Ungalov Azizbek Amiriddin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Movarounnahrda Arab xalifaligi hukmronligining uzil-kesil o‘rnatilishi (715-751 yy.)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tar681.
Ilmiy rahbar: G‘oyibov Bobir Sobirovich, Tarix fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.02.10.
Rasmiy opponentlar: Eshov Bahodir Jo‘raevich, tarix fanlari doktori, professor; Alimov Zuhriddin Isamutdinovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Arab xalifaligining 715-751 yillarda Movarounnahrni uzil-kesil egallash jarayonini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Movarounnahr voha hukmdorliklari (Sug‘d, Choch, Toxariston, Buxoro, Farg‘ona, Xorazm) Qutayba ibn Muslim o‘limidan so‘ng (715) ham o‘z nomlaridan tanga-pul zarb ettirganliklari, mahalliy sulola vakillari¬ning taxtni boshqarganliklari va mustaqil siyosat yuritganliklari, umaviylar hokimiyatiga qarshi ittifoqlar tuzilganligi hisobga olinib, mintaqaning to 751 yil – Talas jangiga qadar xalifalik tomonidan to‘la egallanmaganligi asoslangan;
Arab xalifaligining Movarounnahrda olib borgan siyosati shartli ravishda uch bosqich (birinchi – 654-705 yillar; ikkinchi – 705-715 yillar; uchinchi – 715-751 yillar)ni qamrab olgan bo‘lib, dastlabki ikki bosqichda xalifalikning Movarounnahrdagi faoliyati talonchilik va istilochilikdan iborat bo‘lganligi, uchinchi bosqich (715-751 yillar)da esa xalifalik ma’muriyatining Movarounnahrni g‘oyaviy jihatdan, ya’ni “islomlashtirish” siyosati orqali egallashga harakat qilganligi ko‘rsatilgan;
Movarounnahrda Arab xalifaligining 715-751 yillardagi faoliyati davrida voha hukmdorliklarining dastlab G‘arbiy Turk (603-710), keyinchalik Turkash xoqonligi (710-742) himoyasi ostida birlashganliklari hamda qarshilik harakatlarining 751 yilga qadar davom etganligi asoslangan;
Arab xalifaligining Movarounnahrda yuritgan g‘oyaviy-mafkuraviy siyosati dastlab “islomlashtirish” (Islom diniga o‘tganlarga pul berish, besh mahal namoz o‘qish, Allohni tan olib zikr qilish, xatna qildirish, islom ahkomlari asosida nikohdan o‘tish) va keyinchalik “arablashtirish” (xalifalikka soliqlar to‘lash, xalifalik hokimiyatini tan olish va Arab xalifaligi vakillariga o‘z uylaridan joy berish, davlat ishlari va ta’limning arab tilida olib borilganligi) siyosatining farqli jihatlari va tub mohiyati ochib berilgan.
 IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Movarounnahrda Arab xalifaligi hukmronligining uzil-kesil o‘rnatilishi (715-751)” yuzasidan ilmiy izlanishlar natijalarining joriy qilinishi:
Movarounnahrda Arab xalifaligi hokimiyatining o‘rnatilishi va “islomlashtirish” jarayonlarining tashabbuskorlari faoliyati; 751 yilga qadar mahalliy xalqlarning G‘arbiy Turk xoqonligi (603-710), keyinchalik Turkash xoqonligi (710-742) bilan ittifoqchilikdagi harakatlari; Movarounnahr ijtimoiy-siyosiy hamda madaniy hayotida “islomlashtirish” jarayonining tutgan o‘rniga oid ilmiy-nazariy xulosalarlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2021 yil 16 fevralda “Taqdimot” va  2021 yil 7 iyun va 2021 yil 30 noyabrda efirga uzatilgan “Ochiq dars” ko‘rsatuvlari ssenariysini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanali davlat unitar korxonasining 02-40-225-son; 02-40-1134-son; 01-40-1830-son ma’lumotnomalari). Ushbu ma’lumotlar teletomoshabinlarda Arab xalifaligining Movarounnahrni uzil-kesil egallashi 751 yilga qadar davom etganligi xususidagi tasavvurlarni uyg‘otadi;
    Arab xalifaligining Movarounnahrda yuritgan dastlab “islomlashtirish” va shuning barobarida keyinchalik olib borilgan “arablashtirish” siyosatining tub mohiyatiga doir ilmiy xulosalar va arab tilining O‘rta Osiyoda ilm-fan taraqqiyotidagi o‘rni xususidagi mulohozalar Samarqand davlat universiteti tarix yo‘nalishi talabalari uchun “Sharq allomalarining ilmiy merosi” o‘quv qo‘llanmasi (Samarqand: SamDU nashriyoti, 2022 y. – 181 b.) 2-3 mazularida o‘z aksini topgan (O‘zR Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 24 iyuldagi 571-sonli Qarori asosidagi  2022 yil 22 iyunda berilgan 10-2444-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalar islom takomiliga hissa qo‘shgan ajdodlarimiz ilmiy me’rosini yangi xulosalar bilan boyitish barobarida talabalarning tarixiy bilimlarini oshirishga ham imkon bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish