Raxmonova Dildora Mirzakarimovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tavallo ijodida poetik shakl, mazmun va obraz yangilanishi tamoyillari”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil1275.
Ilmiy rahbar: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01. 
Rasmiy opponentlar: Karimov Naim Fotihovich, filologiya fanlari doktori, akademik Ernazarova Gulnoza Hamrayevna, filologiya fanlari doktori. 
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Tavallo she’riyatida poetik shakl, mazmun va obraz yangilanishining adabiy-estetik tamoyillarini belgilash hamda ijodkor badiiy publisistikasining poetik tafakkur yangilanishidagi o‘rnini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Tavallo lirikasida poetik shakl va mazmun yangilanishi tadrijiy suratda bosqichma-bosqich kechgani, Vatan va millat mavzusining yetakchi o‘ringa ko‘tarilishi, poetik mazmunning ijtimoiylashuvi, she’riyatning jonli tilga, xalq og‘zaki ijodiga yaqinlashuvi singari adabiy-estetik qonuniyatlar vositasida namoyon bo‘lgani asoslangan; 
shoir nazmiy asarlarida an’anaviy poetik shakl saqlangani holda uslub yangilangani an’anaviy aruz doirasida barmoqqa o‘tish jarayoni, ijodkorning badiiy niyatini ifodalashda Sharq-u G‘arb odamlarining surati-yu siyratini qarshilantirish usulidan san’atkorona foydalangani, makaronik poeziyaga xos ajnabiy so‘zlarni faol qo‘llash orqali yaratilgan kulgili satirik va yumoristik she’rlari misolida dalillangan;
ijodkor she’riyatida poetik obraz yangilanishi qonuniyatlari Vatan va millat obrazi, ma’rifatli va ilmsiz zamondoshlar obrazi, Ovrupo odamlari obrazi tarzidagi tasnif asosida yoritilib, har bir obraz, shoir badiiy niyatidan kelib chiqib, o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekani, ijod konsepsiyasini ifoda etgani, ijodkor estetik ideali mukammal poetik talqin etilgani bilan milliy she’riyatimizda o‘ziga xos yangilik ekani isbotlangan;
badiiy-publisistik asarlari adibning ijtimoiy-siyosiy faolligini ko‘rsatishi barobarida bid’at va mutaassiblikni qoralash, Vatan va millat taraqqiysi, maktab ta’limi va ilmni taraqqiy ettirish, yangi zamon fan-texnologiyasidan xabardorlikka da’vat tarzidagi tasnif asosida yoritilib, poetik tafakkuri yangilanishida ham o‘ziga xos ma’rifiy-estetik omil vazifasini o‘tagani ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tavallo ijodida poetik mazmun, shakl va obraz yangilanishi tamoyillari masalasi tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Tavallo she’riyatida poetik mazmun, shakl va badiiy uslub yangilanishi qonuniyatlari, poetik obraz yangilanishining ijtimoiy-tarixiy va adabiy-estetik asoslariga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-FI-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihaning “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 6-yanvardagi 01/4-18-son ma’lumotnomasi). Natijada Tavallo she’riyatida poetik tafakkur yangilanishining milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti takomilidagi o‘rniga doir adabiyoshunoslikdagi mavjud qarashlar boyitilgan;
Tavallo lirik asarlari misolida poetik mazmun, shakl va obraz yangilanishi tamoyillari, obraz evrilishining ijtimoiy-tarixiy asoslariga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2018-2020-yillarda bajarilgan “PZ-20170926459 – “Navoiyshunoslik tarixi” (XX-XXI asrlar)” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 6-yanvardagi 01/4-19-son ma’lumotnomasi). Natijada Tavallo she’riyatida poetik mazmun yangilanishida Alisher Navoiyning nazmga doir estetik qarashlari asos vazifasini bajarganiga doir ilmiy xulosalardan istifoda etilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish