Usanov Sanjar Sadinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yallig‘lanishga qarshi preparatlar bilan polipragmaziyada jigar parenximasining morfologik xususiyatlari» 14.00.02 – Morfologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Tib1627.
Ilmiy rahbar: Teshaev Shuxrat Jumaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat tibbiyot instituti, DSc.04/30.04.2022.Tib.93.01.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Xamidulla Abdullaevich, tibbiyot fanlari doktori; Kalashnikova Svetlana Aleksandrovna, tibbiyot fanlari doktori. (Rossiya Federatsiyasi).
Yetakchi tashkilot: Ostona Tibbiyot Universiteti (Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi polipragmaziyada yallig‘lanishga qarshi dori vositalari ta’sirida 5 oylik bo‘lgan oq zotsiz kalamush jigar parenximasidagi morfologik o‘zgarishlarning xususiyatlarini aniqlash va baholashdan iborat bo‘lgan.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yallig‘lanishga qarshi preparatlar polipragmaziyasi ta’sirida jigar absolyut og‘irligi, hajmi, jigar parenximasining morfologik ko‘rsatkichlarining pasayishi asoslangan.
morfometrik parametrlarning kichrayishi polipragmaziyadagi dori vositalarining sonini oshirilishi jigardagi patomorfologik o‘zgarishlar jarayonlarini chuqurlashtirishi asoslangan;
YaQD vositalari ta’sirida gepatotsitlarning ko‘ndalang diametri, sitoplazmasi diametrining o‘zgarishlari turlicha bo‘lib, 2 va 3 ta dori vositasi birga qo‘llanilganda bu o‘lchamlarning kichrayishi kuzatilsa, 4 va 5 ta dori vositasi birga qo‘llanilganda hujayra shishi kelib chiqishi hisobiga kattalashishi aniqlangan;
polipragmaziya sharoitida hayvonlarda jigar kapillyarlari holati va ichki o‘t yo‘llari, shuningdek, biologik membranalar ham o‘rganilgan, buning natijasida jigarning strukturaviy tuzilishi jigar to‘qimasi destruksiyasi rivojlanishi va ushbu holatning morfofunksional o‘zgarishlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Olingan ilmiy natijalarga asoslanib, normal sharoitda va polipragmaziya ta’sirida kalamushlar jigarining morfologik va funksional xususiyatlari asosida:
yallig‘lanishga qarshi dori vositalari polipragmaziyasida jigarlar morfometrik parametrlarini aniqlash bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan “Yallig‘lanishga qarshi dori vositalari polipragmaziyasida jigarlar morfometrik parametrlarini aniqlash metodologiyasi” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 14 martdagi 8n-r/265-son ma’lumotnomasi)). Ushbu tavsiyanoma polipragmaziya ta’sirida jigardagi morfologik o‘zgarishlarni aniqlash, ularni o‘z vaqtida davolash va asoratlarning oldini olish tartibini tizimli ravishda tashkil etishga imkon bergan;
polipragmaziya ta’sirida jigar tuzilishidagi morfofunksional xususiyatlar va morfometrik o‘zgarishlarni o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali va Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi amaliyotiga joriy etildi (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yildagi 8n-Z180-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot ma’lumotlarini amalga oshirish morfologik parametrlar bo‘yicha organopatologiyani erta tashxislash, davolash va bashorat qilish, hayot sifatini yaxshilash va asoratlar sonini kamaytirish usullarini ishlab chiqish imkonini bergan.