Suyunov Baxodir Turdievichning 
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tibbiy terminlar semantikasi va tezaurusi”,     10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSs/Fil247.
Ilmiy rahbar: Xolmanova Zulxumor Turdievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01 (bir martalik ilmiy kengash).
Rasmiy opponentlar: Normamatov Sultonbek Ermamatovich, filologiya fanlari doktori, professor; Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor; Umarova Nargizaxon Rustamovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.    
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klor instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy-nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili tibbiy terminlarini kompyuter texnologiyalari asosida tizimlashtirish, tibbiy terminlar semantikasini, terminlararo semantik munosabatlarni tezaurus modellari orqali ochib berish, o‘zbek tili tibbiy terminlari tezaurusi (Uzmedtezaurus) lingvistik ta’minotini yaratishdan  iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
o‘zlashgan qatlamga oid tibbiy terminlar semantikasini yoritishda va terminlararo mazmuniy munosabatlarni aniqlashda semantik maydon asosidagi tezaurus modelining lingvistik muhim qiymatga ega ekanligi ochib  berilgan;  
o‘z qatlamga oid tibbiy terminlarning til sohibi lisoniy ongi, tafakkuri bilan aloqadorligi, umumiste’mol so‘zlari bilan mazmuniy munosabatda bo‘lishi, semantik qolip asosidagi tezaurus modeli asosida tavsiflash maqsadga muvofiqligi  asoslangan;
o‘zbek tili tibbiy terminlari semantik  maydon asosida tekshirilgan,  terminlararo gipo-giperonimik, partonimik munosabatlar aniqlanib, o‘zbek tili tibbiy terminlarining semantik paradigma asosidagi, kollokatsiy usulidagi  etimologik jihatlari ochib berilgan;   
semantik tarmoq tezaurus modeli asosida tibbiy terminlar morfologik belgisi,  talaffuzi, semantik tarkibi (asl ma’nosi, ko‘chma ma’nosi), omonimi, sinonimi, antonimi, giperonimi, giponimi, etimologiyasi, o‘zakdoshlari, frazeologizmlar, birikmalar komponenti sifatida qo‘llanishi, boshqa tillardagi varianti kabi standart belgilari ochib berilgan;
o‘zbek tilshunosligida ilk bor tibbiyot sohasidagi lakunalarning shevalardagi asosi to‘planib, lingvistik bazaga kiritilgan, o‘zbek tili tibbiy terminlari tezaurusi (Uzmedtezaurus) ma’lumotlar bazasining lingvistik ta’minoti yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tili tibbiy terminlari semantikasi va tezaurusi tahlili bo‘yicha ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya va ishlanmalar asosida:      
davlat tilini rivojlantirish maqsadida ona tilimizga yangi so‘z hamda terminlarning tatbiq etilishi, xorijiy tibbiy terminlarning o‘zbekcha muqobillarini shakllantirish yuzasidan berilgan tavsiyalar, tibbiy terminlar semantikasi, terminlar o‘rtasidagi aloqadorlik, gipo-giperonimik munosabatlar haqidagi nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan  PZ-20170927147 raqamli “Qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi”(2018-2020 y.y. ) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 9 fevraldagi 01/4-241-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘p asrlik o‘zbek tilining shakllanish va rivojlanish bosqichlarida muhim omil hisoblangan mumtoz manbalardagi tibbiy terminlarning bugungi kundagi o‘zbek tili lug‘at fondiga ta’siri, amaliy ahamiyatini ko‘rsatish bo‘yicha xulosalar chiqarishga asos bo‘lgan;   
    tildagi tibbiy terminlar semantikasi va tezaurusi (lug‘at qatlami), lakunar birliklar pragmatikasi, o‘zbekcha tibbiy terminlarning o‘ziga xos milliy-madaniy xususiyatlari bilan bog‘liq masalalar, shuningdek o‘zbekcha, arabcha va tojikcha tibbiy terminlarning semantikasi, lingvistik xususiyatlari, asl va ko‘chma ma’nolari, talaffuz etilishi bilan bog‘liq tushunchalar tadqiq etilgani, o‘zbek tilida tibbiy terminlarning tezaurusi (elektron lug‘ati), lakunalari lug‘atini shakllantirish va shu asosda o‘zbek tilidagi tibbiy terminlar elektron korpusini yaratishga oid ilmiy- nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan  OT-A1-018 raqamli “O‘zbek tili va uning tarjimasi bilan bog‘liq elektron va bank-moliya terminlarining ko‘p tilli lug‘atlarini yaratish” (2017-2018 y.y.) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 11 apreldagi 04/1-650-son ma’lumotnomasi). Natijada, bank-moliya terminlarining ko‘p tilli elektron lug‘atlarini yaratish va ularning tarjimasi bilan bog‘liq masalalar ilmiy-nazariy jihatdan boyitilgan;
    tibbiy terminlar shakllanishining lingvomadaniy asoslari, tibbiy terminlarning etimologiyasi va tarixiy taraqqiyoti, tibbiyot sohasidagi lakunar birliklarning dialektal asoslari hamda mazkur lakunalarning etnolingvistik tabiatini dalillashga doir xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq 
gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot intitutida bajarilgan FA-F1-005 raqamli “Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” (2017-2020y.y.) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (O‘zFA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2022 yil 20 apreldagi 17.01/97-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘zbek va qoraqalpoq tili tibbiy terminologiyasi tarixini takomillashtirishga oid materiallarning mazmuni mukammallashgan; 
    tibbiy terminlarning o‘z qatlam hisobiga boyishi, shevalarda o‘zbek adabiy tilida va xalqaro doirada nomlanmaydigan tibbiyotga oid tushunchalarning atamasi mavjudligi, ularni qo‘llash va keng yoyish, kasallik mohiyatini anglashda so‘z semantikasiga asoslanish muhimligi haqidagi xulosa va tavsiyalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zMTRK “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2022 yil 4 martdagi 06-31-543-son ma’lumotnomasi). Natijada, dastur uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni nazariy va amaliy ma’lumotlar bilan boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish