Sayt test rejimida ishlamoqda

Bo‘taev Jonibek Shodievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Samarqand viloyatining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlari tarixi (XIX asrning ikkinchi yarmi–XX asr boshlari), 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Tar821.
Ilmiy rahbar: Saidboboev Zokirjon Abdukarimovich, tarix fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Musaev Nuriddin Umurzakovich, tarix fanlari doktori, professor; Ergashev Baxtiyar Ergashevich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Etakchi tashkilot nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr ikkinchi yarmi–XX asr boshlarida Samarqand viloyatidagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlar tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XIX asr ikkinchi yarmi–XX asr boshlarida Zarafshon okrugi va Samarqand viloyati boshqaruvi hamda ma’muriy-hududiy bo‘linish tizimi (uezdlarda uchastka va volostlar tuzilishi)dagi o‘zgarishlar imperiyaning siyosiy islohotlar va er-suv tadbirlari natijasi ekanligi ochib berilgan;
viloyatning mustamlaka davrida aholi soni va qatlamlaridagi o‘zgarishlar, tibbiy tarkib asosan shaharlarda tashkil etilib, uezdlarda bu sohaga etarli e’tibor qaratilmaganligi, sanitar va emlash tadbirlari, dorixonalar faoliyati hamda tibbiy muassasalar davolanuvchilari mablag‘lari hisobiga faoliyat ko‘rsatgani aniqlangan;
qishloq xo‘jaligidagi islohotlar (urug‘chilik stansiyalari, instruktorlar va agronomlar faoliyati) va xomashyo etkazuvchi sanoat imperiya manfaatlariga xizmat qilgani, noto‘g‘ri soliq siyosati, yig‘imlar va jarimalar metropoliya byudjetini to‘ldirib, xalqning qashshoqlashishiga sabab bo‘lgani ko‘rsatib berilgan;
viloyatning sanoat tarmoqlari (paxtani qayta ishlash, yog‘-moy, vinochilik, shishasozlik, tog‘-kon ishi, choy-qadoqlash va h.k) hamda hunarmandchilik holati o‘lkaning boshqa hududlaridagi ko‘rsatkichlar dinamikasi bilan qiyosiy dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asr ikkinchi yarmi–XX asr boshlarida Samarqand viloyatining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlari tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
viloyatning mustamlaka davri ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohasidagi tadbirlari va uning natijalari O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2021 yil 30 sentyabrdagi 01-13-1546-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda dissertatsiyaning asosiy mazmuni va xulosalaridan foydalanilishi tomoshabinlarda viloyatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tarixi bo‘yicha ma’lum tasavvur va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga xizmat qiladi; 
XIX asr ikkinchi yarmi–XX asr boshlarida Zarafshon okrugi va Samarqand viloyati boshqaruvi hamda ma’muriy-hududiy bo‘linish tizimi (uezdlarda uchastka va volostlar tuzilishi)dagi o‘zgarishlar imperiyaning siyosiy islohotlar va er-suv tadbirlari natijasi ekanligi ochib berilganligiga oid yangilikdan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida ilmiy axborot va tadqiqot sifatida foydalanilib, tadqiqotga doir ilmiy jurnallarda hamda xalqaro konferensiyalarda e’lon qilingan maqolalardan muzey-qo‘riqxona hujjatlar fondidagi XIX asr oxiri–XX asr boshlariga taalluqli muzey ashyolariga ilmiy ishlov berishda, tizimdagi muzeylar ekspozisiya zallaridagi eksponatlarni tashrif buyuruvchilarga tushuntirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining 2022 yil 31 maydagi 02-01/1519-son ma’lumotnomasi). Natijada respublikamizning muzey turizmi va madaniy meros ob’ektlari bo‘yicha samarali ma’lumot vositasi sifatida xizmat qilgan;
mustamlaka davri viloyat boshqaruvi va ma’muriy-hududiy bo‘linish tizimidagi o‘zgarishlar imperiyaning siyosiy islohotlar va er-suv tadbirlari natijasi ekanligi, aholi tabaqalanish tizimidagi o‘zgarishlar mohiyati, tibbiy muassasalar davolanuvchilar mablag‘lari hisobiga faoliyat ko‘rsatganligi, qishloq xo‘jaligidagi islohotlar (urug‘chilik stansiyalari, instruktorlar va agronomlar faoliyati) va xom-ashyo etkazuvchi sanoat imperiya manfaatlariga xizmat qilgani, noto‘g‘ri soliq siyosati, yig‘imlar va jarimalar imperiya ma’muriyati byudjetini to‘ldirib, xalqning qashshoqlashishiga sabab bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining turli targ‘ibot tadbirlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining 2022 yil 22 iyundagi 4-13-23-1846-son ma’lumotnomasi). Buning natijasidan esa yosh avlodda tariximiz bo‘yicha xulosalar chiqarib, tarixiy tafakkurini boyitishda foydalanish mumkin.

Yangiliklarga obuna bo‘lish