Raxmatova Fotima O‘tkirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi ximoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yosh sportchilarning nafas va yurak-qon tomir sistemasi funksional holati va jismoniy rivojlanishining xususiyatlari», 14.00.09-Pediatriya va 14.00.38-Sport tibbiyoti (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib1026.
Ilmiy rahbarlar: Axmedova Dilorom Ilxamovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Usmanxodjaeva Adibaxon Amirsaidovna, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat tibbiyot instituti, PhD.04/30.12.2019.Tib.102.01.
Rasmiy opponentlar: Rustamov Mardonqul Rustamovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Maxmudov Dilshod Ergashbekovich. tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent Pediatriya Tibbiyot instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi yosh sportchilarning kardio-respirator sistemasi jismoniy parametrlari va funksional imkoniyatlarini mashg‘ulot jarayonini nazorat qilish va korreksiyalash sharti sifatida baholashning kopleks dasturini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan suzuvchi va badiy gimnastlarning kardio-respirator tizimining funksional holatini kompleks diagnostika qilish dasturining samaradorligi isbotlangan;
yosh sportchilarning yurak qon-tomir va nafas olish tizimlari jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanuvchi o‘quvchilardan farqli o‘laroq, jismoniy yuklamaga ancha chidamli bo‘lishi, fiziometrik va EKG ma’lumotlariga ko‘ra, ularning moslashish va tizimlardagi funksional holatining tiklanish jarayonlari o‘z-o‘zidan kechmasligi aniqlangan;
jismoniy va funksional zaxiralar parametrlarini kompleks baxolash orqali 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning yoshi va sport turiga bevosita bog‘liqligiga ko‘ra jismoniy yuklamalarninig tanlanilishi asoslangan;
ilk bor salomatlik, faollik va kayfiyat (SFK) so‘rovnomasidan foydalangan holda, barcha ko‘rsatkichlar, ya’ni farovonlik, faollik va kayfiyat qulay ko‘rsatkichlarga mos kelishi, badiiy gimnastika bilan shug‘ullanadigan qizlarda esa barcha ko‘rsatkichlar ijobiyligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi.
Yosh sportchilarning nafas va yurak qon-tomir sistemasi fuksional xolati va jismoniy rivojlanishining xususiyatlarini baxolash bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
yosh sportchilarning yurak qon-tomir va nafas olish tizimlari, xamda psixo-emotsional xolati baxolash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan "Badiiy gimnastika va suzish bilan shug‘ullanadigan bolalarda yurak-qon tomir va nafas olish tizimlarining funksional holatini kompleks baholash dasturi" nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 12 noyabrdagi 8n-r/1079-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma badiiy gimnastika va suzishning bolalar jismoniy rivojlanishiga ta’sirini kuzatish va baholash bo‘yicha kompleks dasturni joriy etish imkonini bergan.
yosh sportchilarning jismoniy rivojlanish xususiyatlarini hamda nafas olish va yurak- qon tomir tizimlarining funksional holatini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar bolalar va o‘smirlar sport maktablari amaliyotga, jumladan, Olmazor, Sergili va Chilonzor tumanlari bolalar va o‘smirlar sport maktablari va Toshkent shahridagi o‘smirlar dispanseri amaliyotiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 25 yanvardagi 8 n-z/24-sonli ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga tadbiq etilishi suzish bilan shug‘ullanuvchi o‘g‘il bolalar, badiiy gimnastika va suzish bilan shug‘ullanuvchi qizlarning jismoniy rivojlanishi va funksional holatini baholash samaradorligining oshishiga olib keldi, bu esa mashg‘ulotlar jarayonini optimallashtirish imkonini bergan.