Normurodov Oybek Berdimurod o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sayyid Qosimiy masnaviylari poetikasi”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Fil2072
Ilmiy rahbar: Rahmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Guliston davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Fil.91.02.
Rasmiy opponentlar: To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor; Rahmonov Vahob, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Sayyid Qosimiyning “Majma’ ul-axbor”, “Haqiqatnoma”, “Gulshani roz”, “Ilohiynoma” asarlarida til, uslub, an’ana va vorisiylik hamda badiiy mahoratning namoyon bo‘lishini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XV asrning birinchi yarmi o‘zbek adabiyotida noma, g‘azal, doston janrlarining badiiy jihatdan takomillashgani ularning uslubiy, g‘oyaviy, shakliy xususiyatlari asosida ochib berilgan;
Sharq adabiyotida yaratilgan “Xamsa”larning birinchi dostoni va Sayyid Qosimiyning “Majma’ ul-axbor” asari kompozisiyasi, syujeti, badiiylik moduslari nuqtai nazaridan qiyoslanib, turkiy adabiyotda Alisher Navoiygacha ham xamsachilik an’anasining ildizi mavjud ekanligi asoslangan;
Sayyid Qosimiy hikoyatlarida tasavvufiy-falsafiy qarashlarning poetik obraz yaratishda muxim ahamiyat kasb etganligi “muruvvat”, “faqrlik”, “mardlik”, “iymon”, “ishq”, “hushyorlik”, “tavba” kabi tasavvufiy konseptlar, ularning badiiy-estetik vazifalari qiyosiy-tipologik aspekt orqali ochib berilgan;
Sayyid Qosimiy masnaviylari badiiyatining yuqoriligi uning poetik unsurlari, ma’no mutanosibligi, obraz va timsollarning tarixiy-taxayyuliy tadriji, vazn, qofiya hamda badiiy san’atlar rang-barangligi, ohangdagi ritmik variantlashuv mutanosibligi asosida dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sayyid Qosimiy masnaviylari poetikasi tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Sayyid Qosimiyning “Majma’ ul-axbor” (Xabarlar to‘plami), “Gulshani roz” (Sirlar gulshani), “Haqiqatnoma”, “Ilohiynoma” nomli asarlar mavjudligi hamda O‘zbek adabiyoti XV asrda tazkirachilik, tasavvuf ilmi, tarixiy risolalar, nomachilik, yozma dostonchilik, g‘azalnavislik borasida o‘zining rivojlanish cho‘qqisiga erishganligi, bu davrda o‘zbek mumtoz adabiyotida yangi janrlar, uslublar, yo‘nalishlar paydo bo‘lishi yuzasidan chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2017-2020 yillarda amalga oshirilgan OT-G‘1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7 jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 12 maydagi 04/1-913-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur loyiha masnaviylar poetikasi va uning asosiy badiiy-estetik xususiyatlari borasidagi nazariy qarashlar bilan boyigan;
yozma adabiyotda devon yaratish an’anasining shakllanishi, o‘zbek adabiyotida bir qancha yangi janrlarning paydo bo‘lishi, nomachilik, xamsachilik, dostonchilik an’analarining rivoji va uning tarkibidagi asosiy syujet va motivlarning genezisi tadqiq etilishi yuzasidan chiqarilgan nazariy g‘oya va amaliy ahamiyatga ega taklif-tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2018–2020 yillarda bajarilgan PZ-20170927147 raqamli “Qadimgi davrlardan XIV asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 12 maydagi 04/1-914-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek nomachiligi, dostonchiligi, g‘azalchiligi rivojida Sayyid Qosimiy asarlari o‘ziga xos o‘ringa ega ekanligi ochib berilgan;
mutasavviflar haqidagi hikoyatlar, ularning obrazlariga xos xususiyatlari, taraqqiyot bosqichlari borasida chiqarilgan nazariy xulosalardan Sirdaryo viloyati teleradiokompaniyasi va radioeshittirishlar tahririyati “Mutolaa”, “Biz suv ichgan daryolar” ruknidagi ko‘rsatuvlar ssenariysini tayyorlashda foydalangan (Sirdaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2022 yil 25 apreldagi 163-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv va radioeshittirishlarning estetik saviyasi oshishiga, uning auditoriyasi kengayishiga xizmat qilgan.