Negmatova Shaxzoda Shuxratovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti sharoitida sog‘lom raqobatni rivojlantirishning ma’naviy, axloqiy va huquqiy jihatlari», 09.00.00–Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:2017.1.DSc/Fal16.
Ilmiy maslahatchi: Yaxshilikov Jo‘raboy Yaxshilikovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti. DSc.27.06.2017.F.02.02.
Rasmiy opponentlar: Qodirova Zuhra Rashidovna, falsafa fanlari doktori, professor; To‘ychiev Berdiqul To‘raqulovich, falsafa fanlari doktori, professor; Abilov O‘rol Murodovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti taraqqiyotining ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini ochib berish va sog‘lom raqobatni rivojlantirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
raqobatning gnoseologik mazmuni bunyodkorlik, kompromisslik, konsen-suslik, jamoaviylik, tolerantlik, adekvatlik kabi mental xususiyatlar orqali namoyon bo‘lishi asoslab berilgan;
iqtisodiy raqobatni sog‘lomlashtiruvchi raqobat madaniyati, o‘zaro yordam, o‘zaro hamkorlik, halollik, insoflilik, tejamkorlik kabi axloqiy sifatlar aniqlangan hamda ularni amalda qo‘llash yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan;
noogenezis(tafakkur bosqichi)da yuz beradigan raqobat turlarining (in-tellektual, virtual, informatsion) ijtimoiy taraqqiyotdagi o‘rni va jamiyatga ta’sir etish darajalari aniqlab berilgan;
kriminal raqobatning mazmun va shakllari o‘rtasida dialektik aloqadorlik mavjudligi falsafiy metodologik jihatdan asoslangan va unga qarshi kurashishning milliy va umuminsoniy axloqiy qonun-qoidalar hamda huquqiy prinsip va normalarni uyg‘unlashtirish usullari takomillash-tirilgan;
sog‘lom ma’naviy raqobat (inson ongi, qalbi, e’tiqodi, dunyoqarashi, axloqi, ma’naviyati, madaniyati, mafkurasini sog‘lomlashtirishga yo‘nal-tirilgan xatti-harakatlar) jarayonida ob’ekt va sub’ekt o‘rtasidagi aloqa-dorlik fuqarolarda ma’naviy raqobatbardoshlik xususiyati shakllanishining deterministik, ya’ni sababiy omili ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti sharoitida sog‘lom raqobatni rivojlantirishning ma’naviy, axloqiy va huquqiy jihatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sog‘lom iqtisodiy raqobat muhitini shakllantirishda axloqiy mezonlarni qo‘llash yuzasidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalardan Samarqand viloyati Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi amaliyotida 2014–2016 yillarda viloyat miqyosida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan sub’ektlar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida sog‘lom raqobatni to‘g‘ri tashkillashtirish va rivojlantirish maqsadida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 7 noyabrdagi 03/15-3536-son ma’lumotnomasi) Ushbu ilmiy tadqiqot natijalari qishloq xo‘jaligi sohasida xizmat qilayotgan xodimlar faoliyatida sog‘lom raqobatni yanada rivojlantirish jarayoniga samarali hissa qo‘shishda xizmat qilgan;
raqobatning gnoseologik mohiyati milliy mental xususiyatlardan kelib chiqishi haqidagi xulosalardan Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 21 iyuldagi 237-sonli “Har yillik “Savdo va xavfsizlik” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorning 2-bandida belgilab qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda foydalanilgan (Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2018 yil 2 fevraldagi 91/01-15-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy xulosalarning amaliyotga joriy qilinishi raqobatlashuvchi sub’ektlarning axloqiy norma va prinsiplarga rioya etishlarini ta’minladi va raqobat jarayonini oqilona tashkil etish imkonini berdi;
raqobatni intellektual, virtual, informatsion turlarining jamiyat taraqqiyotiga ta’sirini o‘rganishga oid takliflar Davlat raqobat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi faoliyatida sog‘lom raqobat belgilari etiketini ishlab chiqish shaklida amaliyotga joriy etilgan (Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2018 yil 2 fevraldagi 91/01-15-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijaning amaliyotga tatbiq etilishi viloyat miqyosida raqobatlashuvchi sub’ektlarning raqobat madaniyatini yanada yuksaltirishga va raqobat muhitini sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning jadallashuviga xizmat qilgan;
iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy raqobat jarayonida sodir bo‘ladigan qonunga zid holatlar va ularga qarshi kurashish usullarini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi tomonidan 2017 yil 8 avgustda o‘tkazilgan “Yosh tadbirkorlar va fermerlar bilan ochiq muloqot”, 2017 yil 6 sentyabrda o‘tkazilgan “Yosh tadbirkorlar uchun biznes rejalar tuzish”, 2017 yil 12 senyatbrda “Yoshlar ma’naviyati: muammo va echimlar” mavzularidagi tadbirlarda foydalanilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2018 yil 12 yanvardagi 04-13/175-son ma’lumotnomasi). Mazkur yo‘nalishdagi ilmiy xulosa va amaliy tavsiyalarning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi faoliyatida qo‘llanilishi ular tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarning ma’naviy-madaniy salohiyati ko‘tarilishiga xizmat qilib, tadbirkor, siyosatchi va targ‘ibotchi yoshlar faoliyatida kriminal raqobatning yo‘li to‘silib, unga qarshi kurashishda innovatsion usullarini qo‘llash va takomillashtirish imkonini bergan;
sog‘lom ma’naviy faoliyat jarayonida yuz beradigan raqobatning ratsional asosini progressiv g‘oyalar tashkil etishi, ma’naviy raqobat jarayonida ob’ekt va sub’ekt o‘rtasidagi aloqadorlikning ijtimoiy taraqqiyotga ta’sir ko‘rsatishi borasidagi xulosalardan «Mahalla» xayriya jamoat fondi 2017 yilga mo‘ljallangan ish rejasini IV bo‘limining oltinchi «Ommaviy madaniyat» xurujiga qarshi aholi o‘rtasida sog‘lom ma’naviy raqobatni tashkil etish» bandini tayyorlash va ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi «Mahalla» xayriya jamoat fondining 2017 yil 21 yanvardagi 02.03/55‑son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi aholi ongida sog‘lom ma’naviy raqobat muhiti haqida tasavvur va bilimlar shakllanishiga hamda ularning ma’naviy raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilgan.