Turdibekov Mo‘min To‘raevichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Shimoliy Tojikiston toponimlarining tarixiy-lingvistik xususiyatlari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Fil408.
Ilmiy maslahatchi: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Sobirov Abdulhay Shukurovich, filologiya fanlari doktori, professor; Yo‘ldoshev Ibrohim Jo‘raevich, filologiya fanlari doktori, professor; Ulug‘ov Nosirjon, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot:  Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Shimoliy Tojikiston toponimlarining kelib chiqish omillari, nomlanish sabablari, leksik-semantik va onomastik-grammatik, etimologik-etnolingvistik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.  
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Shimoliy Tojikiston toponimlarining xalq tarixi, madaniyati, ijtimoiy munosabat va tabiiy sharoit bilan bog‘liq semantik, o‘z va o‘zlashma qatlamga munosabatining lingvistik xususiyatlari ochib berilgan;
Shimoliy Tojikiston toponimiyasiga mansub O‘ratepa, G‘onchi, Patar, Sirdaryo, Xujand kabi atoqli otlarning etimologik xususiyatlari Xitoy solnomalari, Mug‘ tog‘idan topilgan so‘g‘d hujjatlari, Sharafidin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Z.M.Boburning “Boburnoma” asarlari asosida oydinlashtirilgan;  
Shimoliy Tojikiston joy nomlarining etimologiyasi, toponimik ma’nosi, fonetik, morfemik va morfologik modellari, ularning shakllanishi hamda yasalishiga oid diaxron va sinxron xususiyatlari hozirgi o‘zbek tili toponimikasi nazariyasiga muvofiq aniqlangan;
Shimoliy Tojikiston hududidagi joy nomlarining etnotoponim, antropotoponim, gidrotoponim, fitotoponim, kasb-kor atamalari asosida shakllangan semantik tiplari dalillanib, toponimlar onomastik tamoyil va me’yorlarga mos holda ularning lingvistik tabiatiga xos lisoniy, asos+qo‘shimcha, asos+asos, asos+asos+qo‘shimcha tarkibli onomastik-morfemik; ot+sifat, ot+ot, ot+fe’l, sifat+ot, son+ot modelli onomastik-morfologik; affiksatsiya, konversiya, transonimizatsiya bilan bog‘liq onomastik-derivatsion xususiyatlari ochib berilgan;
Shimoliy Tojikiston toponimlarining shakllanishida urug‘ nomlari, geografik ob’ekt nomlari, antroponimlar, gidronimlar asos bo‘lganligi, Shimoliy Tojikiston umumiy toponimik birliklarning ko‘pchiligi turkiy etnonimlar asosida yasalgani dalillangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Shimoliy Tojikiston turkiy toponimlarining leksik-grammatik, etimologik va lingvistik tadqiqi jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
Shimoliy Tojikiston hududidagi joy nomlarining etnotoponim, antropotoponim, gidrotoponim, fitotoponim, kasb-kor atamalari asosida shakllangan semantik tiplari; toponimlarning onomastik-morfemik, onomastik-morfologik, onomastik-derivatsion xususiyatlari yuzasidan bildirilgan xulosalaridan RZ-2020042022 raqamli “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” (2018-2021) ilmiy-amaliy loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 5 iyuldagi 01/6-2227-son ma’lumotnomasi). Natijada yasalish hodisasining toponimlarga tegishli xususiyatlarini yoritish, tavsiflashning mukammallashuviga erishilgan;
Shimoliy Tojikiston toponimiyasiga mansub Ustravshan, O‘ratepa, G‘onchi, Patar, Sirdaryo, Xujand kabi atoqli otlarning ilmiy manbalar asosidagi etimologik xususiyatlari talqiniga doir xulosalaridan 2018-2020-yillarda bajarilgan PZ-20170927147 raqamli “Qadimgi davrlardan XIV asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” mavzusidagi amaliy loyihaning bajarilishida foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 13 maydagi 04/1-932-son ma’lumotnomasi). Natijada tarixiy toponimlarda taraqqiy etib kelayotgan tarixiy-fol`kloriy jarayonning muhim xususiyatlari mavjudligi, toponimik materiallar bergan ma’lumotlar yordamida epik syujetning an’anaviylashish jarayoni va uning tarkibidagi asosiy motivlar genezisi masalalarini ilmiy asoslarda yoritish imkoni ta’minlangan;
Shimoliy Tojikiston toponimlarining xalq tarixi, madaniyati, ijtimoiy munosabat va tabiiy sharoit bilan bog‘liq semantik, o‘z va o‘zlashma qatlamga munosabatining lingvistik xususiyatlari, toponimlarning shakllanishida urug‘ nomlari, geografik ob’ekt nomlari, antroponimlar, gidronimlar asos bo‘lganligi, Shimoliy Tojikiston toponimlarining ko‘pchiligi turkiy etnonimlar asosida yasalgani xususidagi xulosalardan 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan OT-F1-029 raqamli “O‘zbek davlatchiligi tarixida sug‘diy til va yozuvining tutgan o‘rni (mil.av. II – milodiy XII asrlar)” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 3 iyundagi 15-1079-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek davlatchiligi tarixi, til va yozuv munosabati masalasining faktik materiallar bilan asoslanishi uchun manba sifatida xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish