Asqarov Mashhurbek Ergashboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda er-suv islohotining o‘tkazilishi va uning oqibatlari (1925-1929 yillar)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tar12.
Ilmiy rahbar: Alimov Ibrohimjon Abdugapparovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti. PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Abdulla Nuritdinovich, tarix fanlari doktori, professor; Arslonzoda Rahmatjon Arslonboevich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda 1925-1929 yillarda o‘tkazilgan er-suv islohotining bosqichlari va uning xususiyatlarini, islohotning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
islohot arafasida “18 lar guruhi” deb atalgan milliy davlat arboblarining islohotni o‘tkazishda erdan baravar foydalanish amaliyotidan ehtiyot bo‘lish, tovar-pul munosabatlari imkoniyatidan to‘la foydalanish, badavlat dehqonlarga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish kabi sovet hukumati siyosatiga nisbatan muholif qarashlari ochib berilgan;
sovet hokimiyatining O‘zbekistondagi er-suv islohoti jarayonida qishloqni ijtimoiy qayta qurishning er egalaridan er, ish hayvoni va asbob uskunalarni pulga sotib olib rozi qilish kabi tarixiy jihatdan sinalgan iqtisodiy shakli va ixtiyoriylik, xususiy mulk dahlsizligi singari tamoyillarini inkor etgani holda, mulkdorlarga tazyiq o‘tkazish, majburlash, tahdid qilish, musodara, tortib olish, qamoqqa olish kabi zo‘ravonlik usullarini tatbiq etgani ochib berilgan;
Farg‘ona, Toshkent va Samarqand oblastlaridagi islohot jarayonida sovet hukumatining vaqf mulklari borasidagi keskin choralari qishloq aholisining qattiq noroziligiga sabab bo‘lgani, bundan tegishli xulosa chiqarilgan holda, Zarafshon oblastidagi islohot davomida vaqf mulklariga nisbatan ancha ehtiyotkor siyosat oblastdagi er-suv islohotining o‘ziga xos xususiyatlardan biri sifatida dalillangan;
er-suv islohoti jarayonida katta er egalari bilan bir qatorda o‘rtahol, hatto kambag‘al dehqon xo‘jaliklarining ham asossiz ravishda tugatib yuborilgani, qishloqning turli qatlamlari o‘rtasida “sinfiy kurash” niqobi ostida o‘zaro dushmanlik, adovat kayfiyatining yuzaga keltirilgani aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1925-1929 yillar davriy chegarasida O‘zbekistonda o‘tkazilgan er-suv islohoti va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va ilgari surilgan takliflar asosida:
islohot arafasida “18 lar guruhi” deb atalgan milliy davlat arboblarining islohotni o‘tkazishda erdan baravar foydalanish amaliyotidan ehtiyot bo‘lish, tovar-pul munosabatlari imkoniyatidan to‘la foydalanish, badavlat dehqonlarga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish kabi sovet hukumati siyosatiga nisbatan muholif qarashlari ochib berilganligi, sovet hokimiyatining O‘zbekistondagi er-suv islohoti jarayonida qishloqni ijtimoiy qayta qurishning er egalaridan er, ish hayvoni va asbob uskunalarni pulga sotib olib rozi qilish kabi tarixiy jihatdan sinalgan iqtisodiy shakli va ixtiyoriylik, xususiy mulk dahlsizligi singari tamoyillarini inkor etgani holda, mulkdorlarga tazyiq o‘tkazish, majburlash, tahdid qilish, musodara, tortib olish, qamoqqa olish kabi zo‘ravonlik usullarini tatbiq etgani ochib berilganligi yuzasidan taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti va Andijon davlat universitetida “O‘zbekiston tarixi”, “Suv xo‘jaligi va melioratsiya ishi” fanlarini o‘qitishda qo‘llanilgan hamda mazkur fanlarni statistik materiallar, manbalar va ma’lumotlar bilan to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 26 maydagi 89-03-2058-son ma’lumotnomasi). Ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarining tatbiq etilishi respublikamiz hududida irigatsiya va melioratsiya sohasidagi yirik qurilish ob’ektlari, siyosiy-ijtimoiy sharoitlari, tabiiy resurslarini boshqarishga bo‘lgan yondashuvlarni chuqurroq o‘rganish va tahlil qilish, xalqimizning sug‘orish va melioratsiya sohasida asrlar davomida yuqori tajribaga va etuk malakaga ega bo‘lganligini ilmiy asoslashga xizmat qilgan;
Farg‘ona, Toshkent va Samarqand oblastlaridagi islohot jarayonida sovet hukumatining vaqf mulklari borasidagi keskin choralari qishloq aholisining qattiq noroziligiga sabab bo‘lgani, bundan tegishli xulosa chiqarilgan holda, Zarafshon oblastidagi islohot davomida vaqf mulklariga nisbatan ancha ehtiyotkor siyosat oblastdagi er-suv islohotining o‘ziga xos xususiyatlardan biri sifatida dalillanganligi, er-suv islohoti jarayonida katta er egalari bilan bir qatorda o‘rtahol, hatto kambag‘al dehqon xo‘jaliklarining ham asossiz ravishda tugatib yuborilgani, qishloqning turli qatlamlari o‘rtasida “sinfiy kurash” niqobi ostida o‘zaro dushmanlik, adovat kayfiyatining yuzaga keltirilgani aniqlanganligi kabi xulosalar Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havzasi boshqarmasi texnik arxivi fondini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 18 noyabrdagi 03-27-3364-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar arxiv fondlarini boyitish va takomillashtirishga xizmat qilgan.