Muratova Nozima Faxritdinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Multimedia jurnalistikasi: xalqaro va milliy tajriba”, 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.DSc/Fil468.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi Bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Mo‘minov Fayzulla Abdullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Mamatova Yakuta Muxamedjanovna, filologiya fanlari doktori, professor; Melnik Galina Sergeyevna, siyosiy fanlar doktori, akademik.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Internet OAVni multimedia jurnalistikasi uchun alohida media tizimi va platforma sifatida ochib berish hamda jurnalistikada multimedia yondashuvining nazariy asoslari va metodologiyasini, multimedia sharoitida ishlayotgan jurnalistlar amaliy faoliyatining umumiy qonuniyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
multimedia jurnalistikasi rivojlanishidagi interaktivlik, immersivlik, integrativlikning ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy faoliyatida namoyon bo‘lishi va har biri o‘ziga xos aniq xususiyatlarga ega bo‘lgan (bosma, radio, televideniye, internet) kanallarni birlashtirishi multimedia jurnalistikasining yetakchi sharti ekanligi dalillangan;
longridlarning zamonaviy jurnalistikada multimedia aloqa vositasi sifatidagi fazilatlari hamda ularning konseptual, tarkibiy, lingvistik va funksional xususiyatlari aniqlangan;
multimedia jurnalistikasi sharoitida tahririyatlar faoliyatini o‘zgartirishning tashkiliy shakllari hamda ijodiy usullari, yakka hamda jamoaviy faoliyat shartlari va samaradorligi aniqlanib, multimedia ishlab chiqarish ijodiy faoliyatning uch bosqichli zanjir – ishlab chiqarishgacha tayyorgarlik bosqichi (pre-production) – ishlab chiqarish bosqichi (production) – nashr (post-production) bosqichlariga asoslangani isbotlangan;
multimedia jurnalistikasida axborotni taqdim etishda matn, ovoz, tasvir, grafika, video kabi shakllarning o‘zaro uyg‘unlikda taqdim etish asnosida multimedia material tarkibidagi plan va kompozisiyaning dinamik evolyusiyasi aniqlangan;
multimedia jurnalistikasining interaktivlikka asoslanganligi jurnalist va foydalanuvchilar o‘rtasida an’anaviy “subyekt-obyekt” emas, “subyekt–subyekt” konsepsiyasi asosida hamkorlikda ijod qilishga imkoniyat berishi natijasida ikki tomonda ham media xulq-atvorning yangi qirralarini ochayotgani va auditoriyaning jurnalistik faoliyatga ham tashkiliy, ham ijodiy jihatdan jalb etilishi ko‘lami kengayib borishi dalillangan;
bugungi kunda barcha uchun ochiq bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda multimediaviylik sifatining keskin o‘sishi bilan bog‘liq ravishda multimedia savodxonlik mediasavodxonlikning bir qismiga aylanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. OAV materiallarini tahlil qilish, tavsiflash, tasniflash natijasida olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
multimedia jurnalistikasi nazariy va amaliy xususiyatlari, multimedia jurnalistikasida axborotni taqdim etishda turli media vositalarning o‘zaro uyg‘unligi va kontentning dinamik evolyusiyasi bo‘yicha olingan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2019-yildagi qarori bilan nashr etilgan jurnalistika bo‘yicha o‘n jildlik kitobga asos bo‘lib xizmat qilgan (Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustdagi 18-3228-son ma’lumotnomasi). Natijada OAV va jurnalistikaga oid zamonaviy adabiyotlar va nashrlarning yo‘qligi, ushbu bosqichda zamonaviy ommaviy axborot vositalarining rivojlanish tendensiyalari va ularning nazariy yoritilishi, jumladan, “Onlayn jurnalistika va yangi media yo‘nalishlari” nomli nashrning yettinchi jildi dissertant rahbarligida tayyorlangan bo‘lib, bevosita mazkur dissertatsiya ishida aks ettirilgan materiallarni o‘z ichiga oladi;
longridlarning zamonaviy jurnalistikada multimedia aloqa vositasi sifatida fazilatlari va ularning konseptual, tarkibiy, lingvistik hamda funksional xususiyatlarining nazariy va amaliy tahlili yangi o‘quv fanlarini yaratishga asos bo‘lib, jurnalistlarni tayyorlash jarayoniga o‘zgarish olib kirgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 19-apreldagi 89-02-469-son ma’lumotnomasi). Natijada BA60320100 bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun ikkita yangi fanning (“Multimedia jurnalistikasi”; “Onlayn mediada audiopodkast va spichrayting”) namunaviy dasturini ishlab chiqishga hamda O‘zJOKU magistratura mutaxassisligi uchun “Internetda medialoyihalar va boshqaruv” nomli maxsus fanni kiritishga asos bo‘lgan;
dissertatsiyadagi multimedia savodxonlik mediasavodxonlikning bir qismiga aylanishi yuzasidan aniqlangan natijalar Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan “O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarining salohiyatini kuchaytirish – II faza” loyihasi doirasida foydalanilgan (YUNESKO xalqaro tashkilotining 2022-yil 9-iyundagi CM-FU-TAS-2022-007508-son ma’lumotnomasi). Natijada ommaviy axborot vositalari va axborot savodxonligini shakllantirishning konseptual yondashuvlari, jurnalistika ta’limida media va axborot savodxonligi tamoyillari ishlab chiqilgan va hamma uchun ochiq bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda multimediaviylik sifatining keskin oshishiga xizmat qilgan multimediaviy savodxonlik mediasavodxonlikning bir qismiga aylanishi isbotlangan;
dissertatsiya doirasidagi amalga oshirilgan kontent tahlil natijalari va multimedia jamoasida tahririyat ishini tashkil etish bo‘yicha taklif etilayotgan ishlanmalar, shuningdek, ularning me’yoriy-huquqiy jihatlari, nazariya va amaliyot uyg‘unligini asoslab beruvchi umumiy ommaviy axborot vositalari va, xususan, onlayn OAV sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar sifatida taqdim etilgan (O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining 2022-yil 26-iyuldagi 01-18/362-son ma’lumotnomasi). Natijada 2022-yil 27-iyundagi “Mamlakatda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-294-sonli qarori tahririyatlar negizida jurnalistikaning ommaviy axborot vositalarida voqealarni yoritishda multimedia komponentini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ushbu standartning 2-ilovasida tadqiqotda ishlab chiqilgan istiqbol va takliflar o‘z aksini topgan;
multimedia jurnalistikasining faoliyat metodologiyasi, predmet va obyektining tahlili asosida ommaviy axborot vositalarini o‘rganish hamda mediasavodxonlikni oshirish bo‘yicha “Audio Lug‘at” multimedia qo‘llanmasini ishlab chiqish, mualliflik patentini olish uchun asos bo‘lgan (“Intellektual O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Mulk markazi”ning 2022-yil 4-avgustdagi 004995-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida turli media formatlardan (audio, video, rasm, ovozli matn) foydalanib, chet tilida ommaviy axborot vositalari sohasini o‘rganishga yordam berib, shu bilan nogironlarning media orqali ijtimoiylashuvi imkoniyatlarini kengaytirgan;
interaktivlikka asoslangan multimedia jurnalistikasi “subyekt–subyekt” konsepsiyasi asosida onlayn materiallarni tayyorlashning multimedia parametrlari bo‘yicha takliflar, shuningdek, har turdagi mediamateriallarni birlashtirish, kommunikatsiya texnologiyalari nuqtai nazaridan nashrlar amaliyotiga joriy etish bo‘yicha tavsiyalar “Yangi O‘zbekiston – Pravda Vostoka” gazetasi qo‘shma tahririyati tomonidan qabul qilinib, jurnalistik faoliyatda foydalanish uchun tahririyat jamoasida muhokama qilindi va dissertantning tavsiyalari asosida axborot materiallarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqildi hamda multimedia kommunikatsiya texnologiyalari nuqtai nazaridan nashrlar tayyorlanib, amaliyotga joriy etilgan (“Yangi O‘zbekiston – Pravda Vostoka” gazetasi qo‘shma tahririyatining 2022-yil 7-maydagi 3-son ma’lumotnoma). Natijada dissertantning takliflari “Yangi O‘zbekiston – Pravda Vostoka” gazetasi tahririyati jurnalistlari amaliyotiga ta’sir ko‘rsatib, sayt uchun multimedia elementlarini uyg‘unlashtirgan holda axborot materiallarini tayyorlashga ta’sir ko‘rsatdi, nashrlarning mazmuni, shaklini ma’lumotlar bilan boyitishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish