Mamajanov Azizbek Alisher o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasi sanoati tarixi va uning o‘ziga hos jihatlari (1991-2020 yillar)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4PhD/Tar765.
Ilmiy rahbar: Komilov Oybek Kamilovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti. PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Ermetov Avazbek Abdullaevich tarix fanlari doktori, professor, Sharafiddinov Abdug‘affor, tarix fanlari nomzodi, dotsent
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqot maqsadi: maqsadi 1991-2020 yillar davriy chegarasida O‘zbekiston sanoati rivojlanishining tarixiy aspekti, uning ustuvor yo‘nalishlari hamda o‘ziga xos jihatlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sovetcha rejali iqtisodiyotning hukmronligi oqibatida O‘zbekistonda zamonaviy ishlab chiqarish usullarining sanoat sohasiga deyarli tatbiq etilmaganligi, korxonalarning asbob-uskunalar bilan ta’minlanish borasida respublikaning markazga qaramligini kuchayib borganligi, iqtisodiy jabhadagi qonunlarning aksar hollarda ma’muriy - buyruqbozlik usuliga qaratilganligi, kadrlar malakasi, tajribasi va ularning ishchanlik qobiliyatining talabga muvofiq emasligi asoslangan;
mustaqillikning dastlabki davridanoq mamlakatda keng ko‘lamli va bosqichma-bosqich tizimli islohotlarning o‘tkazilishi, sanoatni mahalliylashtirish jarayonlarini uch bosqichda o‘tkazilganligi, iqtisodiy siyosat va sohaga doir qabul qilingan davlat dasturlari o‘z navbatida sanoat iqtisodiyoti taraqqiyotiga sezilarli hissa qo‘shganligi, muhim tarmoqlar - energetika, oltin qazib chiqarish hamda rangli metallurgiya sohalariga hukumatning jiddiy e’tibori tufayli respublikada ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikning ta’minlanganligi dalillangan;
respublikadagi neft` va gaz sanoati korxonalarining faoliyati aynan yoqilg‘i-energetika strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirishga yo‘naltirilganligi, aynan shu maqsadlarga erishishda suyuq uglevodorod qazib olishni ko‘paytirish sohasida ishlab chiqilgan innovatsion ish uslublarining tarmoqda ishlab chiqarish quvvatining o‘sishiga sezilarli hissa qo‘shganligi isbotlangan;
engil sanoatning rivojlantirilishi, eng avvalo, to‘qimachilik korxonalarining yagona texnik, moliyaviy tarmog‘ini tashkil etishga qaratilganligi, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini orttirganligi, bu maqsadga erishish yo‘lida tarmoqda kelishilgan investisiya siyosatini o‘tkazish, unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb etish hamda ilg‘or sanoat texnologiyalarini joriy etilishi natijasida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilganligi va ularning hududlar iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shganligi ochib berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “O‘zbekiston Respublikasi sanoati tarixi va uning o‘ziga hos jihatlari (1991-2020 yillar)” mavzusi bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika sanoatining rivojlanishi, yoqilg‘i ishlab chiqarish hajmining tobora ortib borishiga doir materiallaridan Germaniya Federativ Respublikasi Bremen shahridagi ilmiy va malaka oshirish markazining “Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanishida yoqilg‘i-energetika sanoatining o‘rni” nomli hisobotini birlamchi manbalar va statistik materiallar bilan qayta shakllantirishda foydalanilgan (Germaniya Federativ Respublikasi Bremen shahridagi A&A Ausbulding und Arbeit Plus GmbH tashkilotining 2021 yil 15 avgustidagi tasdiqlovchi sertifikati). Qo‘llanilgan tadqiqot natijalari o‘z navbatida O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika sanoati bo‘yicha tarixiy ma’lumotlarni oydinlashtirishga hissa qo‘shgan;
mustaqillik yillarida mamlakatda engil sanoat korxonalarining barpo etilishi, ularda mahsulotlar ishlab chiqarish hajmining ortib borishiga doir tadqiqot materiallaridan O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi joriy arxivining “O‘zbekiston engil sanoati yutuqlari” nomli yig‘ma jildini birlamchi manbalar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston savdo-sanoat palatasining 2021 yil 5 noyabrdagi 140-11-79-son ma’lumotnomasi). Natijada, respublikada mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab iqtisodiyotning asosiy negizi bo‘lgan engil sanoat korxonalari barpo etishga doir amalga oshirilgan tashabbuslar va sa’y-harakatlar yuzasidan taqdim etilgan dissertatsiya xulosalari tashkilot joriy arxivini tarmoq faoliyatiga oid statistik materiallar bilan to‘ldirishga va yosh avlodni bu boradagi tarixiy bilimlarini chuqurlashtirishga ko‘maklashgan;
mahalliy sanoatni rivojlantirish asosida va eksportbop sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish zarurligi bilan bog‘liq ilmiy natijalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Andijon viloyati qo‘mitasining “O‘zbekiston hududlarining yillik statistik to‘plami”ni birlamchi manbalar bilan qayta shakllantirishga ko‘mak bergan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2021 yil 7 dekabrdagi 01/3-08-15/3-178-son ma’lumotnomasi). Ishda qo‘llanilgan mazkur xulosalar respublika sanoatining taraqqiyoti, qo‘shma korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi, shakllanishi hamda rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlarni umumlashtirishga xizmat qilgan.