Goyipov Umidjon Gulomjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertasiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kichik hajmli kartoshka kovlagich tebranuvchi-ajratuvchi mexanizmi konstruksiyasini takomillashtirish va parametrlarini asoslash», 05.07.01 – «Qishloq xo‘jaligi va meliorasiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va meliorasiya ishlarini mexanizasiyalash» (texnika fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/T1663.
Ilmiy rahbar: Bayboboev Nabijon Gulomovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-qurilish instituti, PhD.03/30.12.2019.T.90.01.
Rasmiy opponentlar: Imomqulov Qutbiddin Boqijonovich, texnika fanlari doktori, professor; Payziev G‘aybullo Qodirovich, texnika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kichik hajmli kartoshka kovlagichining tebranuvchi-ajratuvchi mexanizmi konstruksiyasini takomillashtirish va parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kartoshka hosilini tuproqdan ajratish jarayonini jadallashtirish va ish unumini oshirish maqsadida kichik hajmli kartoshka kovlagichning uchburchak bo‘g‘inli tebranuvchi-ajratuvchi mexanizmini takomillashtirilgan konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
kartoshka tuganagining elanish darajasi va shikastlanish ko‘rsatkichining taklif etilayotgan mexanizmning uchburchak bo‘g‘ini sharnirlari orasidagi masofa, krivoship aylanishlar soni, krivoship uzunligi va elak qiyaligiga bog‘liqligini aniqlash imkonini beruvchi analitik bog‘lanishlar ishlab chiqilgan;
kartoshka tuganaklarining tebranuvchi elak yuzasidagi harakatining matematik modeli tebranuvchi-ajratuvchi mexanizmning krivoshipi uzunligi va uning aylanishlar sonini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan;
tebranuvchi-ajratuvchi mexanizm krivoshipi aylanishlar soni, krivoship uzunligi va elak qiyaligining tuganaklar shikastlanish darajasi va ajratish to‘liqligiga ta’sirini ifodalovchi regressiya tenglamalarini birgalikda yechish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi. Kichik hajmli kartoshka kovlagich tebranuvchi-ajratuvchi mexanizmi konstruksiyasini takomillashtirish va parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kichik hamjmdagi kartoshka kovlagichga dastlabki talab va uning konstruksiyasini ishlab chiqishga texnik topshiriq ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi Vazirligining 2022 yil 23 maydagi 07/35-04/3243-son ma`lumotnomasi). Natijada kichik hajmli tebranuvchi-ajratuvchi mexanizmli kartoshka kovlagich ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
kichik hajmli kartoshka kovlagichning tajriba nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi fermer xo‘jaliklarida, jumladan Namangan viloyati Chust tumanidagi va Toshkent viloyati Qibray tumanidagi fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 23 maydagi 07/35-04/3243-son ma`lumotnomasi). Natijada tebranuvchi-ajratuvchi mexanizmli kichik hajmli kartoshka kovlagichdan foydalanishda mehnat sarfi shu turdagi kichik hajmli kartoshka kovlagichlarga nisbatan 22 foizga kamaygan, ish unumi 1,2 marta ortgan, yoqilg‘i sarfi esa 18 foizga tejalgan;
kichik hajmli kartoshka kovlagichning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun uning loyiha konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq va chizmalar) “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi”da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi Vazirligining 2022 yil 23 maydagi 07/35-04/3243-son ma’lumotnomasi). Natijada kichik hajmli tebranuvchi-ajratuvchi mexanizmli kartoshka kovlagichni sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.