Nazarova Shahnoza Ibadullaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XX asr boshlari o‘zbek she’riyatining yangilanish tamoyillari” (yangi o‘zbek she’riyati kontekstida),  10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc/Fil87.
Ilmiy maslahatchi: Karimov Naim Fotihovich, filologiya fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Afoqova Nodira Maxmudovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Tojiboeva Muqaddas Abduraximovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX asr boshlari o‘zbek she’riyatining yangilanish tamoyillarini ko‘rsatib berish, yangi adabiy manbalarni ilmiy muomalaga kiritish, “milliy she’r” tushunchasini ilmiy asoslash va uning vazn, ritm, poetik obraz belgilarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yangilanish jarayonlari davr adabiyotida quroq xronologik manzara hosil qilgani; Milliy uyg‘onish davri: ma’rifatparvarlik va jadid adabiyoti, degan ikki katta davrga bo‘linishi, jadid adabiyotining o‘zi – taraqqiyparvarlik hamda yangi davr o‘zbek she’riyatiga ajralishi; ma’rifatparvarlik adabiyoti jadid adabiyoti yuzaga kelishida zamin hozirlagani va, ayni vaqtda, jadid adabiyoti bilan yonma-yon borgani dalillangan;
devon adabiyotining yangilanish bosqichlari aniqlangan “Milliy ash’ori Tarjimon” (1910), “Milliy she’rlar majmuasi yoxud adabi din” (1912), “Sabzazor” (1914), “Yangi adabiyot” (1915) kabi manbalar bilan asoslangan;
“milliy she’r” nomli yangi she’r turi aniqlanganki, uning alohida she’r turi sifatida o‘z poetik belgilariga egaligi, xususan, adabiy til qonuniyatlarini yaratgani, ramziy-falsafiy mazmun bilan to‘yingani, uslubiy yangilikka, ifoda tarangligiga, ritm va qofiyada rang-baranglikka intilgani, keskin ritorik so‘roqlar va xitoblarga asoslanishi, garchi vazn, qofiya jihatidan mumtoz janrlarga xos elementlarga ega bo‘lsa-da, to‘laligicha g‘azal, to‘laligicha musammat, ruboiy, tarje’band yoki tarkibband emasligi, yoki xalq kuylari, qo‘shiqlarini takrorlayotgan bus-butun barmoq ham emasligi asoslangan;
“milliy she’r” – ijroga mo‘ljallangan hurriyat mavzusidagi barcha she’rlar, hatto harbiy marshlarni ham qamrab olgani, u o‘zbek she’riyatida alohida she’r turi sifatida maydonga kelib, so‘ng jadid adabiyoti ichidagi alohida adabiy harakat darajasida etilgani dalillangan;
ruknni turoqqa tenglashtirish bilan aruzdan barmoqqa o‘tib borilgani, ya’ni barmoqqa o‘tishda aruzdan to‘la voz kechilmay, aruz asosiga tayangan holatda o‘tilgani asoslangan; aruz tizimidagi bayt bora-bora bandga tenglashtirilgani, aruz keyingi jarayonlarda – barmoq strukturasini shakllantirishda ham ishtirok etgani Fitrat va Cho‘lponning yangi topilgan she’rlari misolida dalillangan; askariy kuchlar tomonidan she’rlarning xalq kuylariga solib kuylanishi, harbiy marshlarning xalq qo‘shiqlari naqoratiga sozlanishi barmoqning joriylanish jarayonini tezlashtirgani ilk bor e’lon qilinayotgan marshlar misolida kuzatilgan;
yangi o‘zbek she’riyati o‘z obrazlarini tizimga solguncha, yangi poetik timsollar yaratguncha, mumtoz adabiyot asosiga tayangani, bu jarayonda 40 dan ortiq an’anaviy poetik obrazlarning yangi ijtimoiy mazmun bilan boyigani, yangi semantik qatlam hosil qilgani isbotlangan; yangi o‘zbek she’riyatida yaratgan, ilk istefodasi mazkur davrgagina xos bo‘lgan poetik timsollar hamda poetik unsurlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asr boshlari o‘zbek she’riyatining yangilanish tamoyillarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
XX asr boshlari milliy uyg‘onish davri shoirlari ijodida qo‘llangan poetik obrazlar, timsollar tadqiqiga oid ilmiy xulosalaridan, shu jumladan, davr she’riyatida aniqlangan: xayol, mungli ona, bulut // ko‘lanka // parda, po‘rtana // vulqon // to‘fon // bo‘ron, qor kabi timsollar; asl o‘g‘ullar, sharq qizi / o‘zbek qizi, to‘ra / afandi, nishondor / yangi odam kabi obrazlar; tadqiqot natijasi bo‘lgan yangi davr o‘zbek she’riyati poetik obrazlar lug‘ati va ular tahliliga doir faktik materiallardan zamondosh obrazi va uning talqinlarini yaratishda O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan OT-F1-80 “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” (2017-2020 yy.) fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2022 yil 24 oktyabrdagi 3/1255-2673-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Globallashuv: badiiy talqin, zamon va qahramon” tadqiqotida zamondosh obrazi va uning talqinlarini yanada mukammallashtirishga erishilgan;
XX asr boshlari o‘zbek she’riyatining yangilanish tamoyillari, yangilanish jarayonlarida kitob va matbuot nashrlarining o‘rniga doir tadqiqot faktik materiallari va nazariy xulosalaridan; tadqiqot natijasida aniqlangan va tavsiflangan 1910-1922 yillarga oid toshbosma va bosma kitoblardan mualliflar saylanmalarini shakllantirish va yangi materiallar bilan boyitishda O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan OT-F1-77 “O‘zbek adabiyoti durdonalari 100 jildligini nashrga tayyorlash” (2017-2021 yy.) fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2022 yil 24 oktyabrdagi 3/1255-2673-son ma’lumotnomasi). Natijada, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon saylanmalari yangi materiallar bilan boyitilgan;
Fitrat, Cho‘lpon, V.Mahmudning aruzga doir kuzatishlari tavsifi, ma’rifatparvarlar, shuningdek, ilk jadidlarning Navoiyga bog‘langan ko‘plab tatabbulari tahliliga doir nazariy xulosalaridan mumtoz aruzning taraqqiyot bosqichlari, Navoiy an’analarining ta’sir doiralarini yoritishda O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan PZ-20170930220 “Navoiy qomusini nashrga tayyorlash va chop etish” (2018-2020 yy.) amaliy loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2022 yil 24 oktyabrdagi 3/1255-2673-son ma’lumotnomasi). Natijada, mumtoz aruzning taraqqiyot bosqichlari, Navoiy an’analarining ta’sir doiralarini yoritishda izchillikka erishildi;
Usmon Nosir tavalludi 110 yilligi munosabati bilan efirga uzatiltgan “Unutilmas siymolar” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan, shuningdek, erishilgan ilmiy natijalar doimiy efirga uzatib kelinayotgan “Ochiq namoyish” ko‘rsatuvining XX asr Qatag‘oniga uchragan baxshilar hayotidan so‘zlovchi “Baxshi” spektakli tahliliy sonini tayyorlashda muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali” davlat muassasasining 2022 yil 12 oktyabrdagi 01-02-03/179-son ma’lumotnomasi). Natijada, teletomoshabinlarga jadid she’riyati, xususan, Cho‘lpon an’nalarining Usmon Nosir ijodida ramziy-ishoraviy tarzda davom etganligiga doir yangi ma’lumotlar etkazib berilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish