Utaganov Xusan Baymatovichning
falsafa doktori (RhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kultivatorning tok tuplari orasiga ishlov beruvchi ishchi organi parametrlarini asoslash», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/T1669.
Ilmiy rahbar: Musurmonov Azzam Turdievich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Akademik Maxmud Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: Imomqulov Qutbiddin Boqijonovich, texnika fanlari doktori, professor; Kuziev Ulug‘bek Tadjievich, texnika fanlari bo‘yicha PhD, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Kultivatorning tok qatorlari va tuplari orasidagi tuproqqa ishlov beradigan buriluvchi ishchi organi konstruksiyasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash orqali mazkur agrotadbirning bajarilish sifatini oshirish va xarajatlarni kamaytirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tok qatorlari va tuplari orasidagi tuproqqa ishlov beradigan burilib ishlaydigan ishchi organ konstruksiyasi dala yuzasiga to‘liq ishlov berilishini hisobga olgan holda takomillashtirilgan;
tokchilik kultivatorining burilib ishlaydigan ishchi organining o‘lchamlari va harakat traektoriyasi tok qatorlari va tuplari orasidagi masofani hisobga olgan holda tok poyasiga shikast etkazmaslik shartidan aniqlangan;
kultivatorining burilib ishlaydigan ishchi organining gorizontal tekislikda barqaror harakatlanishi unga ta’sir ko‘rsatadigan kuchlarni hisobga olgan holda aniqlangan;
kultivatorni tok qatorlari orasida harakatlanish tezligi tuproqning uvalanish sifati agrotexnik talablar darajasida bo‘lishi lozimligidan kelib chiqib asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tok qatorlari va tok tuplari orasidagi tuproqqa ishlov beradigan ishchi organli kultivatorni ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
tokchilik kultivatoriga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining 2 ta ixtiroga (IAP 06381 (29.01.2021 y.), IAP 06380 (29.01.2021 y.)) patenti olingan. Natijada tok qatorlari va tok tuplari orasidagi tuproqqa ishlov beradigan kultivatorning konstruksiyasi va sanoat nusxasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
tok qatorlari va tuplari orasidagi tuproqqa ishlov beradigan kultivatorning texnik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriqlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJ ning ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 1-dekabrdagi 02/023-4903-son ma’lumotnomasi). Natijada tokchilik kultivatorini loyihalash va tajriba nusxalarini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan tokchilik kultivatori respublikaning uzumchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarida, jumladan, Akademik Maxmud Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining tajriba stansiyasida, Toshkent viloyati Qibray tumani “Yon ariq Sanaatilla” fermer xo‘jaligida, Toshkent tumani “Nigmatov Rixsiboy agrofayz” fermer xo‘jaligida, Parkent tumani “Mirabdulla o‘g‘li Mira`lo” va “Gulbog‘ Burxon” fermer xo‘jaliklarida sinovlardan o‘tkazilgan va joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 1 dekabrdagi 02/023-4903-son ma’lumotnomasi). Natijada tok kultivatoridan foydalanilganda tok qatorlari va tuplari orasidagi tuproqqa sifatli ishlov berish va begona o‘tlarni to‘liq yo‘qotish hisobiga kultivatordan foydalanish xarajatlarini 34,4 % ga, yonilg‘i sarfini 15 % ga kamaytirish va ish unumini 20 % ga oshirishga erishilgan.