Xudoykulov Ural Charshanbievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Muxandislik tarmoqlari va inshootlarining ekspluatatsion sifatini oshirish yo‘llari (Samarqand shahri gaz ta’minoti tizimi misolida)”, “05.09.08-“Qurilish texnologiyasi va qurilish jarayonlarini tashkil qilish”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/T2966.
Ilmiy rahbar: Djabriev Akbarali Normuradovich, iqtisodiyot fanlari fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti”, “Toshkent arxitektura-qurilish instituti”.
Toshkent arxitektura-qurilish instituti. DSc.26/30.12.2019.T.11.01.
Rasmiy opponentlar: iqtisodiyot fanlari doktori, professor Ziyaev Muzaffar Kutlukovich hamda texnika fanlari nomzodi, dotsent Usmanov Ilxom Achilovich.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi muhandislik tarmoqlari va ulardagi inshootlarning ekspluatatsion sifatini oshirishning tashkiliy-texnik yo‘llarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
matematik statistika uslubiyatidan foydalanilgan holda gaz ta’minoti tizimining ekspluatatsion faoliyatida mavsumiylik qonuniyatlari aniqlanib, optimallashtirish bo‘yicha taklif etilgan me’yoriy yondashuv asosida gaz etkazib berishning 2023-2024 yillar uchun prognozi ishlab chiqilgan;
gaz tarmoqlari va inshootlarining ekspluatatsiya davrida nuqsonlar paydo bo‘lish statistikasi o‘rganilgan holda ularni tasniflash hamda ekspluatatsion sifatni baholashning yangicha yondashuvi ishlab chiqilgan;
tarmoqlarga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonida texnologik operatsiyalarni optimallashtirish, nuqsonlarni bartaraf qilish sifatini oshirish hamda tuzatish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha takomillashtirilgan texnologik sxemalar ishlab chiqilgan;
tarmoqlar va inshootlarning sifatini barqaror oshirish, axborot to‘plash va undan samarali foydalanishga qaratilgan sifat nazorati tizimi taklif qilingan hamda sifatni boshqarishning takomillashgan tashkiliy tuzilmasining ilmiy asoslari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Muhandislik tarmoqlari va inshootlarining ekspluatatsion sifatini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
gaz ta’minoti tizimining ekspluatatsion faoliyatida aniqlangan mavsumiylik qonuniyatlari, gaz iste’molini optimallashtirishning me’yoriy yondashuvi hamda 2023-2024 yillar uchun ishlab chiqilgan prognozi;
gaz tarmoqlari va inshootlari tizimida texnik xizmat ko‘rsatish jarayonida nuqsonlikni baholashning yangicha yondashuvi va shuning asosida nuqsonlarni tuzatish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha texnologik sxemalar;
tizim ishonchliligini barqaror oshirish konsepsiyasiga mos ravishda, gaz ta’minoti tizimining holati to‘g‘risida to‘liq va ob’ektiv birlamchi axborotlarni to‘plashga qaratilgan zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sifat nazorati mexanizmi va gaz ta’minoti tashkilotining sifat boshqaruviga mos takomillashgan tashkiliy tuzilmasi Hududgazta’minot AJ “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialida, O‘ztransgaz aksiyadorlik jamiyati Samarqand MGQBda joriy qilingan. (Hududgazta’minot AJ “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan 2022 yil 6 aprelda berilgan dalolatnoma, O‘ztransgaz aksiyadorlik jamiyati Samarqand MGQBning 2022 yil 7 sentyabrdagi №46-01-35/1431-1-sonli ma’lumotnomasi, “Hududgaztaminot” AJning 2023 yil 4 yanvardagi №02-23-07/66-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, gaz tarmoqlari va inshootlarida nuqsonlar kelib chiqishini oldini olish, xizmat ko‘rsatish texnologiyasini takomillashtirish hamda sifat nazorati tizimini optimallashtirish orqali tabiiy gaz sarfini o‘rtacha 1,5% ga kamaytirishga, nuqsonlarning takrorlanishini yiliga 10% gacha kamaytirishga, tashkiliy tuzilmani takomillashtirish orqali xodimlar sonini 5-6% ga kamaytirish asosida bo‘lim xarajatlarini 3% gacha kamaytirishga erishilgan.