Raximov Shavkatjon Jo‘raevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Suv to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish masalalari”, 12.00.07 - Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Yu580.
Ilmiy rahbar: Raximov Faxri Xaydarovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bosh prokuratura Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bosh prokuratura Akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Djurayev Ixtiyor Baxtiyorovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Shayzakov Shodiyor Ibragimovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD). 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi suv va suvdan foydalanish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
suvdan foydalanish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati institutini takomillashtirish va huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qarorlari va topshi-riqlari, prokuratura hay’atlari qarorlari, tegishli prokurorlarning topshiriq va ko‘rsatmalari qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazorati tadbirlarini o‘tkazishga asos bo‘lishini kiritish taklifi asoslantirilgan;
prokuratura organlarining suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilishda jamoatchilikning imkoniyatlari va salohiyatidan foydalanish maqsadida prokuror nazorati tadbirlari qonunlarning buzilayotganligi to‘g‘risidagi murojaatlar, ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmog‘idagi xabarlar va boshqa ma’lumotlar asosida, shuningdek, qonuniylik ahvoli va jinoyatchilik holati tahlili prokuror tomonidan choralar ko‘rilishini talab qilgan hollarda o‘tkazilishi to‘g‘risidagi normani qonunchilikka kiritish taklifi asoslantirilgan;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining harbiy qismlari, harbiy tuzilmalari, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi, shuningdek ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga muvofiqligi nazorat predmeti hisoblanishi to‘g‘risidagi normani qonunchilikka kiritish taklifi asoslantirilgan;
suv to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirishda zamonaviy texnologiyalardan va axborot tizimlaridan, fan yutuqlaridan foydalanishni prokuratura to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilash muhimligi asoslantirilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Suv kodeksini ishlab chiqish va unda suv munosabatlarini tartibga solish sohadagi vakolatli davlat organlarining, shuningdek suv to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini tekshirish va nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan prokuratura organlarining vazifa va funksiyalarini aniqlashtirishga qaratilgan normalarning kiritilishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Suv to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida quyidagi takliflar ishlab chiqildi va joriy etildi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qarorlari va topshi-riqlari, prokuratura hay’atlari qarorlari, tegishli prokurorlarning topshiriq va ko‘rsatmalari qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazorati tadbirlarini o‘tkazishga asos bo‘lishini kiritish to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 46-moddasi uchinchi qismiga kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022 yil 27 iyundagi dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi suvdan foydalanish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati institutini takomillashtirish va huquqiy jihatdan mustahkamlash imkonini bergan;
prokuror nazorati tadbirlari qonunlarning buzilayotganligi to‘g‘risidagi murojaatlar, ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmog‘idagi xabarlar va boshqa ma’lumotlar asosida, shuningdek, qonuniylik ahvoli va jinoyatchilik holati tahlili prokuror tomonidan choralar ko‘rilishini talab qilgan hollarda o‘tkazilishi to‘g‘risidagi normani qonunchilikka kiritish taklifi O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 46-moddasi ikkinchi qismiga kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022 yil 27 iyundagi dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi prokuratura organlarining suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilishda jamoatchilikning imkoniyatlari va salohiyatidan foydalanish imkonini kengaytirishga xizmat qilgan;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining harbiy qismlari, harbiy tuzilmalari, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi, shuningdek ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga muvofiqligi nazorat predmeti hisoblanishi to‘g‘risidagi normani qonunchilikka kiritish taklifi O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 45-moddasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022 yil 27 iyundagi dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ayrim tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini prokuratura organlari tomonidan qonunda belgilangan tartibda tekshirish imkonini yaratgan;
suv to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirishda zamonaviy texnologiyalardan va axborot tizimlaridan, fan yutuqlaridan foydalanishni prokuratura to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilash taklifi O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 45-moddasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022 yil 27 iyundagi dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi prokuratura faoliyatini ilmiy, uslubiy jihatdan ta’minlanganlik darajasini oshirishga, zamonaviy texnologiyalardan va axborot tizimlaridan, fan yutuqlaridan foydalanishga, sohada prokuror nazoratini tamkomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni faollashtirishga zamin yaratgan;
O‘zbekiston Respublikasi Suv kodeksining “Suv resurslarining davlat boshqaruvi” nomli II bo‘limidagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi hamda boshqa organlarning suv munosabatlarini tartibga solish sohadagi vakolati” deb ataluvchi 4-bobining kiritilishida, mazkur bobda 4-1-modda (Suv resurslarining davlat boshqaruvi organlari), 4-2-modda (Suv munosabatlarini tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari), 4-3-modda (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining vakolatlari), 4-4-modda (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari), 4-5-modda (Suv milliy kengashi va uning vakolatlari), 4-6-modda (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi vakolatlari), 4-7-modda (O‘zbekiston Respublikasi geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasining vakolatlari), 4-8-modda (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining vakolatlari), 4-9-modda (Mahalliy davlat hokimiyati organlarining suv munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlari), 4-10-modda (Davlat organlarining suv resurslarini boshqarish bo‘yicha vakolatlarining huquqiy vorisligi), 4-11-modda (Suvlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati) va 4-12-modda (Suv to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini prokuratura organlari tomonidan tekshirish va nazorat qilish) kiritilishiga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi Suv kodeksining ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekistοn Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 24 maydagi 01/26-1161-sοn dalolatnomasi). Mazkur taklif suv munosabatlarini tartibga solish sohadagi vakolatli davlat organlarining, shuningdek suv to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini tekshirish va nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan prokuratura organlarining vazifa va funksiyalarini aniqlashtirishga imkon yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish