Sattarov Nurillo Muzaffar o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
1.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Pnevmotransport uskunasini paxta bilan bir me’yorda ta’minlash orqali mahsulot ishlab chiqarish samaradorligini oshirish” 05.06.02 – To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish ixtisosligi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3PhD/T1844.
Ilmiy rahbar: Sarimsakov Olimjon Sharipjanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-texnologiya instituti PhD.03/30.12.2019.T.66.01.
Rasmiy opponentlar: Axmetxodjaev Xamit Tursunovich, texnika fanlari doktori, professor; Eshjanov Abilda Abdikadirovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent (Qozog‘iston).
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi paxta tozalash sanoatida paxta xomashyosini pnevmotransport uskunasiga bir me’yorda uzatishni ta’minlash yo‘li bilan mahsulot ishlab chiqarish samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
paxtani pnevmotransportga uzatishdagi notekislik paxtaning transporter lentasi ustidagi yoyilmasining shakliga bog‘liq ekanligidan kelib chiqib, paxtani pnevmotransport quvuriga bir me’yorda uzatishning lenta ustiga unda harakatlanayotgan paxta qavatini tekislashga asoslangan usuli ishlab chiqilgan;
paxta qavatini tekislashda uning baland qismlarini kesib olish va chuqur joylarini to‘ldirish zaruratini hisobga olgan holda gorizontal transportyor lentasi va uning ustida mayatnik ko‘rinishida osilgan va paxta qatlami bilan kontaktda bo‘ladigan uchi vertikal tekislik bo‘ylab tebranuvchi plastina juftligidan iborat bo‘lgan dozator konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
lenta ustida harakatlanayotgan paxta qatlamlarining biri-biriga nisbatan siljishi qonuniyati asosida tekislovchi baraban va lenta tezligi va ular orasidagi masofaning o‘zaro mutanosibligini ta’minlash orqali paxtani bir me’yorda uzatish parametrlari aniqlangan;
ta’minlagich ish unumi, tekislovchi plastina va lenta orasidagi masofa hamda plastinaning tebranish chastotasi va amplitudasining turli qiymatlarida o‘tkazilgan rejali eksperimentlar natijalarini paxtani uzatishdagi notekislikning minimallashtirish sharti bilan tahlil qilish orqali paxtani pnevmotransport quvuriga uzatish jarayoni parametrlarining ratsional qiymatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Paxtani havo quvuriga uzatib beruvchi gorizontal lentali transportyorga o‘rnatilgan vibratsion ta’minlagichni qo‘llash asosida:
Paxtani havo quvuriga uzatib beruvchi gorizontal lentali transportyor va tebranuvchi plastina juftligidan iborat bo‘lgan dozator “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasiga qarashli “Pop paxta tozalash” korxonasida ishlab chiqarishga joriy etilgan (“O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasining 02/22-392 sonli ma’lumotnomasi). Natijada korxonada paxta tolasi tarkibidagi ifloslik va nuqsonli aralashmalar massaviy ulushi 0,5 % ga hamda pnevmotransport uskunasida elektr energiya sarfini 20 kVt/soatga kamaytirishga erishilgan.