Rahmatov Laziz Xasanovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Markaziy Osiyo neft` va gaz zaxiralari uchun jahon kuch markazlarining geosiyosiy raqobati», 23.00.04 – Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari (siyosiy fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Siyos49.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Qodir Asadovich, siyosiy fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSs.11/25.08.2022.S.24.02.
Rasmiy opponentlar: Seitov Azamat Pulatovich, sotsiologiya fanlari doktori, professor; Yakubov Baxtiyor Sultonnazirovich, siyosiy fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy Osiyodagi neft` va gaz zaxiralari uchun xalqaro raqobat kuchayishi sharoitida O‘zbekiston Respublikasining energetik diplomatiyasini samaradorligini oshirish va energetik xavfsizligini ta’minlash yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zamonaviy bosqichda RF, XXR, EI va AQShning Markaziy Osiyodagi strategik manfaatlarini kompleks tahlil qilish, xususan, ularning mintaqadagi energetik siyosati va maqsadlarining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash orqali Markaziy Osiyoning jahon geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlaridagi muhim o‘rni va ahamiyati ilmiy jihatdan ochib berilgan;
Markaziy Osiyoning xalqaro geosiyosiy ta’siri va uning strategik tabiiy gaz va neft` resurslari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqligini tahlil qilish hamda tizimli yondashuv orqali asoslab berilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining ba’zi konseptual masalalarini ishlab chiqishda qo‘llanilgan;
Markaziy Osiyoda energetika sohasida yagona mintaqaviy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston orqali o‘tadigan neft` va gaz tranzit yo‘laklarini rivojlantirish zaruriyatini ko‘rsatuvchi omillar aniqlanib, ular mintaqaviy oliy va yuqori darajadagi muzokaralar tezislarida foydalanish uchun tavsiya etilgan;
Markaziy Osiyoda geosiyosiy plyuralizm tamoyili asosida uglevodorod resurslari jahon kuch markazlari tomonidan taqsimlanishi nafaqat energetik bozorni samarali diversifikatsiya qilishning, balki mintaqada uzoq muddatli barqaror taraqqiyot hamda tashqi kuchlar ta’siri muvozanatini ta’minlashning muhim sharti ekani ilmiy jihatdan asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadqiqot natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
RF, XXR, EI va AQShning Markaziy Osiyodagi strategik manfaatlarini kompleks tahlil qilish va zamonaviy bosqichda ularning bu erdagi energetik siyosatining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash orqali mintaqaning jahon geoiqtisodiy jarayonlaridagi muhim o‘rni va ahamiyati ilmiy jihatdan ochib berilishi bilan bog‘liq xulosalar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi va uchinchi Maslahat uchrashuvlari (2019 va 2021 yy.), “Markaziy Osiyo – Hindiston” (2022 y.), “Markaziy Osiyo – Xitoy” (2022 y.) formatidagi onlayn sammitlarga oid axborot-tahliliy materiallarda foydalanilgan (Markaziy Osiyo xalqaro institutining 2022 yil 7 maydagi 01/239-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy xulosa Markaziy Osiyo davlatlarining global kuch markazlari bilan energetika sohasidagi hamkorlik bo‘yicha strategik dastur va rejalarini ishlab chiqishga xizmat qildi;
Markaziy Osiyoning xalqaro geosiyosiy ta’siri hamda uning strategik tabiiy gaz va neft` resurslari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqligini tahlil qilish hamda tizimli yondashuvlar orqali asoslab berilishi yangilangan “O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi” loyihasini ishlab chiqishda qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahliliy markazining 2022 yil 3 iyundagi 01/58-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu xulosa energiya resurslarini samarali geosiyosiy vosita sifatida qo‘llashning huquqiy va konseptual asoslarini yaratishga hissa qo‘shdi;
Markaziy Osiyoda energetika sohasida umumiy mintaqaviy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston orqali o‘tadigan neft` va gaz tranzit yo‘laklarini rivojlantirish zaruriyatini ko‘rsatuvchi omillarning aniqlanishi 2021 yil 30 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik 2030” (P4G) ikkinchi xalqaro sammitidagi nutqi tezislari; 2021 yil iyul` oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya materiallari; 2021 yil noyabrda Glazgo shahrida (Shotlandiya) bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha BMTning Hadli konvensiyasi ishtirokchi mamlakatlari konferensiyasi 26-sessiyasida O‘zbekiston vakillarining tegishli ma’ruzasi; Turkiya Respublikasi Prezidenti R.T.Erdog‘anning 2022 yil 29-30 mart kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida Toshkent viloyatida zamonaviy issiqlik stansiyasini ishga tushirish hamda Sirdaryo viloyatida shunday stansiya qurilishini boshlash marosimidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tantanali nutqlarini tayyorlash jarayonida qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining 2022 yil 12 maydagi 03-1/421-sonli ma’lumotnomasi). Bu taklif milliy, mintaqaviy va mintaqalararo energetika hamkorligini mustahkamlash va yangi transmilliy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishga xizmat qildi;
Markaziy Osiyoda geosiyosiy plyuralizm tamoyili asosida uglevodorod resurslari jahon kuch markazlari tomonidan taqsimlanishi nafaqat energetik bozorni samarali diversifikatsiya qilishning, balki mintaqada uzoq muddatli barqaror taraqqiyot va tashqi kuchlarning ta’siri muvozanatini ta’minlashning muhim sharti to‘g‘risidagi ilmiy xulosa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi axborot-tahliliy materiallarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligining 2022 yil 7 maydagi 120/22-sonli ma’lumotnomasi). Bu xulosa energetika geosiyosati, energetika diplomatiyasi, O‘zbekistonda energetika sohasida xalqaro hamkorlar va sheriklar bilan olib borilayotgan ishlarni takomillashtirishga xizmat qildi. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish