Giyasov Sarvar A’zamovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda soliq mexanizmidan samarali foydalanish», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.DSc/Iqt234.
Ilmiy maslahatchi: Niyazmetov Islambek Masharipovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Burxanov Aktam Usmanovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xaydarov Nizomiddin Xamraevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi iqtisodiyotni innovatsion rivojlashtirishda soliq mexanizmidan samarali foydalanishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«innovatsiya», «innovatsion faoliyat» va «innovatsion infratuzilma» kabi tushunchalarni innovatsion faoliyatga doir qonun hujjatlarida belgilash orqali mazkur faoliyatni soliqlar vositasida rag‘batlantirish taklif etilgan;
ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarga doir xarajatlarni soliqqa oid qonun hujjatlarida belgilash hamda ushbu xarajatlarni foyda solig‘i bazasidan chegirish tartibi takomillashtirilgan;
ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilarga soliqlarni to‘liq to‘lashdan ozod qilish tarzidagi afzalliklar o‘rniga investision soliq kreditini qo‘llash taklifi asoslangan;
ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatga investisiyalarni faol jalb qilishda yangi texnologik uskunalar, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga yo‘naltirilgan mablag‘larga nisbatan investision soliq chegirmalarni joriy qilish lozimligi asoslangan;
innovatsion faoliyatning muhim bosqichi hisoblangan yangi va innovatsion texnologiyalar, jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalarining uskunalari hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mol-mulk va er solig‘idan ozod qilish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishga qaratilgan soliq mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
innovatsion faoliyatni soliqlar vositasida samarali rag‘batlantirishda rag‘batlantirish ob’ektini aniqlash va qonunchilik bilan mustahkamlash maqsadida innovatsiya, innovatsion faoliyat kabi tushunchalarni tegishli normativ-huquqiy hujjat bilan belgilash taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 24 iyuldagi «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi O‘RQ-630-sonli Qonunining 3-moddasi «Asosiy tushunchalar»ni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2022 yil 19 apreldagi 04/1-11/502-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida Soliq kodeksining 243-moddasi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda innovatsion faoliyatni soliqqa tortishga doir me’yorlardagi noaniqlik bartaraf etilgan;
ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarga doir xarajatlar mazmun-mohiyatini soliqqa oid qonun hujjatlariga kiritish va ushbu xarajatlarni chegirish tartibini takomillashtirish taklifi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2022 yil 19 apreldagi 04/1-11/502-son ma’lumotnomasi hamda Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 5 martdagi 17/2-07216-son dalolatnomasi). Mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 29 dekabrdagi O‘RQ-741-sonli Qonuniga asosan Soliq kodeksining 312-moddasida o‘z aksini topishi va uni qo‘llash tartibi takomillashtirilishi natijasida korxonalarning ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarga doir xarajatlarni ikki baravarga chegirish imkoniyatini yaratgan;
korxonalarning innovatsion va investision faolligini samarali rag‘batlantirish maqsadida investision soliq chegirmalarni joriy qilish hamda ularning ahamiyati va natijadorligini oshirish yuzasidan berilgan taklif yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 308-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2022 yil 19 apreldagi 04/1-11/502-son ma’lumotnosi hamda Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 5 martdagi 17/2-07216-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida 2020 yilda 2019 yilga nisbatan 25,3 mlrd. so‘mga ko‘p reinvestisiya qilingan;
ayrim toifa soliq to‘lovchilarga, xususan, innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga soliqlarni to‘lashdan to‘liq ozod qilish tarzidagi afzalliklar o‘rniga investision soliq kreditini joriy etish yuzasidan berilgan taklif O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 25 dekabrdagi «Investisiyalar va investisiya faoliyati to‘g‘risida»gi O‘RQ-598-sonli Qonunning 35-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2022 yil 19 apreldagi 04/1-11/502-son hamda Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 5 martdagi 17/2-07216-son ma’lumotnomalari). Mazkur taklifning joriy qilinishi ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni soliq mexanizmi vositasida rag‘batlantirish samaradorligini oshirish, byudjetga soliq tushumlarini prognozlash va kutilmagan yo‘qotishlarning oldini olish imkoniyatini yuzaga keltirgan;
yangi va innovatsion texnologiyalarni joriy qilgan soliq to‘lovchilarni samarali rag‘batlantirishni davom ettirish bo‘yicha taklif yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 414 va 428-moddalarida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2022 yil 19 apreldagi 04/1-11/502-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida yangi va innovatsion texnologiyalar, jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalari hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilgan korxonalarga mol-mulk va er soliqlaridan imtiyoz tatbiq etilishi orqali 2020 yilda 2019 yilga nisbatan 12 ta korxonaning 582,2 mln. so‘m miqdordagi mablag‘lari tejalgan.