Yuldashev Faxriddin Abduvositovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Abu Nasr Forobiyning aql va bilim evolyusiyasi haqidagi qarashlari», 09.00.03–Falsafa tarixi (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3PhD/Fal196.
Ilmiy rahbar: Muxtorov Azamat, falsafa fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.F.02.02.
Rasmiy opponentlar: Aliev Begdavlat Alievich, falsafa fanlari doktori, professor; Shadmanov Qurbon Baxriddinovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Abu Nasr Forobiy asarlaridagi aql va olamni bilishga oid qarashlarini tarixiy-falsafiy nuqtai nazardan tadqiq etish va shu asosda ularni jahon falsafiy tafakkuri rivojidagi o‘rnini ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tarixiy refleksiya asosida Forobiyning «Aql ma’nolari haqida» va «Aql to‘g‘risida» asarlarida «aql bil-quvva» (salohiyatdagi aql), insonning poklangan qalbi va kamoloti haqidagi bilim hamda olamni bilishda shaxs kamoloti to‘g‘risidagi falsafiy konsepsiyalari ochib berilgan;
Forobiyning olamni bilishda aqlning roli masalasi, aql darajalari (imkoniy aql, voqeiy aql, foydalanuvchi aql, faol aql) to‘g‘risidagi g‘oyalari o‘rta asr islom falsafasida ilk bor falsafiy muomalaga kiritilganligi isbotlangan;
Forobiy ta’limotida izohlangan olamni aqliy bilishda inson intellektining epistemologik jihatlari ochib berilgan;
Forobiy asarlaridagi aql tushunchasining inson aqliy salohiyatini yuksaltirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi o‘ziga xos jihatlari ilmiy-falsafiy nuqtai nazardan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Abu Nasr Forobiyning aql, olamni bilish masalalari, aql darajalariga oid qarashlari jamiyat ravnaqi, xususan inson kamolotiga ijobiy ta’sirining namoyon bo‘lishi, ularni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ijtimoiy-falsafiy takliflar asosida:
Forobiy asarlaridagi «Aql» tushunchasining darajalari, tasniflari (milliy, klassik) mezonlari (ratsionallik, ilmiylik)ning kategorial asoslari, aql falsafasining ratsional, tadrijiy va ijtimoiy mohiyati, uning ijtimoiy voqelikni idrok etish va baholash munosabatlari borasidagi takliflaridan Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazida Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan taqdim etilgan BMV-F1-003 raqamli «Sharq renessansi davri allomalari va mutaffakirlari asarlarining ilmiy-falsafiy va badiiy lingvistik tadqiqi» mavzuidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining 2017 yil 19 iyuldagi 01/02-573-son ma’lumotnomasi). Natijada nashrga tayyorlangan qator kitoblar mazmunini boytishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
insonning poklangan qalbi va kamoloti haqidagi bilim hamda olamni bilishda shaxs kamoloti kabi falsafiy fikrlardan «Sharq renessansining davri allomalari va mutaffakirlarining ilmiy-falsafiy merosi» nomli kitobning 24, 66, 91, 92, 93, 110, 111, 124, 125-betlarida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining 2017 yil 19 iyuldagi 01/02-573-son ma’lumotnomasi). Natijalarning amaliyotga joriy etilishi, xususan, O‘zbekistonda buyuk merosini o‘rganishga bo‘lgan harakatlar dasturini keng miqyosda ishlab chiqish yuzasidan berilgan nazariy xulosalar, amaliy takliflar xalqimizning qalbi, ruhiyati, ma’naviy olamini boyitishga qaratilgan bilimlarini kuchaytirish va bu boradagi ilmiy-nazariy qo‘llanmalarga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga xizmat qilgan;
Forobiyning olamni bilishda aqlning roli masalasida va aql darajalari (passiv va faol) to‘g‘risidagi qarashlari zamonaviy falsafiy metodlar (tarixiylik, analiz va sintez, tizimli yondashuv) asosida uning bilish nazariyasi, olamni bilishda inson aqlining darajalari (passiv va faol) tarixiy-falsafiy mavzu sifatida ilk bor ratsionallik asosida ishlab chiqilgan g‘oyalardan «Kamolot» YoIH faoliyati doirasida ajdodlarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbirlarda foydalanilgan («Kamolot» YoIH Markaziy kengashining 2017 yil 7 martdagi 02-06/240-son ma’lumotnomasi). Bu mamlakatimiz yoshlarining ajdodlarimiz merosi, ularning hozirgi kun yoshlarining ma’naviy-axloqiy tarbiyasidagi ijobiy ta’siri borasidagi bilim darajasi, ularni o‘rganishga bo‘lgan xatti-harakatlarni keng miqyosda rivojlantirish va aqliy salohiyatini yuksaltirish imkonini bergan.