Eshankulov Bobomurod Inayatovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xandon pistaning (Pistacia vera L.) istiqbolli shakllarini tanlash asosida yangi navlarini yaratish», 06.03.01 – O‘rmon ekinlari. Seleksiya, urug‘chilik va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish. O‘rmonlar agromelioratsiyasi va himoya o‘rmonlarini barpo etish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.DSc/Qx.226..
Ilmiy rahbar: Xamzaev Abdishukur Xudoyqulovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patenti olingan: xandon pistaning “Mustaqillik”, “Chaqmoq” va “Farxod” navlariga seleksiya yutug‘i sifatida patent (NAR00302, NAP 00311, NAR00309).
II. Tadqiqotning maqsadi xandon pista shakllarining biomorfologik ko‘rsatkichlarini aniqlash orqali ularning qimmatli xo‘jalik belgilari asosida yangi navlarni yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba xandon pista shakllari orasidan ochiqlik darajasi 90% va hosildorligi 12-15 s/ga bo‘lgan shakllari (B-175, S-10) tanlab olingan;
xandon pistaning tashqi muhit noqulay omillariga, kasallik va zararkunandalarga chidamli, serhosil, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan shakllari (B-175, S-10, ChG-1) asosida “Mustaqillik”, “Chaqmoq” va “Farxod” navlari yaratilgan;
“Chaqmoq” navi yong‘oqmevalarining o‘rtacha vazni 1,14 g, “Mustaqillik” naviniki 1,25 g bo‘lgan holda, mag‘zining ulushi mos ravishda 56,5% va 61,5% ko‘rsatkichi barqaror bo‘lishi isbotlangan;
«Farxod» changchi navining gullash muddati boshqa navlar bilan bir paytga to‘g‘ri kelishi (14 apreldan 10 maygacha) va changlatish samaradorligi yuqori bo‘lishi aniqlangan;
xandon pistaning “Mustaqillik”, “Chaqmoq” va “Farxod” navlariga seleksiya yutug‘i sifatida patent (NAR00302, NAP 00311, NAR00309) olingan hamda Qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reestriga kiritilgan (2021 y.);
“Mustaqillik”, “Chaqmoq” va “Farxod” navlari asosida G‘allorol pistachilik tajriba stansiyasida onalik kolleksiyasi barpo etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xandon pista shakllarining biomorfologik ko‘rsatkichlarini aniqlash orqali ularning qimmatli xo‘jalik belgilari asosida yangi navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
xandon pistaning “Mustaqillik”, “Chaqmoq” va “Farxod” navlari Jizzax viloyati Xo‘jamushkent o‘rmon xo‘jaligida 0,5 gektar, Pistachilik ilmiy tajriba stansiyasida 1 gektar, Andijon viloyati Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligida 0,5 gektar, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligida 0,5 gektar maydonda joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2022 yilning 23 sentyabridagi 04/20-4281 – son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tog‘ qiyaliklarini eroziyadan saqlovchi daraxtzorlar barpo etilgan, mavjud pistazorlarga nisbatan 10 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan.
xandon pistaning “Mustaqillik”, “Chaqmoq” va “Farxod” navlari Namangan viloyati Chust tumani “Shokir ota bog‘lari” fermer xo‘jaligida 10 gektar, Farg‘ona viloyati “RANU-BHN” ko‘p tarmoqli bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida 4 gektar, Jizzax viloyati Yangiobod tumani “Abdurahmonov Islom ota” fermer xo‘jaligida 5 gektar, Surxondaryo viloyati Sherobod tumani “Ilyosbek Pardaev” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida 0,5 gektar, Qashqadaryo viloyati “Paxtaobodlik Islom ko‘rki” fermer xo‘jaligida 5 gektar, Toshkent viloyati “Istiqlol” fermer xo‘jaligida 5 gektar, Navoiy viloyati Xatirchi tumani “Yashil oltin-2018” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida 2 gektar, “Eastern land” fermer xo‘jaligida 5 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi 23 sentyabrdagi 01/03-2549 – son ma’lumotnomasi). Buning natijasida dehqon-fermer xo‘jaliklarining daromadi 60% ga oshishi, atrofdagi boshqa xo‘jaliklarda pistazorlar barpo etish uchun o‘zida qimmatbaho (serhosil, yirik yong‘oqmevali, ochilganlik darajasi yuqori) belgilarini saqlagan urug‘ va payvandust tayyorlash manbaasi yaratilgan.