Mavlyanova Zilola Farxadovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalar bosh miya falajligi bilan bolalarda nevrologik va nutritiv statusning o‘zaro bog‘liqligi (klinika, diagnostika, reabilitatsiya)», 14.00.13 – Nevrologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/Tib461.
Ilmiy rahbar: Djurabekova Aziza Taxirovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.31.01.
Rasmiy opponentlar: Shamansurov Shoanvar Shamuratovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Sadikova Gul`chexra Kabulovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Zavadenko Nikolay Nikolaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi).
Yetakchi tashkilot: Boshkirdiston davlat tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi)
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bolalar bosh miya falajligi (BBMF) bilan og‘rigan bolalarni nutritiv holati xususiyatlarini hisobga olgan holda, kompleks davolash yondoshuvlarini modifikatsiya qilish orqali ularda olib boriladigan reabilitatsiya/abilitatsiya natijalarini yaxshilash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bolalar bosh miya falaji topografik shakliga bog‘liq holda kasallikni klinik-nevrologik buzilishlari bilan antropomorfometrik status orasida bog‘liqlik aniqlangan;
bolalar bosh miya falajligi bilan og‘rigan bolalarda nutritiv statusni qo‘llab-quvvatlovchi individual reabilitatsiya dasturi bo‘yicha o‘tkazilgan davo hisobiga bemorlarning ijtimoiy-maishiy moslashuvi samaradorligi oshishi isbotlangan;
ilk bor bolalar bosh miya falajligi bilan og‘rigan bolalarda statolokomotor, kognitiv-kommunikativ komponentlar, kasallikni topografik turlari hamda nutritiv xususiyatlari o‘zaro bog‘liqligi aniqlangan;
bolalar bosh miya falajligida energiya substratlari, mikroelementlar etishmasligi hisobiga gipotrofiya/gipostatura turlari bo‘yicha rivojlanishini guruhlarga ajratuvchi prognostik universal skrining orqali malnutrisiya xavfi baholangan;
ilk bor bolalar bosh miya falajligi bilan og‘rigan bolalarda malnutrisiya darajasi biokimyoviy prediktorlari (transferrin, 25-OH Vitamin D, limfotsitlar absolyut soni) aniqlangan va ko‘rsatkichlar pasayishi hisobiga nevrologik status og‘irlashishi isbotlangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Bolalar bosh miya falajligi bilan bolalarda nutritiv statusni tuzatish fonida reabilitatsiya/abilitatsiya samaradorligini baholashda olingan ilmiy natijalarga asosida:
bolalar bosh miya falajligi bilan og‘rigan bolalarda oqsil-energetik etishmovchiligining rivojlanishini prognozlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Serebral falajlik bilan og‘rigan bolalarda oqsil-energetik etishmovchiligi darajasini aniqlash va uni korreksiyalash taktikasi usullari» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 30 sentyabrdagi 8n-z/495-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma bolalar bosh miya falajligi bilan og‘rigan bolalarda nutritiv statusni korreksiyalashda yuqori samarali natijaga erishish va jismoniy harakat faolligi yaxshilangan bolalar ulushini oshirish imkonini bergan;
bolalar bosh miya falajligi bilan og‘rigan bolalarda individual reabilitatsiyasida nutritiv statusni korreksiyalash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Bolalar bosh miya falajligida nutritiv status korreksiyasini qo‘shgan holda reabilitatsiya qilish algoritmi» (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 30 sentyabrdagi 8n-z/495-son ma’lumotnomasi) nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan. Mazkur uslubiy tavsiyanoma bolalar bosh miya falajligi bilan og‘rigan bolalarda dorilar bilan davolanish holatlarini kamayishi, somatik statusini oshirish, shifokorga bo‘lgan murojatlar sonini kamaytirish, hayot sifati va ijtimoiy moslashuv natijalarini yaxshilash imkonini bergan;
bolalar bosh miya falajligi bilan og‘rigan bemorlarda oqsil-energiya etishmovchiligi darajasini aniqlash va uni tuzatish taktikasi, bemorlarni reabilitatsiya qilish algoritmi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Navoiy viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, U.Q.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar psixonevrologik shifoxonasi, Andijon viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Buxoro viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi amaliyotlariga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 20 dekabrdagi 08-40307-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari amaliyotga bolalar bosh miya falajligi bilan og‘rigan bolalarda nutritiv statusni korreksiyalovchi reabilitatsiya chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqishga olib keldi, bu esa klinik-nevrologik buzilishlarni pasaytirish, antropometrik ko‘rsatkichlarni yaxshilash, oqsil-energetik etishmovchilikni bartaraf etish va bemorlar hayot sifatini yaxshilash imkonini berdi.