarning qo‘llanilishi Surxondaryo vohasining bronza davri tarixi, qadimgi aholining e’tiqodlari va diniy qarashlari hamda etnomadaniy jarayonlar mazmunini muzey tashrifchilari uchun ochib berishga xizmat qilgan;

Surxondaryo viloyati televideniesi Burguttepa va Jarqo‘ton yodgorliklarida o‘tkazgan arxeologik ishlari haqida ko‘rsatuv tayyorlab, Surxondaryo telekanali orqali namoyish etilgan (Surxondaryo televideniyasi ma’lumotnomasi). Mazkur dissertatsiya muallifi tomonidan kashf etilgan qadimiy Zarabog‘ suratlari alohida teleko‘rsatuv qilingan va tasviriy san’at namunalarining paydo bo‘lishi va evolyusiyasi xususida mulohazalar yuritilgan. Bu O‘zbekiston tarixining bronza davri aholisi ma’naviy madaniyatini targ‘ib qilishda, uning haqida yangi tarixiy ko‘rsatuvlar tayyorlashda ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etagan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish