Allayarova Nargiza Imamnazarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Tadbirkorlik faoliyatida elektron hujjatning fuqarolik-huquqiy rejimi: O‘zbekiston va Qozog‘iston tajribasi”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xucuciy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Yu630.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Ro‘zinazarov Shuxrat Nuralievich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Raxmankulova Nilufar Xodji-Akbarovna, yuridik fanlar doktori, dotsent; Paluaniyazov Xalmuxammed Aitjanovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston va Qozog‘iston tajribasini inobatga olib, tadbirkorlik faoliyatida elektron hujjatning fuqarolik-huquqiy rejimini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
farmoyishni jo‘natuvchining elektron raqamli imzosi yoki harflar, raqamlar yoki ramzlar uyg‘unligidan iborat noyob identifikator yoxud to‘lov xizmatlarini etkazib beruvchi tomonidan to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchini identifikatsiyalash uchun belgilangan hamda u bilan kelishilgan boshqa identifikator (shaxsiy parol`, bir martalik identifikatsiya kodi, biometrik identifikatsiyalash vositasi) identifikatsiya vositasi hisoblanishi asoslangan;
to‘lov xizmatlarini etkazib beruvchi to‘lov xizmati ko‘rsatilganidan so‘ng to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga to‘lov xizmati ko‘rsatilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatni qog‘ozda yoki elektron shaklda taqdim etishi zarurligi, shuningdek to‘lov xizmatlari ko‘rsatilganligini tasdiqlovchi hujjatning mazmuniga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanishi asoslangan;
to‘lov hujjati qog‘ozda tuzilgan yoki elektron shaklda shakllantirilgan hujjat hisoblanishi, to‘lov uning asosida yoki yordamida amalga oshirilishi, to‘lov hujjatlarining shakllari, majburiy rekvizitlari va ularning mazmuniga doir boshqa talablar, elektron to‘lov vositalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilishi asoslab berilgan;
elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlarini olish uchun jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning rahbarlari tomonidan elektron hisoblash mashinasi vositasida elektron raqamli imzo yopiq kalitini yaratish va saqlash imkoniyatini ta’minlab beruvchi vakolatli organ rasmiy veb-sayti rasmiy axborot resursi hisoblanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadbirkorlik faoliyatida elektron hujjatning fuqarolik-huquqiy rejimi: O‘zbekiston va Qozog‘iston tajribasi mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
farmoyishni jo‘natuvchining elektron raqamli imzosi yoki harflar, raqamlar yoki ramzlar uyg‘unligidan iborat noyob identifikator yoxud to‘lov xizmatlarini etkazib beruvchi tomonidan to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchini identifikatsiyalash uchun belgilangan hamda u bilan kelishilgan boshqa identifikator (shaxsiy parol`, bir martalik identifikatsiya kodi, biometrik identifikatsiyalash vositasi) identifikatsiya vositasi hisoblanishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi “To‘lovlar va to‘lov tizimlari”gi O‘RQ-578-son Qonunining 4-moddasi 4-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021 yil 6 dekabrdagi 12-son dalolatnomasi). Ushbu taklif to‘lovlarni amalga oshirishdagi identifikatsiya vositasi tushunchasi va turlari qonunchilikda mustahkamlanishiga imkon bergan;
to‘lov xizmatlarini etkazib beruvchi to‘lov xizmati ko‘rsatilganidan so‘ng to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga to‘lov xizmati ko‘rsatilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatni qog‘ozda yoki elektron shaklda taqdim etishi zarurligi, shuningdek to‘lov xizmatlari ko‘rsatilganligini tasdiqlovchi hujjatning mazmuniga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari”gi O‘RQ-578-son Qonuni 17-moddasi ettinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021 yil 6 dekabrdagi 12-son dalolatnomasi). Ushbu taklif to‘lov xizmatlari ko‘rsatishga oid talablar va bunday xizmatlarni elektron hujjat aylanishi orqali rasmiylashtirish tartibi belgilanishiga xizmat qilgan;
to‘lov hujjati qog‘ozda tuzilgan yoki elektron shaklda shakllantirilgan hujjat hisoblanishi, to‘lov uning asosida yoki yordamida amalga oshirilishi, to‘lov hujjatlarining shakllari, majburiy rekvizitlari va ularning mazmuniga doir boshqa talablar, elektron to‘lov vositalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilishi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari”gi O‘RQ-578-son Qonuni 33-moddasi birinchi va uchinchi qismlarini shakllantirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021 yil 6 dekabrdagi 12-son dalolatnomasi). Ushbu takliflar to‘lov hujjati tushunchasi qonunchilik darajasida mustahkamlanishiga va uning mazmuniga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiquvchi davlat organi belgilanishiga xizmat qilgan;
elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlarini olish uchun jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning rahbarlari tomonidan elektron hisoblash mashinasi vositasida elektron raqamli imzo yopiq kalitini yaratish va saqlash imkoniyatini ta’minlab beruvchi vakolatli organ rasmiy veb-sayti rasmiy axborot resursi hisoblanishi to‘g‘risidagi taklif Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 348-son Qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatlari markazlari yoki onlayn tarzda (masofadan turib) rasmiy axborot resurslari orqali elektron raqamli imzo kalitini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 dekabrdagi 773-son Qarori bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 3 dekabrdagi 12/21-50-son dalolatnomasi). Ushbu taklif elektron raqamli imzodan foydalanish bo‘yicha rasmiy axborot resursi sifatida onlayn platforma belgilanishiga xizmat qilgan.