Olimov Odil Tursunmurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ishlab chiqarilayotgan tola sifatini yaxshilash maqsadida ko‘p bosqichli yangi tola tozalash texnologiyasini ishlab chiqish” 05.06.02 – “To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish” (texnika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.RhD/T933
Ilmiy rahbar: Agzamov Mirsalix, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSc.03/30.12.2019.T.08.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaniyazov Qadam Jumaniyazovich texnika fanlari doktori, professor; Ismailov Alisher Abdulxaevich texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: to‘g‘ri oqimli uch silindrli tola tozalagichlarni takomillashtirib, uning tozalash samaradorligini oshirish va ishlab chiqarilayotgan tolaning sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uch silindrli tola tozalagichning o‘rtadagi arrali silindri olib tashlanib uning o‘rniga yo‘naltirgich va klapan ochib - yopgich o‘rnatilishi hisobiga takomillashtirilib, rostlanadigan ikki bosqichli tola tozalagich yaratilgan;
klapan ochib – yopgichga o‘z o‘qi atrofida burilish imkoniyati yaratilishi hisobiga tola tarkibidagi nuqson va iflos aralashmalar miqdoriga qarab, bir yoki ikki silindrda ishlaydigan tola tozalagich yaratilgan;
tola tozalagichni loyihalashda arrali silindrlar orasida hosil qilingan o‘zgaruvchan qismli quvurning asosiy parametrlarini aniqlash uchun ikki fazali muhitni hisobga olgan holda bog‘lanishlar ishlab chiqilgan;
kichik kvadratlar usuli yordamida tola tozalagichning aerodinamik ko‘rsatkichlarini aniqlab beruvchi regressiya tenglamalari olingan hamda yuqori tozalash samaradorligiga erishishni ratsional rejimlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Uch silindrli tola tozalagichni takomillashtirib, tolaning nuqson va iflosliklariga qarab rostlanadigan ikki silindrli tola tozalagichni ishlab chiqish hisobiga tozalash samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
to‘g‘ri oqimli ikki bosqichli rostlanadigan tola tozalagichga O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk Agentligi tomonidan foydali modelga patent olingan (Tola tozalagich. FAP 00726, 27.04.2012 y.);
takomillashtirilgan va tola tozalash jarayonini rostlash imkoniyati yaratilgan tozalash samaradorligi yuqori bo‘lgan uskuna “Xanqa paxta tozalash” korxonasiga joriy etilgan (“O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlar” uyushmasining 2022 yil 28 noyabr` №02/22-824/1 sonli ma’lumotnomasi). Natijada tozalash samaradorligi ishlab chiqarishdagi tola tozalagichga solishtirganda 38,33 % ga yoki 1,38 marta oshishiga, chiqindining toladorligi esa 8,16% ga yoki 1,08 marta kamayishiga erishilgan.