Norov Bekzod Nematovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sho‘rlangan tuproq sharoitida amaliy seleksiya uchun g‘o‘zaning qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan boshlang‘ich ashyosini yaratish”, 06.01.05-Seleksiya va urug‘chilik  (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2021.1.PhD/Qx704.
Ilmiy rahbar: Amanturdiev Alisher Balkibaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
Rasmiy opponentlar: Boboev Sayfulla G‘afurovich, biologiya fanlari doktori, professor; Xolmurodova Go‘zal Ro‘zievna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rta darajada sho‘rlangan tuproqlar sharoitida 
politester topkross usulidan foydalangan holda olingan duragaylar asosida sho‘rga bardoshli ertapishar, serhosil, yirik ko‘sakli, yuqori tola chiqimi va sifatiga ega bo‘lgan boshlang‘ich ashyolar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub ssp.yucatanense (06421), ssp.punctatum (05152), ssp.morilli (09363), ssp.richmondi (09281), kenja turlari va AQSh seleksiyasiga mansub “Asala 1571-70”, “Asala Sj-5”, “Deltapine 16”, “Paymaster 266”, “S.Compositae” navlari ishtirokida olingan duragaylardan ko‘p yillik tanlov asosida yaratilgan sho‘rga bardoshli “Guliston”, S-5706, S-5707 va S-5709 navlari hamda ertapishar, viltga chidamli T-2674, T-7211, T-374, T-45/573 tizmalari ishtirokida o‘rta darajada sho‘rlangan tuproq sharoitlarida politester topkross tizimida yangi noyob duragaylar yaratilgan;
nav, tizma va olingan duragaylarning kombinatsion qobiliyatiga baho berilgan, sho‘rga bardoshlilikning irsiylanish qonuniyatlari aniqlangan hamda seleksiya uchun donorlar va istiqbolli duragay kombinatsiyalar ajratilgan;
mahsuldorlik belgisini irsiylanishida genlarning roli turlicha bo‘lib, Guliston g‘o‘za navida additiv genlar samarasi ustunligida irsiylangan bo‘lsa, S-5706, S- 5707 va S-5709 navlarida mazkur belgining irsiylanishi dominant va epistatik genlar ta’siri ustunligida aniqlangan, maxsus kombinatsion qobiliyati variansiyalari natijasida Guliston x T-374, S-5706 x T-2674, S-5707 x T-45/573, va S-5709 x T-374 seleksiya uchun istiqbolli deb topilgan;
duragaylarda ayrim morfobiologik, qimmatli xo‘jalik belgilarini va tola sifatini irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi hamda belgilar orasidagi o‘zaro korrelyasion bog‘liqliklar aniqlangan;
sho‘rga bardoshli, tezpishar, serhosil, yirik ko‘sakli, tola chiqimi va sifati yuqori bo‘lgan oilalari boshlang‘ich ashyo sifatida amaliy seleksiya jarayoniga tavsiya etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sho‘rlangan tuproq sharoitida amaliy seleksiya uchun g‘o‘zaning qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan boshlang‘ich ashyosini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
sho‘rga bardoshli, tezpishar, serhosil, yirik ko‘sakli, tola chiqimi va sifati yuqori bo‘lgan yangi O-5, O-7, O-11, O-74, O-77, O-98, O-99, O-101, O-360, O-368, O-369, O-140, O-144, O-419, O-224, O-226 va O-233 oilalari yaratilib, PSUEAITIning Sirdaryo ilmiy tajriba stansiyasining o‘rta darajada sho‘rlangan tuproqlari sharoitida 1,5 ga maydonda ekilgan va urug‘larini ko‘paytirish ishlari olib borilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 20 noyabrdagi №02/020-4701-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu oilalar o‘rta darajada sho‘rlangan tuproqlar sharoitida yaratilgan bo‘lib, tezpisharligi 110,0-115,0 kunni, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 6,5-7,1 grammni, tola chiqimi 38,0-41,0 foizni tashkil etib, hosildorligi 40,0 sentnerni tashkil etgan;
qimmatli xo‘jalik belgilarining yuqori majmuiga ega bo‘lgan g‘o‘zaning yangi S-5727 navi yaratilib, 2021 yilda Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining turli tuproq-iqlim sharoitilarida joylashgan shahobchalarida sinovdan o‘tgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 20 noyabrdagi №02/020-4701-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu nav Davlat me’yoriy talablariga to‘liq javob berganligi uchun 2022 yildan Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining turli xil tuproq-iqlim sharoitilarida joylashgan shaxobchalarida konkurs nav sinovi uchun qabul qilingan;
hammualliflikda o‘rta tolali g‘o‘zaning yangi S-5710 navi yaratilib, 2020-2021 yillarda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Orifjon” elita urug‘chilik fermer xo‘jaligida 2,5 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 20 noyabrdagi №02/020-4701-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur navning o‘suv davri 116,0-120,0 kunni, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 6,5-7,1 g. ni, tola chiqimi 38,0-39,0% ni, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,1-4,5 ni, tola uzunligi 1,26 dyuymni, umumiy hosildorlik 40,0-45,0 s/ga ni tashkil etib, nazorat naviga nisbatan gektaridan 5,0-10,0 sentnerga yuqori hosil olingan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish