Abdug‘aniyeva Shahnoza Zayirkulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qorako‘l terisini gelioquritish qurilmasi parametrlarini asoslash”, 05.07.01 - Qishloq xo‘jaligi va meliorasiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va meliorasiya ishlarini mexanizasiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/T2924
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
Ilmiy rahbar: Musurmonov Azzam Turdiyevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.06.2020.T.111.02.
Rasmiy opponentlar: Imomov Shavkat Jahonovich, texnika fanlari doktori, professor; Shaymardanov Baxtiyor Pardayevich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi quritish sifatini oshirish va energiya tejamkorlikni ta’minlaydigan qorako‘l terisini gelioquritish qurilmasining parametrlari va ish rejimini asoslash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yarim silindrik tokcha va unga tarang tortilgan gigroskopik mato bilan jihozlangan gelioquritgich qurilmasining konstruktiv sxemasi qorako‘l terisini quritishda hajmiy kirishishning oldini olish va terining barcha qismlari tekis qurishini ta’minlanishini hisobga olinib ishlab chiqilgan;
yarim silindrik tokchaning radiusi, uzunligi va balandligi qorako‘l terisini o‘lchamlarini hisobga olgan holda aniqlangan;
gelioquritgich mahkamlash moslamasi elementlarining o‘lchamlari terini taranglovchi prujinaning ta’sir kuchi va terining chetgi elementlari joylashgan tayanch setkaning yuzasiga urinma kuch orasidagi burchakni hisobga olgan holda aniqlangan;
gelioquritgichning ish ko‘rsatgichlari uning parametrlariga va quritish jarayonining issiqlik-massa almashinuviga bog‘liq ravishda o‘zgarishini ifodalaydigan bog‘lanishlar asosida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Qorako‘l terisi gelioquritgich qurilmasining parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
terini quritish uchun mahkamlash moslamasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining foydali modelga patenti olingan (“Terini quritish uchun mahkamlash moslamasi”, № FAP 02060-2022 y.). Natijada terini quritish uchun mahkamlash moslamasi bilan jihozlangan gelioquritgich qurilmasning konstruktiv sxemasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
qorako‘l terisi gelioquritgich qurilmasiga dastlabki talablar va texnik topshiriq tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 16-noyabrdagi 07/24-04/8516-son ma’lumotnomasi). Natijada, qorako‘l terisini zootexnik talablar darajasida sifatli qo‘ritadigan gelioquritgich qurilmasining konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
qorako‘l terisini gelioquritish qurilmasi Samarqand viloyati “Do‘rmon xalfa” g‘allachilik va chorvachilik fermer xo‘jaligi va “Tim-Ag‘ron Chorva” MChJ qo‘ychilik fermasida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 16-noyabrdagi 07/24-04/8516-son ma’lumotnomasi). Natijada qorako‘l terisini terini kirishishi 7-9 foizga, mehnat sarfi 41,6 foizga va xarajatlar 21,7 foizga kamaygan;
ishlab chiqilgan gelioquritgich qurilmasining sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun dastlabki talablar, texnik topshiriqa loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) “BMKB-Agromash” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 16-noyabrdagi 07/24-04/8516-son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega qorako‘l terisini gelioquritish qurilmasining sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.