Mashrapov Xusniddin Tursunalievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sun’iy va tabiiy sharoitlarda g‘o‘zaning Verticillium dahliae Kleban bilan kasallanish xususiyatini o‘rganish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Qx178.
Ilmiy rahbar: Usmanov Sergey Anvarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jalik instituti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Rahmonqulov Said-Akbar Raxmonqulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Mamarahimov Bunyod Ikromovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sun’iy va tabiiy infeksion sharoitlarda o‘rta tolali g‘o‘za navlari, tizmalari va oilalarida V.dahliae zamburug‘i bilan kasallanish xususiyatlarini aniqlash va ushbu kasalliklarga bardoshli seleksion ashyolarni yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor turli navlarning zararlangan o‘simliklaridan ajratib olingan V.dahliae zamburug‘ izolyatlari bilan sun’iy infeksion sharoitda o‘simliklarni inokulyasiya qilish asosida navlar, tizmalar va duragaylarni genotipik bardoshligi aniqlangan;
turli V.dahliae izolyatlari bilan zararlangan sun’iy infeksion sharoitda g‘o‘zaning F1-F2 duragay o‘simliklarini ota-ona shakllariga nisbatan genotipik bardoshliligini inobatga olgan holda V.dahliae zamburug‘iga bardoshliligini irsiylanishi va o‘zgaruvchanligi aniqlangan;
sun’iy infeksion sharoitda o‘simliklarning zararlanish darajasi tabiiy infeksion sharoitga nisbatan ijobiy natijalar olish mumkinligi isbotlangan;
ko‘p omilli dispersion tahlillar asosida, chigitlarni lazer nuri bilan nurlantirilganda V.dahliae zamburug‘iga g‘o‘zaning bardoshlilik darajasini oshishi aniqlangan;
sun’iy va tabiiy infeksion sharoitlarida o‘simliklarni V.dahliae zamburug‘iga bardoshliligini va boshqa qimmatli xo‘jalik belgilari asosida g‘o‘zaning T-35, T-36, T-37 tizmalari va SP-7703 navi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘zaning seleksion ashyolarini sun’iy va tabiiy infeksion sharoitlarda vertisillyoz vilt kasalligi bilan zararlanishini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
V.dahliae zamburug‘iga bardoshli o‘rta tolali g‘o‘zaning «SP-7703» navi 2017 yilda Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasidan navdorlik bo‘yicha sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan (Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2018 yil 15 yanvardagi 53-4/27-son ma’lumotnomasi). Natijada vertisillyoz vilt kasalligiga bardoshli oilalar, tizma va navlarni yaratishda ajratilgan yuqori virulentlik xususiyatiga ega bo‘lgan V.dahliae zamburug‘ izolyatlari qo‘llanilmoqda;
vertisillyoz vilt kasalligiga bardoshli va boshqa qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan, serhosil, tola chiqimi hamda sifati yuqori g‘o‘zaning o‘rta tolali «SP-7703» navi va T-35, T-36, T-37 tizmalari yaratilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 10 fevraldagi 02/20-97-son ma’lumotnomasi). Yaratilgan o‘rta tolali g‘o‘za navlariga mansub tizmalar amaliy seleksiya jarayonida boshlang‘ich ashyo sifatida keng foydalanib kelinmoqda.