Diyorov Xusan Gulmurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Urug‘lik chigit dorilagichining aralashtiruvchi barabanini takomillashtirish va parametrlarini asoslash”, 05.02.03 – «Texnologik mashinalar. Robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari» ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2 PhD/T2863.
Ilmiy rahbar: Akramov Alisher Ashuralievich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyati, DSc.30/30.11.2021.T.141.01.
Rasmiy opponentlar: Djamolov Rustam Kamolidinovich, texnika fanlari doktori, professor, Normatov Elmurod Avazovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Tukli urug‘lik chigitni dorilash jarayonida dorining ishchi suspenziyasini tukli chigitga yuqori sifatli aralashtirish uchun aralashtirgich konstruksiyasini ishlab chiqish asosida urug‘lik chigitlarini dorilash samaradorligini oshirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
tukli paxta chigitlarining texnologik xossalarini hamda chigitni dorilashning bir xilligi va to‘liqligiga qo‘yiladigan talablar asosida tukli urug‘lik chigitlari uchun olti qirrali aralashtirgich barabani ichiga qo‘shimcha aralashtirgich elementlari qo‘llanilgan xolda takomillashtirilgan konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
olti qirrali baraban devoriga turli burchaklarda o‘rnatilib, chigitlarni aralashtirishning radial va bo‘ylama oqimlarini yaratadigan va shu bilan konvektiv aralashtirish jarayonini ta’minlaydigan reshetkada yig‘ilgan tanlangan dumaloq quvurli qo‘shimcha aralashtirgichlar tavsiya etilgan;
aralashtirgichning aylanish davrida dorilangan tukli chigitning panjaralarda yig‘ilgan dumaloq quvurli qo‘shimcha aralashtirgichlar bilan o‘zaro ta’sir kuchini nazariy qonuniyatlaridan foydalanib, qo‘shimcha aralashtirgichlardagi quvurlar diametri, soni va ular oralig‘idagi tirqishlar asoslangan.
nazariy va eksperimental izlanishlar natijasida tukli urug‘lik chigitni dorilash uchun aralashtirgichning ishlab chiqilgan konstruksiyasining asosiy parametrlaridan dumaloq quvurli reshetkani soni, quvur diametri, o‘rnatilish burchagi, barabanning aylanish tezligi va ish unumdorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dori suspenziyasini aralashtirish barabanini parametrlari va ish rejimlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
takomillashtirilgan aralashtirgichning ishlab chiqilgan konstruksiyasi Buxoro viloyatidagi “VCT Cluster Agrokompleks” MChJ tizimidagi ixtisoslashtirilgan urug‘lik chigit tayyorlash sexida qayta ishlangan tukli paxta chigitlari uchun joriy etildi (“Paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasining 2022 yil 11-noyabrdagi №02/22-822 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, 90-95% gacha bo‘lgan dorilashning to‘liqligi, urug‘lik chigitning unib chiqishi 2-4% ga oshishiga va chigitni ekish sarfi 8-10% ga kamayishiga olib kelgan.