Ahmadov Ahmadjon Asror o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asr oxiri – XX asr birinchi choragida Buxoro va Afg‘oniston munosabatlari tarixi”, 07.00.01 - O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Tar845.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Tar.72.07.
Ilmiy rahbar: Xaitov Shadmon Axmadovich, tarix fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: G‘afforov Shokir Safarovich, tarix fanlari doktori, professor; Ermetov Avaz Abdullaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr oxiri – XX asr birinchi choragida Buxoro va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro savdo-sotiq, elchilik munosabatlari, ikki mamlakatning hamkorlik aloqalariga mustamlaka siyosati ta’siri masalasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro amirligi bilan Afg‘oniston munosabatlari XVIII asr o‘rtalarida ya’ni bu ikki davlat vujudga kelish jarayonidayoq o‘rnatilganligi, afg‘on taxti uchun kurashlarda mag‘lubiyatga uchragan shahzoda va taxt vorislari asosan Buxoro amirligidan siyosiy boshpana topganligi, amirlik va Afg‘oniston tashqi siyosatiga ikki mamlakat o‘rtasidagi quda-andachilik va qavm-qarindoshchilik munosabatlari doimo o‘z ta’sirini ko‘rsatib turganligi dalillangan;
Buxoro amirligi va Afg‘oniston aloqalari tarixida savdo-sotiq munosabatlari ikki mamlakat protektoratga aylangunga qadar o‘zaro tenglik tamoyillari asosida qizg‘in kechganligi, qaramlik davrida ham savdo yo‘llarining o‘nlab tarmoqlari orqali bu munosabatlar mavjud ekanligi, Buxoroning Rossiya imperiyasi bojxona tizimiga kiritilishi bilan bu boradagi faoliyatda salbiy holatlar yuz berganligi, ayniqsa, mahalliy savdogarlarning mavqei pasayganligi isbotlangan;
1920 yillarda Afg‘oniston Buxoro (o‘zbek) muhojirligining asosiy markaziga aylanganligi, muhojirlikdagi ommaviy tus olishi jarayonlari bir necha bosqichlarda kechib, ushbu mamlakatga ko‘chganlarning turli toifa va tabaqalari to‘planganligi, “turkman muhojirligi” bilan bog‘liq jihatlar ochib berilgan;
Buxoro amirligi va BXSR hukumati yillarida (1920-1924 yy) diplomatik aloqalardagi to‘siq va muammolar, ularni hal etish yo‘lidagi hukumatlarning xatti-harakati, Abdurahim Yusufzoda va Hoshim Shoyiq singari Buxoroning Afg‘onistondagi elchilari faoliyati, elchilarning taqdirlari bilan bog‘liq masalalar aniqlashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asr oxiri – XX asr birinchi choragida Buxoro va Afg‘oniston munosabatlari tarixi mavzusida olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Buxoro va Afg‘oniston munosabatlari XVIII asrdan o‘rnatilganligi, ushbu munosabatlarda quda-andachilik, qavm-qarindoshchilik munosabatlari ta’sir ko‘rsatganligi bilan bog‘liq ma’lumotlardan O‘zMTRK O‘zbekiston tarixi telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilgan “Tarixiy savol” ko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRK “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2022 yil 20 yanvardagi 06.28-134-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvlarda taqdim etilgan ma’lumotlar XIX asr oxiri -XX asr birinchi choragida Buxoro-Afg‘oniston munosabatlarining asl mohiyati va mazmunini keng jamoatchilikka etkazib berish uchun xizmat qilgan.
XIX asr oxiri – XX asr birinchi choragida Buxoro va Afg‘oniston savdo va madaniy aloqalari tarixiga oid keltirilgan ma’lumotlar, dalil va raqamlar ular asosida ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”, chora-tadbirlar dasturi, nazariy bilimlar majmuasi kabilardan Buxoro viloyat Madaniyat boshqarmasi faoliyatini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi 2022 yil 11 noyabrdagi 02-12-08-4780-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan material va ma’lumotlar madaniy aloqalarni istiqbolda kengaytirishning reja va dasturlarini takomillashtirishga xizmat qilgan.
hozirgi davrda millatlararo do‘stona munosabatlar davlatlararo o‘zaro barqarorlikni ta’minlashning asosiy omili ekanligi, o‘zbek-afg‘on do‘stligi jamiyati faoliyatini kuchaytirish, turizmni rivojlantirish orqali muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa xorijdan tashrif buyurgan turistlarni ilmiy jihatdan asoslangan ma’lumotlar bilan tanishtirishni taqozo qiladi. O‘zbekistonda va Buxoroda turizm salohiyatini yanada oshirish, bu borada yangi yo‘nalishlarda yo‘l xaritalari ishlab chiqishda dissertant tomonidan tayyorlangan axborot, tahliliy materiallar va ilmiy ishlanmalardan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va Madaniy meros vazirligi Buxoro viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasining 2022 yil 29 sentyabrdagi 02-10/1476-son ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekiston Respublikasi Turizm va Madaniy Meros vazirligi Buxoro viloyati Turizm va Madaniy Meros bosh boshqarmasi faoliyatini takomillashtirishda va istiqbolli rejalar ishlab chiqilishiga xizmat qilgan.