Shavkatjon Ulug‘bekovich Bobojonovning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Buxoro vohasida ziyorat sayyohligining rivojlanish xususiyatlari (antropologik tadqiqot)”, 07.00.07 – Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2022.3.PhD/Tar507.
Ilmiy rahbar: Manzila Bakiyevna Kurbanova, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Ballieva Ruza, tarix fanlari doktori, professor; Abidova Zaynab Kadirberganovna, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mustaqillik yillarida Buxoro vohasida ziyorat sayyohligining rivojlanish xususiyatlarini antropologik jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro vohasida ziyorat sayyohligi ziyoratgohlarning madaniy yodgorliklar sifatida targ‘ib qilinishi, ziyoratdagi diniy va dunyoviy motivlarning uyg‘unlashuvi, tashrif buyuruvchi (mehmon) va qabul qiluvchi (mezbon) o‘zaro munosabatlarining dunyo standartlariga moslashuvi kabi xususiyatlar natijasida rivojlanganligi dalillangan;
voha ziyorat sayyohligi obyektlarining islomgacha bo‘lgan davrdagi sig‘inadigan joylar, shaxslar nomi bilan ataluvchi, shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lgan, tabarruk insonlar ziyorati singari o‘n bir shakldagi tasnifi va xonadonlarda saqlanib qolgan avliyo (Sabri Vali, Xo‘ja Hofiz, eshoni Pir va boshqalar) qabrlari geografik joylashuv, diniy motiv, ijtimoiy toifa jihatlari asosida yuz berganligi asoslangan;
ziyoratgohlarda ziyorat etiket va qoidalari salom darvozasi, kavshkashxona, xudoyixona kabi me’moriy tuzilish, ziyoratgoh ostonasini supurish, pilik yoqish, narz berish singari marosimiylik, niyat toshi, ziyoratgoh qulflarini ochishdan iborat ziyoratgoh atributlariga munosabat va Makka daraxti, zamzam qudug‘i singari haj ziyorati elementlari kabi hududiy xususiyatlarga ko‘ra asoslangan;
ziyorat sayyohligi infratuzilmasi diniy-ruhiy ehtiyojlar, milliy qadriyatlar, vohaning qadimiy ko‘chalari, an’anaviy turarjoylari, milliy bezak texnikasidan iborat me’morchilik interyeriga qiziqish, sofi osh, holva, nisholda kabi milliy taomlar hamda halol mehmonxonadagi gigiyenik dush, qibla ko‘rsatkichlari, ibodat anjomlarini o‘z ichiga oluvchi islomiy turizm va mehmondo‘stlik standartlarini joriy etish kabi omillar asosida shakllangani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Buxoro vohasida ziyorat sayyohligining rivojlanish xususiyatlarini o‘rganish yuzasidan ishlab chiqilgan xulosa va takliflar asosida:
voha ziyorat sayyohligi obyektlarining islomgacha bo‘lgan davrdagi sig‘inadigan joylar, shaxslar nomi bilan ataluvchi, shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lgan, tabarruk insonlar ziyorati singari o‘n bir shakldagi tasnifi va xonadonlarda saqlanib qolgan avliyo (Sabri Vali, Xoja Xofiz, eshoni Pir va boshqalar) qabrlarining geografik joylashuviga doir tadqiqot natijalaridan “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6165-son Farmonida belgilangan vazifalar va rejalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining 2022 yil 22 apreldagi 04-18/1321-son dalolatnomasi). Natijalarning joriylanishi ziyorat sayyohligining yangi yo‘nalishlarini tashkil etishga xizmat qilgan.
ziyoratgohlarda ziyorat etiket va qoidalari salom darvozasi, kavshkashxona, xudoyixona kabi me’moriy tuzilish, ziyoratgoh ostonasini supurish, pilik yoqish, narz berish singari marosimiylik, niyat toshi, ziyoratgoh qulflarini ochishdan iborat ziyoratgoh atributlariga munosabat va Makka daraxti, zamzam qudug‘i singari haj ziyorati elementlari kabi hududiy xususiyatlari aks etgan ilmiy natijalardan Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tomonidan Buxoro viloyati ziyoratgohlari xaritasini yaratishda foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 17 mart 2022 yil 01-09-17/03-22-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi o‘zbek xalqi tarixi va madaniy merosini asrash, unga doir bilimlarni takomillashtirishga xizmat qilgan;
ziyorat sayyohligi infratuzilmasi diniy-ruhiy ehtiyojlar, milliy qadriyatlar, vohaning qadimiy ko‘chalari, an’anaviy turarjoylari, milliy bezak texnikasidan iborat me’morchilik interyeriga qiziqish, sofi osh, holva, nisholda kabi milliy taomlar hamda halol mehmonxonadagi gigiyenik dush, qibla ko‘rsatkichlari, ibodat anjomlarini o‘z ichiga oluvchi islomiy turizm va mehmondo‘stlik standartlarini joriy etish kabi omillar asosida shakllangani aniqlangani to‘g‘risidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Etno” ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 29 mart 2022 yil 01-06-670-son ma’lumotnomasi). Natijalar vohaning muqaddas qadamjo va ziyoratgohlari hamda ziyorat sayyohligining o‘ziga xos jihatlarini jamoatchilikni tanishtirishda ilmiy asos vazifasini o‘tagan.