Narzullayeva Nigora Ulugbekovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Atmosferada zararli faol aerozol zarralarning tarqalish jarayonini matematik modellashtirish», 05.01.07 – Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/T2643
Ilmiy rahbar: Ravshanov Normaxmad, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.13/30.12.2021.T.142.01.
Rasmiy opponentlar: Djumanov Jamoljon Xudoykulovich, texnika fanlari doktori, professor; Urunbaev Jasur Erkinovich, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sanoat hududlarida atmosferaning ekologik holatini kuzatish va bashoratlash uchun sanitariya me’yorlari va boshqaruv qarorlarini qabul qilishni ta’minlaydigan matematik modellarni, sonli algoritmlar va dasturiy majmuani ishlab chiqish va takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sferik koordinatalar sistemasida gidromexanikaning umumiy tenglamasi bilan tavsiflanadigan aerozol zarralarining atmosferada tarqalish jarayonining matematik modeli takomillashtirilgan;
ob-havo va iqlim omillari, zarrachalarning fizik, mexanik va kimyoviy xossalari, to‘g‘ri va teskari reaksiyalar tezligini hisobga olgan holda faol aerozol zarralarining atmosferada ko‘chishi va tarqalish jarayonini kuzatish va bashoratlash uchun matematik model ishlab chiqilgan;
atmosferadagi aerozol zarralarining ko‘chishi va diffuziyasi masalasini hal qilish uchun yuqori aniqlikdagi vaqt va fazoviy o‘zgaruvchilarga nisbatan yuqori aniqlikdagi turg‘un sonli algoritmi ishlab chiqilgan;
meteorologik omillarni, zarrachalarning fizik-mexanik va kimyoviy xususiyatlarini hisobga olgan holda atmosferada faol aerozol zarralarining tarqalishi masalasini yechishning sonli algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Sanoat hududlarida atmosferaning ekologik holatini kuzatish va bashoratlash uchun matematik modellar, hisoblash algoritmlari va dasturiy majmuadan foydalanish asosida:
kichik o‘lchamli zarrachali chiqindilarning tarqalishini tahlil qilish, kuzatish va bashoratlash uchun dasturiy vosita «Jomboy don mahsulotlari» AJ faoliyatiga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati hokimligining 2022 yil 25 noyabrdagi 06-07/4366-son ma’lumotnomasi). Joriy qilish natijasida donni tozalash va maydalash qurilmalari ishlaganda atmosfera havosidagi zararli kichik o‘lchamli zarrachalar konsentratsiyasini baholash aniqligi 8-10 foizga oshirildi;
atmosferaning chegara qatlami va yer yuzasining ekologik holatini passiv va faol aralashmalar orqali kuzatish va bashoratlash uchun matematik va dasturiy ta’minot «Indigo Sand Trade» MChJ faoliyatiga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati hokimligining 2022 yil 25 noyabrdagi 06-07/4366-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan matematik modellar, hisoblash algoritmlari va dasturiy ta’minotni joriy etish natijalari atmosferaning chegara qatlamida noorganik chang va gaz aralashmalari zarralari konsentratsiyasi darajasini (texnologik uskunalar va pechlarning berilgan ish rejimlarida) bashoratlash imkoniyatini berdi;
faol aerozollarning atmosferada ko‘chish va tarqalish jarayonlarini tahlil qilish, kuzatish va bashoratlashning matematik modeli va dasturiy vositasi, Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi faoliyatida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati hokimligining 2022 yil 25 noyabrdagi 06-07/4366-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarini tatbiq etish Samarqand viloyatining atmosfera havosidagi zararli moddalar konsentratsiyasi darajasini bashoratlash aniqligini 13-14 foizga oshirish imkonini berdi;
zararli faol aerozol zarralarining atmosferaga tarqalish jarayonini kuzatish va bashoratlash uchun matematik modellar, hisoblash algoritmlari va dasturiy majmuasi «New Tech Samarkand» MChJ faoliyatiga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati hokimligining 2022 yil 25 noyabrdagi 06-07/4366-son ma’lumotnomasi). Matematik va dasturiy ta’minotni joriy etish natijalari atmosferaning chegara qatlamidagi passiv va faol aralashmalar zarralari konsentratsiyasini bashoratlash aniqligini 9-12% ga oshirdi.