Abdulxayev Xurshed G‘afurovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Pushtalarga hajmiy ishlov beradigan mashina ishlab chiqishning ilmiy-texnik yechimlari», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.DSc/T313.
Ilmiy maslahatchi: To‘xtaqo‘ziyev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: Imomqulov Qutbiddin Boqijonovich, texnika fanlari doktori, professor; Xudayarov Berdirasul Mirzayevich, texnika fanlari doktori, professor; Turdaliyev Voxidjon Maxsudovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi pushtalarga ekish oldidan ularning butun profili bo‘yicha to‘liq, ya’ni hajmiy ishlov beradigan mashina ishlab chiqish va uning ish ko‘rsatkichlari hamda samaradorligini oshirish yo‘llarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mashinaning konstruksiyasi pushtalarga ularning butun profili bo‘yicha to‘liq va bir tekis ishlov berish mezonlari asosida ishlab chiqilgan;
mashina ish organlarining konstruksiyalari va parametrlari ishlov beriladigan pushtalarning shakli va geometrik o‘lchamlariga bog‘liq ravishda tanlangan;
mashinaning o‘qyoysimon panjalari bilan egatlar tubiga, rotatsion yumshatkichi bilan pushtalarning yonbag‘irlariga hamda plankali g‘altakmolalari bilan ularning tepa qismiga ishlov berish jarayonlarini ifodalaydigan analitik bog‘lanishlar pushtalar tuprog‘ining xususiyatlari hisobga olinib keltirib chiqarilgan va ular asosida ish organlarining parametrlari aniqlangan;
ish organlari parametrlarining maqbul qiymatlari agrotexnik va energetik mezonlar bo‘yicha asoslangan;
mashina ish organlarining belgilangan ishlov berish chuqurligiga botishi va uning bir tekis saqlanishi mashinaning tayanch tekisligidan pastki osish nuqtalarigacha bo‘lgan tik masofani o‘zgartirish hisobiga ta’minlanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Pushtalarga hajmiy ishlov beradigan mashina ishlab chiqishning ilmiy-texnik yechimlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
pushtalarga ekish oldidan ularning butun profili bo‘yicha to‘liq va bir tekis ishlov beradigan mashina va uning ish organlari konstruksiyalariga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro va foydali modellarga patentlari olingan («Pushta va jo‘yaklarga ishlov beradigan qurilma», № IAP 05829-2019 y. va № FAP 01071-2016 y, «Rotatsion yumshatkich», № FAP 00888-2014 y.). Natijada pushtalarga ularning butun profili bo‘yicha hajmiy ishlov beradigan mashina ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
pushtalarga ekish oldidan ishlov berish texnologik jarayoni bajarilishining sifat ko‘rsatkichlarini baholashga dastlabki talablar va mashina konstruksiyasini loyihalashga texnik topshiriq ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 5 apreldagi 07/24-04/1940-son ma’lumotnomasi). Natijada pushtalarga ekish oldidan to‘liq ishlov beradigan mashina konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
pushtalarga ekish oldidan hajmiy ishlov berish uchun ishlab chiqilgan mashinaning tajriba nusxalari QXMITI tajriba xo‘jaligi, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani, Andijon viloyati Andijon va Izboskan tumanlari, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani fermer xo‘jaliklariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 5 apreldagi 07/24-04/1940-son ma’lumotnomasi). Bunda pushtalarga ishlov berishga yonilg‘i sarfi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar, mos ravishda, 1,56 marta va 54,15 foizga kamaygan;
ishlab chiqilgan pushtalarga hajmiy ishlov beradigan mashinaning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari «BMKB-Agromash» AJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 5 apreldagi 07/24-04/1940-son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega pushtalarga ekish oldidan ishlov beradigan mashinani sanoat usulida ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.