Kasimova Ziyoda Movlon qizi
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): “O‘zbek tilidagi realiyalarning semantik tadqiqi”, 10.00.01 –O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2385.
Ilmiy rahbar: Xolmanova Zulxumor Turdievna, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/25.08.2021.Fil.01.16.
Rasmiy opponentlar: Yo‘ldoshev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili realiyalari semantikasidagi milliy-madaniy belgilarni aniqlash, axborot berish, konnotativ, emotsional-ekspressiv funksiyalarini tahlil qilish, realiyalar semantikasining o‘zbek tilidagi va tarjima matnlarda ifodalanish darajasini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
badiiy matndagi realiya birliklar ma’lum narsa-buyum haqida axborot berish bilan birga shu voqelikning lisoniy modelida aks etgan milliy-madaniy semalar, kognitiv belgi va pragmatik ma’noni ham ifodalash funksiyasi ochib berilgan;
asosi realiyalardan tarkib topgan o‘xshatishlar va barqaror birikmalarda lingvokul`turologik, ya’ni til, milliy madaniyat va mentalitet munosabatlarni ifodalash masalasi o‘rganilib, realiyalarning milliy-mental xususiyatlari inson ruhiyatiga ta’sir etishi aniqlangan;
o‘zbek tilidagi realiya birliklarni tarjima qilish masalasi tahlil qilinib, realiyalar semantikasining tarjima matnlarda to‘liq ifodalanishini ta’minlash maqsadida asosan transliteratsiya va izohlash usullaridan foydalanish zarurligi ochib berilgan;
tarjima jarayonida tarix, etnografiya, milliy liboslar, arxitektura, dinshunoslik va boshqa sohalar bo‘yicha bilim va axborotning zarurligi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilidagi realiyalarning semantik tadqiqi mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“Xalq og‘zaki ijodi – adabiyot tarixining birinchi qismini hamda so‘z san’atining asosini tashkil etishi; fol`klor asarlari hamisha jonli ijro bilan aloqada bo‘lishi; xalq og‘zaki ijodidagi kuy va navolar, milliy-marosim qo‘shiqlari, maqol va frazeologizmlar asarning badiiy qiymatini oshirishi, voqea-hodisa va obrazlarni jonli tasvirlashga xizmat qilishi, atrof-voqelik borasidagi tasavvurlarini kengaytirishi, badiiy asarda qo‘llangan maqollar va matallarni o‘zga tilga tarjima qilish orqali turkiy xalqlar og‘zaki ijod namunalarini keng targ‘ib qilish”ga oid nazariy g‘oya va amaliy ahamiyatga ega taklif-tavsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida filologiya fanlari nomzodi Abdumurod Tilavov rahbarligida 2017-2020-yillarda bajarilgan PZ-20170927147–“Qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” mavzusidagi amaliy loyihasining uchinchi bosqichidagi rejalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 6 iyuldagi 04/1-2250-son ma’lumotnomasi). Natijada asosi realiyalardan tarkib topgan o‘xshatish, maqol va matallarda xalqning dunyoni tasavvur etishi va anglashidagi o‘ziga xoslikni aniqlash imkonini bergan;
davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajargan BV-Atex-2018 (143) raqamli “Ko‘zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o‘qish va yozish imkonini beruvchi o‘zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy grant loyihasi asosida “UzNutq Sintezator” kompyuter dasturi” va “O‘zbek tili o‘zlashma so‘zlarining urg‘uli lug‘ati”ni ishlab chiqish va yaratishda dissertatsiyada ilgari surilgan qarashlar va nazariy xulosalar, jumladan, o‘zbek tilidagi realiya birliklardan matnda foydalanish gapning sintagmalarga bo‘linishi bilan bog‘liqligi, gapning sintaktik strukturasini tushunish gapni tarkib toptiruvchi so‘zlarga, jumladan, realiya-so‘z, realiya-iboralarga ajrata olish qobiliyati bilan aloqadorligi, o‘zbek tilidan rus tiliga transliteratsiya usulida tarjima qilingan realiyalarda urg‘uning berilishi borasidagi ma’lumotlarga tayanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 6 iyuldagi 04/1-2251-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilidagi gaplarni sintagmalarga bo‘linishida realiya birliklarning o‘rni va ahamiyatini aniqlash imkonini bergan;
har bir xalqning olam manzarasi tasvirida o‘ziga xos milliy-madaniy xususiyatlar mujassamlashgani va bir necha tillar leksikasi taqqoslanganda tillardan birining semantikasida tushuncha ifodalashdagi bo‘shliqlar mavjudligi; o‘zbek tilidagi milliy-madaniy so‘zlar, ya’ni realiyalar va ularning semantikasini o‘rganish tilshunoslikdagi muhim masalalardan ekanligi; osh, to‘n (chopon), non, do‘ppi, beshik, dasturxon kabi milliy-madaniy so‘zlarning semantikasiga oid xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 28 iyuldagi 02-06-1191-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur dastur uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishini ta’minlash imkonini bergan.