Muxamedova Sayyora Fatxullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Muso Saidjonovning ijtimoiy-siyosiy va ilmiy faoliyati”, 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2017.1.PhD/Tar72.
Ilmiy rahbar: Alimova Dilorom Agzamovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Baxtiyor Ergashevich, tarix fanlari doktori, dotsent;
Boltaev A’zam Xomidovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Muso Saidjonovning tarjimai holi, ijtimoiy-siyosiy va ilmiy faoliyatini tarixiy jarayonlar kontekstida yoritish hamda bunga doir bilimlarning to‘planish dinamikasini aniqlash orqali sovet tuzumi qatag‘on siyosati mohiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Muso Saidjonovning Buxoro Xalq Sovet Respublikasi boshqaruvida sovet hokimiyatining mustabidchilik siyosatini qo‘llashiga qarshi turganligi, milliy davlatchilik an’analarini qayta tiklab, iqtisodiy-siyosiy sohalarni rivojlantirishdagi urinishlari o‘sha davrda Buxoroning Rossiya bilan savdo aylanmasi narx-navolarining munozarali masalalariga oydinlik kiritganligi hamda davlatning moliya-iqtisod va soliq idoralari faoliyatini muvofiqlashtirganligi misolida dalillangan;
Muso Saidjonov tashabbusi va boshchiligida Buxoroda Buxkomstaris, O‘lkashunoslik muzeyi va Buxoro viloyati ommaviy kutubxonasining tashkil etilishi hamda hozirda O‘zbekiston Milliy arxivi saqlovidagi “Buxoro amirligi Qo‘shbegisi mahkamasi” fondi hujjatlarini belgilangan tartib asosida arxiv idoralariga topshirishni tashkil etganligi asoslab berilgan;
Muso Saidjonovning Samarqanddagi yon tomonga og‘ib borayotgan Ulug‘bek minorasini tiklaganligi, Buxorodagi Somoniylar va Bayonqulixon maqbaralari, Ark, Sitorai Mohi Xosa saroyi, Mir Arab, Ko‘kaldosh, Gavkushon madrasalari, Vobkent minorasini ta’mirlash ishlari uning rahbarligi va ishtirokida olib borilganligi va shu sababli ularning bugungi kungacha talafotsiz etib kelganligi dalillangan;
olimning arxeologik va o‘rta asrlar yozma manbalarini o‘rganish asosida XV-XVI asrlarga oid bo‘lgan va hozirda yo‘qolib ketgan Childuxtaron maqbarasining (Samarqand) nomi aslida shayboniylar avlodiga tegishli bo‘lgan Ko‘chkinchixon maqbarasi ekanligini ilmiy jihatdan isbotlab berganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Muso Saidjonovning jadidchilik harakatidagi tutgan o‘rni, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi boshqaruvida o‘z xalqi manfaatlarini himoya qilish yondoshuvida turib ishtirok etgani, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga sodiq qolganligi hamda uning rahbarligida Buxoroda Buxkomstaris, O‘lkashunoslik muzeyi va Buxoro viloyati ommaviy kutubxonasining tashkil etilishi hamda hozirda O‘zbekiston Milliy arxivi saqlovidagi “Buxoro amirligi Qo‘shbegisi mahkamasi” fondi hujjatlarini arxiv idoralariga topshirishda bosh bo‘lganligi haqidagi ko‘rgazmali materiallardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi eksponatlarini shakllantirishda foydalanilgan (“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyining 2022 yil 31 maydagi 97-son dalolatnomasi). Qo‘llanilgan natijalar mazkur davrni faktik materiallar bilan to‘ldirishga ko‘mak berib, Buxoro milliy ziyolilarining namoyandasi bo‘lgan va sovet tuzumi qatag‘oniga uchragan Muso Saidjonovning milliy davlatchilik, madaniyat, maorif va tarix fani rivoji yo‘lida olib borgan ishlari va faoliyatini ilmiy asosda yoritishga xizmat qilgan;
Muso Saidjonovning Buxoroda ma’rifatparvarlik harakatida ishtirok etib xalqni xat-savodli qilish, tarixiy obidalarni asrab-avaylash yo‘lida olib borgan ishlari hamda uning o‘rta asr sharq qo‘lyozmalarining chuqur bilimdoni, arxeolog olim, professor darajasiga etishishi, ilmiy va siyosiy faoliyati haqida arxiv hujjatlari bilan asoslangan ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Tasmalardagi tarix” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 12 sentyabrdagi 02-31-1490-son ma’lumotnomasi). Ushbu tadqiqot natijalari Vatan tarixi va uning ravnaqi yo‘lida fidoyilik namunasini ko‘rsatgan davlat arbobi, olim Muso Saidjonovning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka etkazishga xizmat qilgan.