Xaydarov Ulug‘bek Panjievich
falsafa doktori (Phd) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ko‘ylakbop matolarning sifatini baholash uslubini takomillashtirish” 05.06.01- “To‘qimachilik va engil sanoat ishlab chiqarishlari materialshunosligi” (texnika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/T2694
Ilmiy rahbar: Ismoilova Sabida Isroilovna, texnika fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSc.03/30.12.2019.T.08.01.
Rasmiy opponentlar: Xanxadjaeva Nilufar Raximovna texnika fanlari doktori, professor; Axmedov Akmal Axmedovich texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tola tarkibi turlicha bo‘lgan iplardan olingan ko‘ylakbop matolarning sifatini aniqlash uslubini takomillashtirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli tarkibli tolalar aralashmasidan olingan trikotaj iplariga turli buram berish orqali to‘quvchilikda ishlatiladigan yangi assortimentdagi ip va undan mato olish usuli ishlab chiqilgan;
turli tarkibli tolalar aralashmasidan mato ishlab chiqarish uchun texnologik ko‘rsatkichlar va mato mustahkamligining o‘zaro bog‘liqligini ifodalovchi regression bog‘lanishlar tajriba natijalarini qayta ishlash asosida kichik kvadaratlar usuli yordamida ishlab chiqilgan;
tola tarkibi turlicha bo‘lgan matolarning cho‘zilish diagrammalaridan, uning cho‘zilishi jarayonida deformatsiya modulining o‘zgarishi xamda deformatsiya modullarining cho‘zilish deformatsiyasiga bog‘liq o‘zgarishlari deformatsiya modulining tajribaviy va nazariy qiymatlarni solishtirish asosida nochiziq ekanligi aniqlangan;
turli tarkibdagi matolarning tashqi kuch ta’siridan deformatsiyalanishining matematik modeli, ya’ni nochiziq deformatsiyalanish qonuniyati ishlab chiqilgan hamda matolarning uzilish kuchini aniqlash uslubi matoni uzilish vaqtini xisobga olgan xolda nazariy jihatdan takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Turli tolalar aralashmasidan sifatli ko‘ylakbop matolar ishlab chiqarish bo‘yicha bajarilgan ilmiy natijalar asosida:
taklif etilayotgan tola tarkibi turlicha bo‘lgan iplar va ko‘ylakbop matolar ishlab chiqarish “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli Buxoro o‘quv ishlab chiqarish korxonasida amaliyotga joriy qilindi (O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli Buxoro o‘quv ishlab chiqarish korxonasining 2022 yil 10 yanvardagi ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘ylakbop matolar ishlab chiqarishda ip sarfini 12-15%i miqdorida tejash imkoniyati yaratilgan;
taklif etilayotgan tola tarkibi turlicha bo‘lgan iplar va ulardan olingan ko‘ylakbop matolarning fizik-mexanik xossalarini aniqlash hamda sifatini aniqlashning uslubi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “ShARQ TEKS LYuKS” MChJda amaliyotga joriy qilindi (“ShARQ TEKS LYuKS” MChJ ning 2022 yil 14 yanvardagi ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘ylakbop matolar uchun arqoq sifatida ishlatiladigan iplarning sifati 10% ga oshirish imkoniyati yaratilgan.