Ernazarova Dilrabo Qo‘shboqovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Gossypium L. turkumi allopoliploid turlari turichi va turlararo duragaylarining genetik xususiyatlarini, ularning filogeniyasi bilan bog‘liq holda o‘rganish», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/B166.
Ilmiy maslahatchi: Sanam`yan Marina Feliksovna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti DSc 02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Nabiev Saydig‘ani Muxtorovich, biologiya fanlari doktori, professor; Egamberdieva Saida Abdisamatovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ergashev Ibragim Tashkentovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: G.hirsutum L., G.tricuspidatum Lam., G.barbadense L., G.darwinii Watt. tetraploid turlarining yovvoyi, ruderal va madaniy-tropik shakllarining sistematik o‘rnini, filogenetik munosabatlar darajasini aniqlash natijasida amaliy seleksiyada foydalanish uchun qimmatli xo‘jalik belgili donorlar ajratib olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor morfoxo‘jalik xususiyatlarni tavsiflash asosida G.hirsutum L., G.tricuspidatum Lam., G.barbadense L. turlari xilma-xilliklari hamda G.darwinii Watt turi ishtirokida olingan turichi va turlararo F1 duragaylarining genetik potensiali baholangan;
ssp.punctatum var.gambia, ssp.mexicanum var.microcarpum palmerii shakllari ishtirokidagi F1 duragaylarida bir qator sitogenetik buzilishlar (chang hayotchanligi va meyotik indeksning pasayishi, MI bosqichida univalent xromosoma assotsiatsiyalarining mavjudligi) bu shakllarning turichida alohidaligi isbotlangan;
turichi va turlararo F1 duragaylarini sitogenetik tahlil qilish natijasida bir qator duragaylarda xromosomalarning kvadrivalent assotsiatsiyalari mavjudligi, duragaylashda ishtirok etayotgan shakllarning kariologik jihatdan geterogen ekanligi aniqlangan;
turichi va turlararo F1 duragaylarida tola uzunligi belgisi asosan to‘liqsiz va o‘ta dominantlik holatida irsiylanishi isbotlangan, ayrim turlararo F2 duragaylarida ijobiy transgressiya aniqlangan, bu transgressiv shakllar asosida tola uzunligi 38,0-40,9 mm bo‘lgan boshlang‘ich ashyolar («T-528», «T-594», «T-1221», «T-1366», «T-1392», «T-1446», «T-1552», «T-1573», «T-1616», «T-1642», «T-1747», «T-1769», «T-1782») ajratib olingan;
jahon bozorida raqobatbardosh navlarni yaratishda, genetika-seleksiya tadqiqotlari uchun boshlang‘ich materiallari tanlashni osonlashtirishga xizmat qiluvchi, yangi duragay shakllar olishda yuqori samaradorlikni ta’minlovchi G.hirsutum L., G.tricuspidatum Lam., G.barbadense L., G.darwinii Watt turichi va turlararo xilma-xilliklarining yangi filogenetik daraxti (shajarasi) ishlab chiqilgan;
turichi (G.hirsutum L.) va turlararo (G.hirsutum L., G.tricuspidatum Lam., G.barbadense L., G.darwinii Watt) duragaylash natijasida foydali xususiyatlarga ega bir qator yangi qimmatli boshlang‘ich ashyolar yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Gossypium L. turkumi allopoliploid turlari turichi va turlararo duragaylarining genetik xususiyatlari, ularning filogeniyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yaratilgan tizma (Genofond-3 navi) Samarqand viloyati Narpay tumanidagi “Oyto‘la” fermer xo‘jaligi 10 ga maydoniga joriy qilingan (O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2022 yil 24 avgustdagi 01/03-2199-son ma’lumotnomasi). Natijada, yaratilgan navdagi qimmatli xo‘jalik belgilar shu hudud uchun rayonlashgan andoza (Sulton hamda Omad) navlarnikiga nisbatan birmuncha yuqori bo‘lish imkonini bergan;
F2 avlod duragay kombinatsiyalaridan tola uzunligi 38,0 mm dan yuqori, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 6,0 g dan yuqori bo‘lgan boshlang‘ich manbalar Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining “G‘o‘za genofondi” noyob ob’ekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 26 avgustdagi 4/1255-2072-son ma’lumotnomasi). Natijada, bitta ko‘sakdagi paxta vazni, tola uzunligi kabi belgilari yuqori bo‘lgan yangi namunalar bilan kolleksiyani boyitish imkonini bergan;
F2 avlod duragay kombinatsiyalari orasidan ko‘sak vazni 5,5 g dan ortiq va tola uzunligi 38,0-40,9 mm shakllar boshlang‘ich manba sifatida FA-A-QX-2018-26-“G‘o‘zaning G.hirsutum L. turining yangi nav va tizmalari populyasiyalarini turg‘unligini saqlanishi jarayonlarini o‘rganish, navdor, original va elita urug‘lik etishtirish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 26 avgustdagi 4/1255-2072-son ma’lumotnomasi) Natijada, hosildor, tola uzunligi yuqori bo‘lgan g‘o‘zaning yangi istiqbolli shakl va liniyalarini ajratib olish imkonini bergan;
Gossypium L. turkumi allopoliploid turlari turichi va turlararo duragaylarining genetik xususiyatlari, ularning filogeniyasi bo‘yicha olingan natijalarga yuqori impakt faktorga ega bo‘lgan uchta chet el ilmiy maqolasida havolalar keltirilgan (Plant Molecular Biology Reporter, 2022. DOI: 10.1007/s11105-022-01347-5 – Scopus IF-1.80; Agronomy MDPI. 2022; Volume 12, Issue 6, 10.3390/agronomy12061381 – Web of Science IF-3.94; Frontiers in Plant Science. 2022 13. 10.3389/fpls.2022.906472 – Scopus IF-6.62). Natijada, Gossypium L. turkumi tetraploid turlarining turichi va turlararo duragaylash asosida olingan o‘simliklarida morfobiologik belgilarining irsiylanish qonuniyatlarini asoslash imkonini bergan.