Madaminova Go‘zal Ibragimovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Onadagi tajribaviy gipotireoz sharoitida tug‘ilgan avlodda urug‘donning postnatal rivojlanishini struktur xususiyatlari» 14.00.02 – Morfologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib831.
Ilmiy rahbar: Azizova Feruza Xusanovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Oripov Firdavs Sur’atovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Raxmatova Muqaddas Xoltaevna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: onadagi tajribaviy gipotireoz sharoitida tug‘ilgan avlodda urug‘donlarning postnatal rivojlanishini struktur xususiyatlarini baholashni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
urg‘ochi kalamushlarda chaqirilgan tajribaviy gipotireoz ulardan tug‘ilgan avlodning postnatal davrda fiziologik rivojlanishi, gipofiz-qalqonsimon bez-testikulyar tizim gormonlari va urug‘donlarning struktur-funksional shakllanishiga salbiy ta’sir etishi isbotlangan;
urg‘ochi kalamushlarda chaqirilgan tajribaviy gipotireoz voyaga etgan avlod urug‘donlarida egri-bugri naylarning soni va diametri, spermatogenez indeksi kamayishi, spermatogen epiteliyning miqdor va sifat tarkibi o‘zgarishi bilan namon bo‘ladigan spermatogenez jarayonining sezilarli buzilishiga olib kelishi isbotlangan;
onalar gipotireoidizmi sharoitida tug‘ilgan avlodda urug‘don hujayralarining proliferatsiyasi va apoptoz jarayonlari o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi isbotlangan;
hujayra proliferatsiyasi va apoptoz jarayonlari o‘rtasidagi nomutanosiblik tajribaviy gipotireoidizm sharoitida tug‘ilgan etuk avlod urug‘donlarining generativ va endokrin faoliyatini buzilishining asosiy sababi ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Onadagi tajribaviy gipotireoz sharoitida tug‘ilgan avlodda urug‘donning postnatal rivojlanishini struktur xususiyatlarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tajribaviy gipotireoz sharoitida tug‘ilgan avlodlar urug‘donlaridagi morfologik va morfometrik o‘zgarishlar hamda gipofiz-qalqonsimon bez-urug‘don tizimi gormonlari ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan «Gestatsion gipotireozli onalardan tug‘ilgan avlod urug‘donlarining postnatal rivojlanishini morfologik ko‘rsatkichlari» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 10 oktyabrdagi 8n-z/539-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma gipotireozli urg‘ochi kalamushlardan tug‘ilgan avlodda postnatal rivojlanish davrida urug‘donlarda yuzaga keladigan morfologik, morfometrik va immunogistokimyoviy o‘zgarishlar va gipofiz-qalqonsimon bez-urug‘don tizimidagi muvozanatning buzilishini baholash imkonini bergan;
onadagi tajribaviy gipotireoz sharoitida tug‘ilgan avlodda urug‘donning postnatal rivojlanishini struktur xususiyatlarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Xorazm viloyati Urganch shahar 3-son shahar oilaviy poliklinikasi va Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialining klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 2 fevraldagi 08-02410-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy etilishi gipotireozli onalardan tug‘ilgan avlodda birlamchi gipotireozni erta tashxislash va davolash, tug‘ilgandan keyingi uzoq davrda rivojlanadigan erkaklar bepushtligini oldini olish imkonini bergan.