Abdullayeva Maxfuza Tulqinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Qishloq xo‘jalik ekinlari monitoringini raqamli texnologiyalar asosida tashkil etish usullarini takomillashtirish (Qashqadaryo viloyati misolida)”, 06.01.10 - Yer tuzish, kadastr va yer monitoringi (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Qx465.
Ilmiy rahbar: Avezbayev Sadulla Avezbayevich, iqtisod fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: «O‘zdavyerloyiha» davlat ilmiy-loyihalash instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent Davlat agrar universiteti, PhD.05/04.03.2022.Qx.13.03.
Rasmiy opponentlar: Ruzmetov Maksud Ismoilovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Narbayev Sharafitdin Kengeshovich, iqtisod fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qishloq xo‘jaligi ekin yerlari va turlari monitoringini yuritishni zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish asosida takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qishloq xo‘jalik ekin yerlari va ekin turlari monitoringini miqdor va sifat jihatdan yuritish usuli isbotlangan;
takroriy, oraliq va to‘qsonbosti ekinlari monitoringini yuritish tartibi sxemasi asosida monitoring ishlarini tashkil etish taklif etilgan;
qishloq xo‘jalik ekinlari monitoringini raqamli texnologiyalar asosida tashkil etish usullarini takomillashtirishda qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish rejasi > ArcGIS dasturi > an’anaviy monitoring > Field Map mobil ilovasi > kosmosurat (Sentinel 2 NDVI) > ArcGIS dasturi > «R-GIS» portali ketma-ketligi mexanizmi asoslangan;
ilk bor, sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari sharoitida g‘o‘za va boshoqli don ekinlarining Sentinel 2 sun’iy yo‘ldoshidan olingan kosmik suratlar yordamida monitoringini yuritishning maqbul muddatlari (aprel, iyun, avgust va oktabr oylarining 01-30 kunlarida o‘tkazish) asoslab berilgan;
zamonaviy innovatsion geoaxborot texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligi ekin yerlari va ekin turlari monitoringini yuritish orqali ulardan samarali foydalanish mumkinligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qashqadaryo viloyati misolida qishloq xo‘jalik ekinlari monitoringini raqamli texnologiyalar asosida tashkil etish usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
qishloq xo‘jaligi ekinlarining zamonaviy monitoringini yuritish bo‘yicha takomillashgan uslubiyati ishlab chiqilgan va Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qashqadaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi Yakkabog‘ tumani bo‘limida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 5-sentabrdagi 04/30-04/6238-son ma’lumotnomasi). Natijada, qishloq xo‘jaligi ekinlari monitoringini yuritish va ulardan samarali foydalanishda uslubiy tavsiyanoma sifatida xizmat qilgan.
sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari sharoitida g‘o‘za va boshoqli don ekinlarini NDVI ko‘rsatkichlari orqali monitoringini yuritishning maqbul muddatlari ishlab chiqilgan va «O‘zdavyerloyiha» davlat ilmiy-loyihalash instituti Qashaqdaryo bo‘linmasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 5-sentabrdagi 04/30-04/6238-son ma’lumotnomasi). Natijada, qishloq xo‘jaligi ekinlari (paxta va boshoqli don ekinlari) bahorgi, yozgi va kuzgi oylaridagi maqbul muddatlarda monitoringini yuritish imkonini bergan.
qishloq xo‘jaligi ekin turlarini to‘g‘risidagi kompleks ma’lumotlarni geovizuallashtiruvchi ishlab chiqilgan «R-GIS» nomli ochiq dasturi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qashqadaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 5-sentabrdagi 04/30-04/6238-son ma’lumotnomasi). Natijada, qishloq xo‘jaligi ekinlari (paxta va boshoqli don, dukkakli va moyli ekinlar, sabzavot va poliz ekinlari kabilar)ni to‘g‘ri joylashtirishda tezkor va samarali ma’lumotlar to‘plash va saqlash orqali yerdan foydalanuvchilarga kompleks ma’lumotlarni taqdim etish hamda qishloq xo‘jaligi mutaxassislariga interaktiv xizmat ko‘rsatish imkonini bergan.